Yorugʻ kelajakning qasri

0
115
marta koʻrilgan.

Tong sururi

 

Borliq yana zebolashdi,

Ajab, qara, boynagidan.

Unga qarab zavqlanaman

Muhabbat koʻzoynagidan.

 

Koʻngil oʻsar har daqiqa,

Ham koʻzimda ortadi nur.

Unga singib ketgim kelar,

Misli ziyo, misli surur.

 

Borliq koʻrkam, hayot shirin

Tuyuladi, ayting, nega?

Boshing osmon, osmoning tinch,

Oʻz erkingga boʻlsang ega.

 

Yangi tongning zavq, sururi

Singib borar tanu jonga.

Men shunaqa qarshilayman

Tongni har kun hayajonda.

 

Koʻk choy emas, nur ichaman,

Falakning ol choynagidan.

Tonggi palla koʻkka boqib

Muhabbat koʻzoynagidan.

 

Men istagan yulduz

 

Yoz kechasi bir tiniq, yoz kechasi bir yorugʻ,

Osmon toʻla yulduzu men istagan yulduz yoʻq.

 

Deyman, oʻzi bormidi yo orzu, farazmidi,

Koʻkdan uni izlashim, kimdandir arazmidi?

 

Bilmadim, hozircha lek, koʻrganim yoʻq nishonin,

Izlaganim-izlagan bir koʻrishga ishonib.

 

Koʻkka qarab yotib goh, oʻylanaman, hech oʻzi,

Bormi deya, mening ham toleimning yulduzi?

 

Bor deganday, dilimda ishonch ila ovoz bir,

Ul yaratgan seni ham beyulduz qoʻymagandir.

 

Qaysi biri ekan u, qayda ekan u, biroq,

Xayolimdan ketmas hech: shunday oʻy, shunday soʻroq.

 

Koʻkda esa yulduzlar jivir-jivir qilgandek,

Bir-birila sirlashib, shivir-shivir qilgandek.

 

Gohi uchib qolarlar bir-birini quvlashib,

Davra tuzib oʻynarlar qizchalardek quvnashib.

 

Avjlanadi shu tarzda yulduzlarning oʻyini,

Koʻzni qamashtiradi, ajib, yogʻdu quyuni.

 

Men kuzatib yotaman, aqlim shoshib qoladi,

Yozda osmon gʻaroyib, gʻuboringni oladi.

 

Boʻlsa agar ming darding, zumda uni aritar,

Ham koʻnglingni ilohiy ziyo bilan yoritar.

 

Undan inʼom, aslida, baxtu tole nishoni,

Yulduzim borligiga yurishim ham ishonib…

 

Yozda shudir odatim, koʻkka boqib tolaman,

Zavq, sururdan mast boʻlib, sekin uxlab qolaman.

 

Yoz kechasi bir tiniq, yoz kechasi bir yorugʻ,

Unda gʻij-gʻij yulduzu men izlagan yulduz yoʻq.

 

Shaftoli

 

Hovlimizning chetida xoli

Oʻsgan edi bir tup shaftoli.

 

Bu yil kirib hosilga, qarang,

Koʻtaradi shoxlarin arang.

 

Tabiatning har haziliga

Yengili ham hatto ziliga

 

Ming xil dardga berib keldi tob,

Oʻsaverdi yil sari shitob.

 

Har mevasi misli piyola,

Barg ostidan boqar qiyoslab.

 

Yetilibdi serjilo, xol-xol,

Shaftolimas, voh-voh, misli bol.

 

Birin yesam, qarang, netdi-ya,

Naq, ogʻzimda erib ketdi-ya.

 

Mevalarning begʻubori shu,

Ming bir dardga shifodori shu.

 

Qaddin bukib turar emish ul,

Qiling deya, mendan tanovul.

 

Bogʻingizga eking, yarashar,

Qut-baraka, husn ulashar.

 

Xizmat qilar beminnat, begʻam,

Garchi umri qisqa boʻlsa ham.

 

Har tong olib pishganidan, rost,

Yeymiz, unga ortadi ixlos.

 

Yegan sari yegim keladi,

Shunda elga degim keladi,

 

Istasangiz mevalar bolin

Shaftoli yeng, doʻstlar, shaftoli.

 

Daftar іoshiyasidagi

sheʼr

 

Men koʻnglimning sodiq quliman,

Koʻnglim esa yurtga fidodir.

Chiqmaganman aslo izidan,

Umrim oʻtar uning izmida,

Men koʻnglimning sodiq quliman.

 

Balki, shundan yorugʻ kunlarim,

Dilgirligim shundan, ehtimol.

Barchasidan kechib, ehtimol,

Ketolmasim – dil tugunlarim.

 

Shundan, balki, haqgoʻyga tirgak

Nohaqlikka qarshi boʻlishim.

Barchasiga goh silkib etak

Shundan, balki, yolgʻiz yurishim.

 

Toʻgʻri soʻzni har yerda dadil

Aytishim ham shundan, ehtimol.

Kimga yoqmas yoki kimgadir

Yoqishim ham shundan, ehtimol.

 

Koʻrsaturman hurmatu izzat

Dil amri-la tanishu yotga.

Bor ekanman, qilaman xizmat

Ul buyurgan ezgu murodga.

 

Yorugʻ kelajakning qasriga

Bir gʻisht qoʻymoq etsa gar nasib,

Shunda doʻstlar, koʻngil amriga

Oʻtgan umrim boʻlar munosib.

 

* * *

Qoʻshiq aytib oqar daryolar,

Qoʻshiq aytar toʻlgʻanib, joʻshib.

Hansiragan choʻlu sahrolar

Tushlariga kirgay bu qoʻshiq.

 

Kuydek yoqar bu tonggi nasim,

Rohatingga ming rohat qoʻshur.

Uning erka ham mayin sasi

Tuyuladi misli bir qoʻshiq.

 

Goho oʻtsa koʻkdan turnalar

“Qurr-ey”lari qolar havoda.

Koʻzim quvnar, qalbim tirnalar

Bir dard tuyib ushbu navoda.

 

Lolazorga tashlasam nazar,

Lolalarning koʻksi toʻla dogʻ.

Bu – hasratli qoʻshiq, alhazar,

Bosib kelar meni misli togʻ.

 

Koʻkatlarga yonboshlab bir dam

Yer koʻksiga solsam gar quloq,

Mayin navo kelar undan ham,

Qoʻshiq oqar misli bir buloq.

 

Koʻngling boʻlsa havasli, joʻshiq,

Koʻrinarkan rangin dunyolar.

Shundan, balki, har kuni qoʻshiq

Kuylab oʻtsa kerak daryolar.

 

* * *

Umrim oʻtar oqar suvsimon,

Gohi sokin, dolgʻali gohi.

Bitta shu yer, bitta shu osmon

Hamishalik erur hamrohim.

 

Umrim oʻtar oqar suvsimon,

Kiftga ortib savob, gunohim.

Bitta shu yer, bitta shu osmon

Har nafasning erur guvohi.

 

Umrim oʻtar oqar suvsimon,

Gohi shodmon, goh dilda ohim.

Faqat shu yer, faqat shu osmon

Erur yolgʻiz pushtu panohim.

 

Umrim oʻtar oqar suvsimon,

Qolar ekan gulu giyohim.

Bitta shu yer, bitta shu osmon

Oʻchirmasin izim, ilohim!

 

Razzoq ABDURASHID

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.