Yulduzlardan soʻrayman seni

0
150
marta koʻrilgan.

 Savol

 

Taqdir beshafqatmi yoki men oʻzim,

Yillar soʻrogʻidan koʻngillar zada?

Tap-taqir sahroda qoldim sevgilim,

Imkon yoʻq, mador yoʻq qadam tashlashga.

Borliq xazon boʻldi, ne uchun bilmam,

Xotiram qaʼrida ishqning vidosi.

Hayotda sen uchun yashayman, desam,

Yurakka kim soldi bunday savdoni?

Qashqirlar makoni, atrofimda jam,

Kimdir mazax qilar, kimdir yupatar.

Bu yorugʻ olamda muhabbat, desam,

Gʻanimlar qoʻlimga ogʻu tutqazar.

Tun ham botib ketdi, borliq zulumot,

Singib ketayapman bilmam qaylarga?

Yolgʻiz sahro ekan bilsam koinot,

Aytaman ichimda sirim Ollohga.

Kuzmi bu? Bahormi bir butun borliq,

Sariq yaproqlarda oyning surati.

Bilsang, dilimdagi ogʻirdir ogʻriq,

Shumi sevgan dilning mangu qismati?

Hayot beshafqatmi azizim, hayot,

Shodlik ne ekanin koʻrmay keturman?

Yashar yuragida ishq bor barhayot

Va sensiz mungli kuy boʻlib oʻturman.

 

* * *

Tun dedim, zulmatga tashlama, ey dil,

Meni zulmat domidan oʻzing qutqargil.

Yoʻlimni yoritgin, shafqat qil menga,

Ohimni eshitgil, hayrat ber menga.

Kelishdan ne maqsad? Ketishdan ne naf?

Sening dunyong sirli, men-chi, har taraf.

Mehribon volidam mehridan bergil,

Sogʻindim, yonimga sogʻinib kelgil.

Yo sensiz dunyodan savob kutay men,

Savoblar ichra bir javob kutay men.

Kuylarim bor edi jonimni yoqqan,

Soʻzlarim bor edi zulmatdan qochgan.

Ne deyman borliqqa sochilgan sirlar,

Xursanding dardiga bormi sheriklar?

 

Sening yoding haqida soʻzlar…

 

Bilaman:

tugadim,

toʻxtadim.

Sening yoding bilan oʻsmogʻim bordir.

Sensizlik –

yolgʻizlik,

charchadim.

Har bir nigohingda tuhfa – ozordir.

Qayrilib,

qiziqib

boqmaysan.

Negadir oʻzimni past urdim?

Sevgilim,

sogʻindim

bilmaysan.

Kuz kelmay, sob boʻldim, bukildim.

Oʻzimga,

soʻzimga

qaytdingmi?

Hech qursa bir soʻzga tashnaman.

Sogʻindim,

sogʻinching

aytdingmi?

Men seni kutaman, kutaman.

 

* * *

“Oʻksib-oʻksib axtaraman nur”,

Yulduzlardan soʻraymi seni?

Kimsaki bor berolmas huzur,

Beadogʻ oʻy qiynaydi meni.

Bahor keldi. Yulduzim bahor,

Senga boshlar yoʻllar gullaydi.

Gʻanimlardan yetmoqda ozor,

Tangrim bilar, hech kim bilmaydi.

Orzu nima, nedir saodat,

Necha kunki gʻam botdi koʻzga?

Ishqi borliq, qayda adolat,

Yetolmasman yulduzim kuzga.

Ezilaman kunlar oʻtmasdi,

Sen yodimga tushasan shu on.

Qiynalishim odam bilmasdi,

Bir vujudda qadrimiz arzon.

Sen – maʼnosan, ovunch malhami,

Sen – dunyoning sirisan dildor.

Yigʻlay-yigʻlay axtarib seni

Ruhim koʻkda kezar umidvor.

“Oʻksib-oʻksib axtaraman nur”,

Oʻtib ketgan soniyalardan.

Kimsa borki berolmas huzur,

Oʻsib ketdim magʻlubliklardan.

Doʻstim oʻzing, najot farishtam,

Dunyo – armon, dunyo – yolgʻizlik.

Yuragimda yurak oʻzingsan,

Meni qiynar doim sensizlik.

 

Turfalik

 

Inson qismatining koʻchalari koʻp,

Yaxshiyu yomonu qilchalari koʻp.

Bir kunda dunyoni aylanib qaytar,

Insonlik sharafi saylanib qaytar.

Bahorga sir ochgan kimlar qolmadi,

Saraton izillab, soʻzlar yonmadi?

Bir yoʻlda talashar bir koʻngil uchun,

Bir koʻngil talashar bir yoʻllar uchun.

Qay tuproq Vatan der, tanib taʼmini,

Yerga topshiradir ogʻriq vaznini.

Kimning xatosidan kimdir unadir,

Qarasang, dunyomiz ham turfa-turfadir.

Aytishar nolayu ohdan bir shingil,

Faqat yuraklarda ulgʻayar koʻngil.

Zamonning dardini ortmoqlaydi kim,

Yaxshini yuksakka chorlaydi bilim.

Turfalik bor, asli, tabiatda shon,

Shundan nusxa olib yashaydi inson.

Lek koʻngil turfalik toʻnin kiysa ham,

Unga yarashadi koʻngil degan nom.

 

Xursandbek TOʻLIBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.