Yuragimga qanot ber…

0
218
marta koʻrilgan.

Alpomish

 

Toʻrt tomonga qochib ketar vaqt,

Toʻrt tomondan siqib kelar choh.

Bilmam, qayda qolib ketgan baxt,

Bilmam, qaydan topib kelar oh.

 

Oyogʻimdan past kelgan botqoq

Bugun hatto boshimdan oshdi.

Bor vujudim taslim boʻlgan chogʻ,

Bir yuragim yuksakka shoshdi.

 

Umidlarim bir-bir uzilgan,

Tavbaning ham yoʻqdir keragi.

Ilinj bilan koʻkka choʻzilgan

Qoʻllarimda titrar yuragim.

 

Achchiq-achchiq soʻzlar chordevor,

Tishim oʻtmas saboqlariga.

Bu yurakning yetmogʻi dushvor

Choʻloq gʻozning oyoqlariga.

 

Yetti yillab zulmatda yotdim,

Bir uchqunlik hayot ber, Xudo.

Yuragimni yuksakka otdim,

Yuragimga qanot ber, Xudo!

 

Tasalli

 

Koʻnglimday qorongʻi zulmat qoʻynida

Yulduzga termilib, uni oʻyladim,

Gʻirromlar gʻolibmish taqdir oʻynida,

Achchiq hasratimni oyga soʻyladim.

 

Sovchilikka borgan sodda onamni

Boyning shum xotini quvib solibdi.

Koʻzyoshga toʻldirib yorugʻ olamni,

Yoʻlda toʻygunicha yigʻlab olibdi.

 

Dedim: Onajonim, yigʻlaysiz nechun?

Tomchi yoshingizdan ming bor aylanay,

Dunyoga jilmayib boqmogʻingiz-chun,

Mayliga, siz aytgan qizga uylanay.

 

Shunda onam soʻlgʻin koʻzimga boqib,

Yuragimda pinhon dardga sepdi tuz,

Qaltiroq qoʻl bilan yelkamga qoqib,

– Sevmay qolgin, – deya xoʻrsindi mayus.

 

Bunchalar beshafqat umr yoʻllari,

Oʻksik yuragimni armon tigʻladi.

Bir oshiq oʻgʻlini oʻylab tunlari

Onamning toptalgan qadri yigʻladi…

 

Visol

 

Oʻrtadagi oʻshal sergʻuncha

Bogʻimizda gulladi tikan.

Yuragimni yulib olgancha,

Omad qushim sen sori ketgan.

 

Taqdir baxtmas, qaygʻuni bergan,

Yigʻlamagin ichingda boʻzlab.

Bolalaring quvib yuborgan

Gʻamlar meni keladi izlab.

 

 

* * *

Qalbimdan orzular ketmish yiroqlab,

Yoshligim adashgan yoʻllar aldamchi.

Qayta koʻrishmoq hech etmadi nasib,

Vidoda silkingan qoʻllar aldamchi.

 

Sochlarim oqarmish gʻamning qasdida,

Armonni avragan yillar aldamchi,

Ikkimiz ajratgan jarlik ustida

Qoʻshkoʻpir yasagan qillar aldamchi.

 

Meni yolgʻizlatib qoʻymadi hijron,

Koʻzlarimdan oqqan sellar aldamchi.

Seni deb dunyodan kechganim yolgʻon,

Ohimni yetkizgan yellar aldamchi.

 

Ertakdagi shohning coʻnggi istagi

 

Xayollari shirin qizginam,

Koʻylagiday koʻngli ozoda.

Yuragingga jo boʻlar olam,

Tuygʻularing oʻynar fazoda.

 

Kunchiqishda xastadil yigit,

Qaygʻulari haddan ziyoda.

Kor qilmasdan doriyu oʻgit,

Qiynalmoqda sensiz dunyoda.

 

Olislarda chekaverib oh,

Yoʻlga chiqdi poyu-piyoda.

“Oq otli”lar sogʻintirgan chogʻ

Kirib kelar juldur qaboda.

 

Gʻanim tili qolar eshilib,

Seni nazr qilgum gadoga.

Ohlarimga jonim qoʻshilib,

Yetib borsin ruhim Xudoga.

 

Pari

 

Koʻhi Qofda qolgan parilar,

Dev ming koʻyga solgan parilar.

Ertaklarda bolalik chogʻim

Xayolimni olgan parilar.

 

Yillar oʻtdi – oʻynoqi shamol,

Bugun pari sevgiga timsol.

Boshdan oyoq sirga oʻranib,

Kirib keldi ul pariruxsor.

 

Kiprigi-la koʻksin berkitib,

Sochi bilan bellarin yopgan.

Koʻzlaringga tik qaray olmas,

Kipriklari ogʻirligidan.

 

Asta-asta yoqa boshlaydi,

Aytar soʻzi oʻzidan shirin.

Asta-asta yuqa boshlaydi,

Xayollari soʻzidan shirin.

 

Bir kun kelib, qartayar jismim,

Ul qiz esa doim navqiron.

Chunki koʻnglim u bilan ketgan,

Uni koʻnglim asrar beziyon.

 

* * *

Bilsang, oshno, bizning qishloqda

Qoʻshiq aytar sokin jilgʻalar.

Men gʻaribdan uzoq-uzoqda,

Bogʻ qoʻynida bir qiz uygʻonar.

 

U menga deb yozmaydi maktub,

Men haqimda surmaydi xayol.

Dimogʻiga iforlar tutib,

Izhorlarim yetkazar shamol…

 

Elbek ERKIN

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.