Yurtimning kamoli…

0
118
marta koʻrilgan.

 * * *

Yoʻlingda toʻrt boʻldi koʻzlarim,

Qaydasan, xabar ber, azizam?

Yoʻlakda ustma-ust izlarim,

Qalbimni togʻ kabi bosdi gʻam.

 

Xayolda aylanar surating,

Tilimda javobsiz soʻroqlar.

Nahotki, yetmasa fursating,

Qiynoq ham boʻlurmi shu qadar?

 

Gung kabi jim turar telefon,

Sadosin kutaman har nafas.

Boʻgʻzimga tiqilar goʻyo jon,

Olam ham koʻzimga tor qafas.

 

Muhabbat – qoʻsh yurak sadosi,

Yolgʻizlik hamisha unga yot.

Yetmasa qalbingning nidosi

Oshiqqa gʻurbatdir bu hayot.

 

Yoʻlingda toʻrt boʻldi koʻzlarim,

Qaydasan, xabar ber, azizam?

Yoʻlakda ustma-ust izlarim,

Qalbimni togʻ kabi bosdi gʻam.

 

* * *

Paygʻambar yoshiga yetdim sogʻ-omon,

Dilimda shukrona, tilimda duo.

Sochlarimda yillar elagan somon,

Koʻzlarimda xira tortgan bu dunyo.

 

Ortda oltmish yillik umr dovoni,

Goho xayollarga tolib qolaman.

Garchi, yuragimda yoshlik armoni,

Hamon goʻzallikka tashna bolaman.

 

Bergan qismatingga roziman, olloh,

Achinmayman, aslo, oʻtgan yoshimga.

Istiqlol quyoshi sochdiyu ziyo

Humo qushi qoʻndi goʻyo boshimga.

 

Yurtimning kamoli kuch-quvvat berdi,

Goʻyoki qaytadan boshladim hayot.

Yorqin kelajakning havasi, dardi

Tinchimas qalbimga baxsh etar sabot.

 

Necha oʻlkalarda qoldi izlarim,

Qancha dasturxondan yedim nonu tuz.

Odamlardan faqat mehr izladim,

Oftob chehralardan oʻgirmadim yuz.

 

Yoʻlimda duch keldi turfa xil odam,

Necha ulugʻ zotlar qoʻlini tutdim.

Kitobda kashf etdim buyuk bir olam,

Unda gʻamlarimni butkul unutdim.

 

Aylanishdan tinmas bu koʻhna dunyo,

Soʻng manzilga yelar umr karvoni.

Fursat oltin bilan tengdir bu asno –

Sarhisob zamoni, hikmat zamoni.

 

Shukrkim, shu yurtda topdim men kamol,

Elim bilan birdir bu jonu tanim.

Yurtdan ayru kimsa topmagay iqbol,

Omon boʻlsin ozod, obod Vatanim!

 

* * *

Taqvimni biz devorlarga osib qoʻydik,

Rangli-rangli qogʻozlarga bosib qoʻydik.

 

U, baribir, sezdirmasdan uchib borar,

Moziy degan bir dengizga koʻchib borar.

 

Varaqlari xuddi kuzgi yaproq misol

Bitta-bitta uchib tushar, biz esa lol.

 

Umr shamʼi asta-sekin erib borar,

Goʻyo yashnab turgan daraxt qurib borar.

 

Birorta qalb oldimikin undan ziyo,

Mevasidan tatidimi doʻstu oshno?

 

Har bir kundan qoldimikin ezgu bir iz,

Shu oʻy meni goho tunlar qiynar yolgʻiz?

 

* * *

B. ga

Yuzingda bahorning tarovati bor,

Qalbingda gul ochar endi muhabbat.

Yasharsan orzular bilan baxtiyor,

Firoq koʻlankasi tushmasin hech vaqt.

 

Muhabbat sehrli, sirli bir olam,

Qadrla visolning lahzalarini.

Gohida shodlikdir, gohida alam,

Qalbingda sezarsan larzalarini.

 

Har koʻngilga mehmon bu bebaho his

Meni ham koʻp erta etgandi asir.

Ammo, yuragimda armonlar yolgʻiz,

Buyuk ishqni ravo koʻrmadi taqdir.

 

Oʻshanda boshlangan hislar parvozi,

Tuygʻular sheʼrimga boʻldilar payvand.

Faqat misralarga toʻkdim dil rozin,

Meni shoir qilgan, aslida, shu dard.

 

Ana, botib borar mening quyoshim,

Alvon ufqlarda koʻzim bu nafas.

Kel, asta koʻksingga qoʻyayin boshim

Va, dunyo gʻamini unutay bir pas.

 

Nosir MUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.