Yurt koʻkida charx urgan humo

0
1867
marta koʻrilgan.

Vatan mehri

 

Parvoz etdim men qushlarga qoʻshilib erkin,

Oq bulutlar peshonamni oʻpdilar silab.

Zamin sehrin shunda qalbga jo etgan edim,

Oq xirmondan har yoqamga tolalar ulab.

 

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Beruniylar, xorazmiylar, kubrolar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Vatan birla millatga jon fidolar yurti!

 

Yangraganda chamanlarda bulbul ovozi,

Gullar abad raqsda bunda, kapalaklar mast.

Sir va Amu – onam mehri tutash daryolar,

Qayga bormay, aziz nurlar jonimga payvast.

 

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Buxoriylar, fargʻoniylar, sinolar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Bizga mangu ijobatli duolar yurti!

 

Vatan mehri – xayollarim uzra billur toj,

Vatan mehri – orzularim ramzi bebaho,

Vatan mehri – iqbolimning oltin kaliti,

Vatan mehri – yurt koʻkida charx urgan humo!

 

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Ulugʻbeklar, termiziylar, daholar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Vatan birla millatga jon fidolar yurti!

 

* * *

 

Erta tong shafagʻiga

Birga bir nazar solsak,

Ajabmas, yangi kundan

Yana juft mehr olsak.

 

Daryodan ikkimiz teng,

Toʻldirsak kaftimizni,

Daryo olis manzilga

Eltgaydir ahdimizni.

 

Sahar gulgʻunchalarga

Ikkov bir tekkizsak qoʻl,

Gulzor boʻstonga doʻnar –

Ishqqa ohanrabo yoʻl.

 

Farzandlarga ikkovlon

Nogahon bir soʻz aytsak,

Albatta, ul qalblardan

Qoʻshsha nur boʻlib qaytar.

 

Hayot shu juft nigohdan

Qudrat olgani yangligʻ,

Olamni koʻrish uchun

Shudir ishq degan yorliq.

 

* * *

 

Poyonsiz oʻrmonlar bagʻrida qoldim,

Bezavol yaxshilik hidiga toʻymay.

Lekin hafta oʻtmay qisliqdi yurak,

Jannat bu oʻramdan bir ilinj tuymay.

 

Abadiyat boʻlib togʻlar rom etdi,

Qoyalar osmonning choʻng ustunlari.

Bunda ham dunyoga sigʻmayin ketdim,

Daraga qamalgan duldul singari.

 

Garchi yeru koʻkka uygʻundir umr,

Lekin har yurakning oʻz tugʻrosi bor.

Men qanday muhitda kim bilan boʻlmay,

Ruhim doim uygʻoq va yoʻlga tayyor.

 

Men – voha oʻgʻliman, talabim – kenglik,

Erkin havolardan toʻqiyman sheʼrlar.

Bor boʻl, maʼno qadar yorqin boʻlgan soʻz,

Bor boʻl, ufq osha yoʻllar va yerlar.

 

Kel, oydin soʻz

 

Bordim – keldim,

Yurdim – turdim.

Dunyo dedim,

Dunyo qurdim,

Elni koʻrdim.

 

Qora qoya,

Pillapoya,

Baxt haqida

Yuz rivoyat,

Ming hikoyat.

 

Men sal oʻzsam,

Qoʻzdi alam,

Kim kimga kim –

Kim hamqadam,

Kim gʻam qadam.

 

Ey mulki lo,

Jon senda jo.

Uygʻoqlarga

Ber tasallo,

Vosil maʼno.

 

Kecha-kunduz

Ming-ming yulduz

Tugʻadir nur,

Kel, oydin soʻz,

Men – yorugʻ yuz.

 

* * *

 

Ey inson, mavqeing toji iymondur,

Iymonli zot mehru ragʻbatga loyiq.

Iymon bu toleing tutgan dasta gul

Mavqeing shul ulugʻ neʼmatga loyiq.

 

Kutma, iymon oʻzi bir kun kelar deb,

Oʻzlikni anglar kun yaqin kelar deb,

Yotma kin, riyoga yakun kelar deb,

Taqdiring qalbingda daʼvatga loyiq.

 

Muhabbat qasriga najib kalit boʻl,

Bul bino gʻishtiga, mayli, qolip boʻl,

Mehr ilmiga sen abad tolib boʻl,

Yor axtar jismu jon, sarvatga loyiq.

 

Yuz yetmish ming pari kelib bir asno,

Har goʻdak qalbga bir dur etarmish jo,

Shul emish butun umr mezoni, illo,

Shulmish ohanrabo – maqsadga loyiq.

 

Jahon sahnidasan soʻzi soz bilan,

Ogoh et elingni loyiq roz bilan,

Yurmagin bosh egib, tund alfoz bilan,

Yoʻl top, Haq – adolat, maqsadga loyiq.

 

Garchi umr fayzi insof, diyonat,

Gunohdir har fisqu fasod, xiyonat,

Hur soʻzning soʻlimi – ramzul qiyomat,

Unga qasd etganlar rihlatga loyiq.

 

Doʻstlar koʻpdir doim yelkadosh boʻlgan,

Elning har vajhiga koʻzu qosh boʻlgan,

Barchaga teng boqqan, elga bosh boʻlgan,

Safda boʻl, har odil daʼvatga loyiq.

 

Zamindan kuch olmish Nuh ham Sulaymon,

Gʻururing toʻsmasin hech dovul, toʻfon,

Koʻrsangu nechalar Haq deya nolon,

Jim ketsang, bu mangu laʼnatga loyiq.

 

Xoja Ahror Valiy, Yassaviy, Kubro,

Puryoy Valiy, Naqshband – Maʼbadi ziyo,

Pirlarga ayondir munda har savdo

Boʻlgil shul inoyat, qudratga loyiq.

 

Nomus-or, gʻururing, dilingni asra,

Muqaddas tut, tiling, ilmingni asra,

Qadri ulugʻ aziz elingni asra,

Farzand boʻl, shul Vatan, millatga loyiq.

 

* * *

 

Chugʻur-chugʻur, qushim, hay,

Koʻzlari dur, qushim, hay!

Adil toqqa ucholim,

Don, suv buyur, qushim, hay!

 

Togʻ poyina borolim,

Oyina qasr qurolim,

Oʻttiz qushga bir hudud

Harf oʻqiyur, qushim, hay!

 

Har shayni ul oyina

Qoʻyar joyli joyina,

Ummon tubinda qatra,

Shuʼla tuyur, qushim, hay!

Asra butun siringni,

Asra biri-biringni,

Qadamda qirqta maxfiy

Ming bir chugʻul, qushim, hay!

 

Quzgʻun koʻzi yoshlidir,

Lochin koʻzi bogʻlidir.

Bulbullarning ismini

Toʻti qoʻyur, qushim, hay!

 

Yetsang oʻshal billurga –

Oʻz-oʻzingni bilurga,

Gʻubor, gʻaflat yer boʻlib,

Balqqay gʻurur, qushim, hay!

 

* * *

Yashash, bu – orzular qanotin kermoq,

Yashash, bu – muhabbat gullarin termoq.

Yashash, bu – umrning gulgun damlarin

El uchun yashamoq, el uchun bermoq.

 

Omon MATJON

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.