Yurakda uygʻondi muhabbat

0
93
marta koʻrilgan.

* * *

Olislardan engashganda oy,

Tun vahmini quvadi yogʻdu.

Yulduzmi bu, quyoshmikan, hoy,

Yuragimda tugʻilgan tuygʻu?

 

Yorishadi butun vujudim,

Borliq aro yoʻq bunday yorugʻ.

Togʻdek oʻsar endi umidim,

Ruhim boʻlar zulmatdan forigʻ.

 

Entikishlar goʻzal gullardek

Uchib borar nigohlar misol.

Tomchi-tomchi qaysar doʻllardek

Botinimga yogʻilar visol.

 

Hayotimning kun-tunigacha

Tuygʻularim ochilib ketdi.

Yuragimning tub-tubigacha

Muhabbatim sochilib ketdi.

 

* * *

Qor edim. Koʻklardan otilgan,

Urildim yuzingga bexosdan.

Men oʻsha sochingga osilgan

Muzlagan nafasman… nafasman.

 

Sharfing ipiga oʻraldim,

Termildim yuzingga betoqat.

Xayriyat! Koʻzingni koʻroldim,

Yurakda uygʻondi muhabbat.

 

Orzular ogʻushi bir lahza,

Sharfing silkitding, toʻkildim.

Etiging poyida ezildim,

Suv boʻldim… suv boʻldim… suv boʻldim!

 

Bugʻlandim, bulutga aylandim,

Yomgʻirman bu safar, qor emas.

Koʻzingni koʻrishga shaylandim,

Koʻzingda muhabbat bor emas.

 

Farishtam soʻnggi bor men tomon

Kelsayding quvonchga toʻlardim.

Poylaringga tashlab oʻzimni

Sevgidan muzlagan boʻlardim.

 

* * *

Tun koʻksida oʻynoqlar shamol,

Gullar nurdan toʻqiydi qoʻshiq.

Kengliklarda kezinib xayol

Yulduzlarga boʻladi oshiq.

 

Gullar qadim qoʻshiqchilardir,

Turfa rangda ochilgan nota.

Yer xiromda, raqqosalardek

Maysalarning kuyi bexato.

 

Uylar yerga qilingan bandi:

Na kuylaydi, na qoni qaynar.

Oyoqlari zaminga botgan

Tushlarida oʻynaydi uylar.

 

* * *

Sevganiga yetolmagan oshiq edim,

Qoʻlin siltab ketolmagan oshiq edim.

Koʻngli bilan kuyib-kuyib ado boʻlgan,

Yor toʻyiga borolmagan oshiq edim.

 

Bugun koʻkdan yomgʻir emas, yosh oqadi,

O, koʻksimga mushtdekkina tosh botadi.

Yor-yorlarning sadolari buncha gʻamgin,

Yolgʻizlikning yoronlari qosh qoqadi?

 

Tun bagʻrini tilib-tilib uchadi kuy,

Kimni baxtli, kimni baxtsiz qiladi toʻy.

Yuragingni xotiralar tirnab tolmas,

Meni esa bir lahza ham eslama qoʻy.

 

Sevganiga yetolmagan oshiq edim,

Qoʻlin siltab ketolmagan oshiq edim.

Koʻngli bilan kuyib-kuyib ado boʻlgan,

Yor toʻyiga borolmagan oshiq edim.

 

* * *

Momolarim sochlarini qirqta oʻrib oʻtgan yer,

Bobolarim necha avlod suyak surib oʻtgan yer.

 

Halima XUDOYBERDIYEVA

 

Yomgʻir yuvgan qirlarimda lolalarim oʻsgan yer,

Baland-pastlik adirlarda dalalarim oʻsgan yer.

Momolarim urchugʻiday chir aylanar bu dunyo,

Bobolarim duo qilib, balolarni toʻsgan yer.

 

Xayr yogʻar, oydin nurli koʻchalarim yodimda,

Oʻlan aytar qiz boʻlguvchi chechalarim yodimda.

Ot choptirgan togʻalarim or talashib oʻtmoqda,

Akalarim kurash tushgan kechalarim yodimda.

 

Suvlar yurgan adirlarda koʻzim oqdi, oymomo,

Ikki daryo orasida soʻzim oqdi, oymomo.

Onamning koʻzlarini toliqtirar izlarim,

Eh, kimlarning koʻchasiga yoʻlim oqdi, oymomo?

 

Yomgʻir yuvgan qirlarimda lolalarim oʻsgan yer,

Baland-pastlik adirlarda dalalarim oʻsgan yer.

Momolarim urchugʻiday gir aylanar bu dunyo,

Bobolarim duo qilib, balolarni toʻsgan yer.

 

* * *

Ogʻrinaman, koʻzim yumib, jim,

Sogʻinchlarga burkaydi xayol.

Meni kutib yigʻlaydi yum-yum

Roʻmollari sudralgan ayol.

 

Ovozlarim qotar boʻgʻzimda,

Sovuq teshib oʻtar tanamni.

Qor, muz bosgan olis yoʻlimda

Uchratmadim nechun onamni?

 

Qaytolmadim, men noshud oʻgʻil,

Borliq yutdi nolamni zor-zor.

Poyezdlarga yalindim mungli,

Olib keling onamni bir bor.

 

Bahor kelar, toʻzgʻib ketar gʻam,

Nurga toʻlib ketar mungli yuz.

Qishlogʻimda kutadi onam,

Kutib turar vokzalda poyezd.

 

* * *

Qahraton. Izillar shamol,

Derazani chertadi tovush.

Tor xonaga bandi oʻy, xayol

Yuragimga oʻrnashgan xomush.

 

Otilgudek boʻlar koʻzlarim,

Yurak istar yerning hidini.

Topilmagan nodir soʻzlarim

Izlab yurar erkning izini.

 

Yaqinlashar qorongʻi, zulmat,

Shunda shiftda yoqilar quyosh.

Qismat uchun yigʻlayin desam

Muzlab qolgan koʻzimdagi yosh.

 

Yoʻq… yoʻq, endi, sukutga ketib,

Derazaga uraman oʻzni.

Yuragimdan topib olaman,

Allakimdir yoʻqotgan soʻzni.

 

Ruhimda erk kezinib yurar,

Tomirimda tiriklik kuyi.

Koʻzlarimning suratin chizar,

Mensiz qolgan qishloq kun boʻyi.

 

Elyor MUROD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.