Yuragimda esa xotir qolgandir…

0
131
marta koʻrilgan.

Ruslan Doʻst Ali

 

***

Havo qoralanar, qoradir bulut,

Goʻzal his yogʻadi sen yoʻqligingdan.

Qaragin, dunyoning yuragi yonar,

Istaysan bir nurni dil boʻshligʻingdan.

 

Balki, umrin berar, balki, jonini

Har tomchi tuproqning bir zarrasiga.

Bulutlar daraxtni tinch qoʻymasa ham,

Tomchilar sargardon yoʻl orasida.

 

Tuygʻu bor tuproqning ranglaridayin,

Koʻklardan toʻkilgan sir qanday goʻzal.

Jimgina yomgʻirning kuyini tingla,

Xudo bastalagan, koʻr, qanday goʻzal.

 

Yoʻl uzra kimsasiz uzlat hukmron,

Kimningdir koʻnglini sevintirgancha.

Yogʻar, onalarga yordam qoʻl choʻzib,

Dalani qutlardan kiyintirgancha…

 

Bu yoqqan yomgʻirga darichangdan boq,

Tur, och derazani, sez yomgʻirlarni.

Asrama, toʻkilsin ostonanggacha,

Oʻpib koʻzingga surt, sev yomgʻirlarni…

 

 

***

Koʻzlarim bir ajib sehrdan toʻlgan,

Sezaman boshtoshi qanchalar yukdir.

Bir odam toshidan ayrilib qolgan,

Bir tosh egasidan qancha buyukdir.

 

Har kimning bir toshga intizor boshi,

Bilaman, har nening baxti-gʻami bor.

Har kimsaning asli oʻz taqdir toshi,

Har toshning aslida oʻz odami bor.

 

Toshlar bir-biriga shunchaki doʻstmas,

Angla, ne vaqt boqsang ular dilini.

Har odamning soʻnggi manzili abas,

Har toshning bor bunda goʻzal oʻlimi.

 

Insonlar insonga, qadim-qadimdan,

Yoʻllarga boylangan boshlari bordir.

Qara, qancha tonar odam odamdan,

Qara, qancha yaqin toshlari bordir.

 

Qay biri yuksakdir, qaysi quladi,

Vaqt oʻtar, topadi, tosh-la shon odam.

Bir umr sen uchun baxtlar tiladi,

Soʻzsiz nigohingda toshlashgan odam.

 

Tangrim, har insonga bir tosh bagʻishlar,

Yozar taqdirlarni toshga koʻndirib.

Bu sovuq boqishlar, bu tosh boqishlar

Qoʻyar yuragimni toshga doʻndirib.

 

Mangu iqroringda qolgin, roziman,

Oʻzni koʻrsatishga isyon ber, Tangrim.

Mening bu jonimni olgin, roziman,

Sen bu bosh toshlarga hur jon ber, Tangrim!

 

 

***

Kunduzi qorongʻu, kechasi yorugʻ,

Bu yerda kechar har vaqtni sevolmam.

Jonimga jonimdek boʻlgan har narsa,

Sevishga havasim yoʻqmi, bilolmam.

Bir-birdan yondirib sigaretlarni,

Chekdim, tutunida koʻrinmas kimsa.

Bilmam, ne toparman men bu zahardan.

Mening bu shaharda oromim boʻlmas-

Sen yoʻqsan bu shaharda…

 

Hamon koʻz tashlayman, maktublaringda

Sevaman – iforli atir qolgandir.

Menga jonim qadar azizsan, jonim,

Yuragimda esa xotir qolgandir.

Yoʻqsa, maktubdan ham yoʻqolar atring,

Ketsangu qaytmasang bir zum agarda.

Bu yolgʻiz shaharda isming qolgandir,

Sen yoʻqsan bu shaharda…

 

Balki, koʻp narsalar meni qiynaydi,

Koʻzimdan yiroqdir – qoʻl tutganlari.

Meni bu shaharda yaxshi taniydi,

Shaharning men uchun gul sotganlari.

Bu yerda odamni bilar bedavo,

Dorixonalarda ishlovchi qizlar.

Hali-hamon sen deb porloqdir, porloq,

Hali-hamon sen deb chiqar yulduzlar.

Sen yoʻqsan bu shaharda…

 

Yoʻqsa, bu shaharda bedavolikdan,

Gul kabi goʻzallar qarib ketarlar.

Yozning oʻrtasida yosh-yosh gullagan

Daraxtlar bir boshdan qurib ketarlar.

Balki aqlingdandir, balki qalbingdan…

Hech ne bu shaharda mendek telbamas…

Bilasan, dilimda bir iz yolgʻizdir.

Undan boshqa dali yoʻq bu shaharda,

Hali bu shaharda ortiqlik qilar…

Doim bu shaharda bir qiz yolgʻizdir…

Sen yoʻqsan bu shaharda…

Sen…

 

 

***

Oʻtgan-ketgan soʻzini ham yoʻqotar,

Bir sirni ochmoqlik bilmoq baxtidir.

Kuzakda haqiqiy shoir kechmishi,

Kuzak shoirlarning dali vaqtidir…

 

Har nedan gʻam chekib, yonib-soʻnarkan,

Qah-qahalar otib, kulmoq istaydi.

Bilingki, shoirlar bu yer yuzida

Yashab, kuzaklarda oʻlmoq istaydi…

 

Bulutlar chekinar oʻz yoʻllariga,

Kuzatar, dil uyi tutun shoirlar.

Kuzakda ayrilar, kuzakda sevar,

Kuzakda tugʻilar butun shoirlar…

 

Bir boshga bir oʻlim, tuproqlar sari,

Bir dilda yaralgan yogʻishlari kuz.

Sen-chi, koʻzlaringni olmagin chetga,

Shoirning bir senga boqishlari kuz…

 

Shoirlar daraxtday yengilmas, garchi

Ayamay ustiga tuproq bosarlar.

Har kuzda daraxtlar yaprogʻin toʻkar,

Har kuzda shoirlar yaproq yozarlar…

 

 

***

Yaxshiyam, yomgʻirlar yogʻib,

Muzi ketar bu dunyoning.

Har dam ayblarin ochib,

Yuzi ketar bu dunyoning.

 

Qancha yuksalmasin odam,

Bosmasin qanchalab qadam,

Shoirlarning ichida ham,

Soʻzi ketar bu dunyoning.

 

Ne sheʼr yozmayki, ne gʻazal,

Sevmadim uni hech mahal,

Men yetmagan garchi, goʻzal

Qizi ketar bu dunyoning…

 

 

***

Soyalar moʻl koʻrinar,

Sen turgan u joyda, ha…

Koʻzimga oq koʻrinar,

Soyang tushgan joy nega?!

 

Tort oynangdan pardani,

Tushadi qatra nur ham.

Yodimga sen tushganda,

Devorimda oʻz soyam.

 

Kun surati – shafaqrang,

Borgum, boqmaysan nega.

Dushmanlarim qarashar,

Qaramaysan hech menga…

 

Ming bora ont ichasan,

– Unuting, faqat meni.

Yaxshiyamki, soyang bor,

Tanib olodim seni…

 

 

Ozar tilidan

Rahmat BOBOJON

oʻgirdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.