Yorgʻuchoq toshiday aylanar falak

0
109
marta koʻrilgan.

Soat

 

Xonamda men bilan yashaydi bir qush,

Patlari zabarjad, olmos tumshugʻi.

Kechirayotgan onim – bu qushga yemish,

Yashayotgan lahzam – uning ozigʻi.

 

U tinmay chirqillar, gʻizo kutadi,

Qadab vujudimga yuho koʻzini.

Oldiga tashlasam bir-bir yutadi,

Boshimdan oʻtkazgan har bir lahzani.

 

Kunlarimni bir-bir yutib yuborar,

Oylarimni bir-bir yutib yuborar,

Yillarimni bir-bir yutib yuborar,

Shu taxlit, shu taxlit, shu taxlit.

 

Nahotki, dunyoga shu qush deb kelsam,

Nahot, shu ochkoʻzni vazifam boqish?

Koʻtarar boshini qachon bilmasam,

Oʻzi qachon toʻyar bu ochofat qush?

 

Shahrixonsoy

 

Shahrixonsoy,

Shahrixonsoy,

Kanorang xayol kabi.

Mushtiparsan, munglisan,

Men sevgan ayol kabi.

 

Soyginam, uy qurganga,

Kovush-kovush tosh berding.

Toʻyib-toʻyib yigʻlaganga,

Hovuch-hovuch yosh berding.

 

Xizr ishi tushgan soysan,

Muhabbati toshgan soysan.

Osmonlardan farishtalar

Choʻmilgani tushgan soysan.

 

Botin uyim xarob boʻlib,

Obod boʻlsa zohirim.

Huzuringga darrov borib,

Najot topdim, sohirim.

 

Gunohdan panoh topdim,

Gustohdan boʻldim ogoh.

Qadamda gumroh topdim,

Topdim faqat ahli joh.

 

Koʻnglim arzi turob oʻldi,

Titroq – gulu rayhonim.

Ashkim duru xushob oʻldi,

Oshkor oʻldi nihonim.

 

Soyginam,

Hoy, soyginam,

Suv ur qobiq-poʻstimga.

Choʻmiltirib jimgina,

Elt meni chin doʻstimga.

 

Kuz tashbehlari

 

Bunchalar dardmansan,

Bunchalar soʻlgʻin,

Buncha ham mushtipar, kimsasizsan-a?!

Men seni jon-jon deb, qiz qilib olgum,

Munisginam, mening kuzginam!

 

Qiyofangni koʻrib ezildi jonim,

Boʻldi mungli-mungli jismimda borim,

Yuzlari zaʼfaron, zaif bemorim,

Mahzunginam, mening kuzginam!

 

Sen arzi sarobim, bahri xubobim,

Oshiqlar rangidek rangi zardobim,

Parvona umridek umri nobobim,

Zaryuzginam, mening kuzginam!

 

Tobora vujuding sovub borar, voh,

Maʼyus tabassuming soʻnib borar, voh,

Metin yuragimni hasrat yorar, voh,

Maʼyusginam, mening kuzginam!

 

Qarzdorlik

 

Qarzimni bilaman,

Togʻ suyak bergan,

Yulduzlar koʻz bergan,

Yashin – keskir til.

Taxayyulni esa oldim samodan,

Sabodan olganim – devona koʻngil.

 

Kunduz shodlik berdi,

Gʻussani kecha,

Shijoatni soʻrab olovga bordim.

To uning oʻziga kerak boʻlguncha,

Shu aziz tuproqdan qonni qarz oldim.

 

“Shohnoma”ni oʻqib

 

Ohangar doʻkoni.

Bolta yasalar.

Sandondan yumalab tushar soqqa choʻq.

Oʻchoqning nafasi tagʻin qisilar,

Zuvola bosqonga boqar koʻzi loʻq.

 

“Taqa-tuq!” “Taqa-tuq!”

 

Qishloq uxlaydi.

Zuvola atrofga tuflaydi uchqun.

Faqat bu qoʻshiqni,

Bu kuyi zorni,

Biroz hadik bilan tinglaydi yulgʻun,

Biroz qoʻrquv bilan eshitar chinor.

 

Ohangar doʻkoni.

Yasalar qilich.

Qishloqda negadir mengina notinch,

Goʻyo men gunohkor,

Goʻyo men osiy.

 

Choʻchitadi meni bosqon ovozi,

Yoshim koʻzlarimga yugurib kelar.

Shoshib choʻntagimga qoʻlim berkinar,

Egiladi boshim oʻzidan-oʻzi.

 

* * *

Birdan chopqir suvlar qoldi oyoqdan,

Quyosh – suvoriyning qamchisi sindi.

Yalangʻoch daraxtlar kuydi sovuqdan,

Gulxanida xoin shamol isindi.

 

Qahraton – sehrgar, uning koʻz qiri

Tushgan narsa borki, bari – muz demak.

Har olgan nafasi esa – izgʻirin, Koʻksidagi soqol – sumalak.

Kun kelib…

Sehrdan atrof qutular,

Yugurgilab ketar suvlar ham darhol.

Shunda dalalarda vaqt qor kurar,

Shunda koʻchalarni supurar shamol.

 

Uzoqlardan horib kelgan bir qushni

Quchogʻiga bogʻ shoshib olar.

Dabdurustdan bu johil qishning

Soqoliga kimdir chang solar.

 

* * *

U tufayli qancha alamlar yutdim,

Qancha gʻamga tutdim u deb yurakni.

Uni oylab kutdim, yillab kutdim,

Yirtdim necha-necha koʻylakni.

 

Ne yomgʻirlar yogʻdi,

Ne qorlar yogʻdi,

Koʻksimda yashadi toqat asirday.

Shoʻrlik yuragimni umidlar boqdi,

Ishonch yetakladi uni basirday.

 

Ming shukur,

Hali ham aylanar tilim,

Hali ham oʻlimni oʻylaganim yoʻq.

Peshonam ostida qorachiqlarim

Yoʻllar yelkasini kuydirayotgan choʻgʻ.

 

Hali uni yana uzoq kutaman,

Alamlar yutaman ming bora yana.

Yillar, shoshmang, sizdan zor oʻtinaman,

Yirtgani koʻylagim bor hali, mana.

 

* * *

Yorgʻuchoq toshiday aylanar falak.

Arshdan makon izlab chiqqan umrlar.

 

Eh, ana,

Boshqa bir olamga oʻtar –

Men oʻttiz yil qidirgan malak,

Sen oʻttiz yil kutgan bahodir –

Bu dunyoga kelmagan kadar,

Bu dunyoga tushmagan taqdir.

 

Mashʼal XUSHVAQT

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.