«Yondurdi ohim oʻti falakning charogʻini»

0
163
marta koʻrilgan.

* * *

Bu koʻngul jon tortadur ul lablari marjon sori,

Kimki jonliq boʻlsa mayl etgay, bale, jonon sori.

 

Har tarafdin turrai tarrori din qasdindadur,

Kofir erkan, ne uchun yuzi tushar imon sori?

 

Ey, koʻngul, jonni xayoli olida qil peshkash,

Har nima boʻlsa aziz, eltur kishi mehmon sori.

 

Ahli maʼni suratingning husnina hayron qolur,

Misr elining koʻzi yangligʻ Yusufi Kanʼon sori.

 

Koʻrgali oshufta zulfingni qamarning davrida

Xotirim qilmas kashish qatʼan saru somon sori.

 

Husn davridur gʻanimat, emdi qoʻy yuzuma yuz,

Oy nechakim boʻlsa komil, yuz urur nuqson sori.

 

Qoshi koʻzung gʻoratinda Lutfiydin ketti koʻngul,

Oqibat toptim soʻrogʻin Chinu Turkiston sori.

 

* * *

 

Sunbulingni koʻrgali guldek ruxi ol ustina,

Boshni goʻy etmishmen ul chavgon uchun xol ustina.

 

Ey, quyosh yuzluk, saodatdur humoyun koʻzlaring

Bu gado sultonliq istar, soyae sol ustina.

Chun xayolingning kechar yeri koʻzum daryosidur,

Kirpukimdin bogʻladim ul vajh ila sol ustina.

 

Goʻshalarda qon qilur erdi koʻzung, oldin qoshing,

Chin cherikin chekti ul jodui qattol ustina.

 

Ey, chibin, ul damki irni sori parvoz aylading,

Bizni yetkursang ne boʻlgʻay eltubon ol ustina.

 

Ul tani siymin uza yel teksa titrar koʻnglaki,

Titragay andoqki mudxil ganj ila mol ustina.

 

Bilmagay ul til ogʻizdin, hech yoʻq qaygʻu bila,

Lutfiyni umri tugandi qiyl ila qol ustina.

 

* * *

 

Necha nortek yangoqingdin qizil oʻtqa yonar jonim,

Oq olmatek saqoqingdin soʻrargʻa yoʻq hech imkonim.

 

Sen aytursan: “Nechuk boʻlur qul oʻz sultonigʻa oshiq?”

Koʻngul pandim eshitmas hech, netayin, ey, begim – jonim.

 

Koʻzum chun qildi koʻrkluklar yuzi birla oʻzin sigʻmas,

Toʻkulgay oxiri andin yer uzra suv bikin qonim.

 

Dudogʻing hasrati dardi jonim irnimgʻa yetkurdi,

Ayt, qilsun koʻzing, oxir uchun qolmadi darmonim.

 

Uzun umrim edi zulfung parishon ayladi oni,

Balo jonimgʻa jamʼ etti oʻshul umri parishonim.

 

Koʻngul Lutfiy kibi zulfing koʻrub tushti bu savdogʻa,

Aning ul ishidur holi qaro qaygʻugʻa qolgʻonim.

 

* * *

 

Tan boʻldi yuzung mehri uchun garchi hiloli,

Bir zarrasi birla koʻrunur dardiyu holi.

 

Sendin ne tamonno qilayin mehru vafoni,

Kim, koʻrdi vafo andaki bor husnu jamoli?

 

Men hajr ila darmondau sen koʻzdin ucharsan,

Ey, voyki, yoʻqtur manga qushdek paru boli.

 

Har tori soching uchini yel yuzga tekurdi,

Noziklik uchun boʻldi yuzing ustida xoli.

 

Gʻamgin bu koʻngul toki tamoshodin ochilgʻay,

Koʻz bogʻida tikdim qadidin toza niholi.

 

Yillar seni koʻrsam menga bir damcha koʻrunmas,

Bir damki seni koʻrmasam, uldur manga soli.

 

Koʻyungda tilar Lutfiyi bechora mazorin,

To suratidin boʻlgʻay eshikingda xayoli.

 

* * *

 

Jamoling shamʼina parvona keldim,

Firoq oʻtina yona-yona keldim.

 

Firoqing zulmidin dod istamakka,

Seningtek nozanin sultona keldim.

 

Pari ruxsora, sentek dilraboni,

Koʻroyin deb, meni devona keldim.

 

Labingdin soʻrgʻali keldim tabuqda,

Xizrtek chashmai hayvona keldim.

 

Yuzungning hajridin jonimgʻa yettim,

Aning uchun seningtek jona keldim.

 

Qoshing yosin koʻrub iyd oyidur deb,

Qoshingda Lutfiydek qurbona keldim.

 

* * *

 

To orazing guli bezadi husn bogʻini,

Bagʻrimgʻa qoʻydi lola kibi ishq dogʻini.

 

Qadinga banda boʻlgʻali boʻston ichinda sarv

Yigʻmas kishi qotinda uzolgʻon ayogʻini.

 

Shamʼi jamolingiz havasi ichra tun kecha

Yondurdi ohim oʻti falakning charogʻini.

 

Mushkin sochinga anbar oʻzini tutar shabih,

Savdoi xom fosid etubdur dimogʻini.

 

Koʻnglumni qildi zulfu yuzung beqaror, men

Goh Rumu goh Chinda toparmen soʻrogʻini.

 

Lutfiy majoli qolmadi hijron jafosigʻa,

Qilcha tanigʻa yuklama koʻp Qof togʻini.

 

* * *

 

Bir parivash gʻamzasi aqlimni majnun ayladi,

Koʻz yumub-ochquncha holimni digarxun ayladi.

 

Subhidam kuntek chiqib, koʻrguzgach ul qutlugʻ yuzun,

Toleʼim masʼudu baxtimni humoyun ayladi.

 

Koʻp yugurmaktin kiyik koʻzi qarordi sahm yeb,

Koʻr nechuk gʻamzang oʻqi oni jigarxun ayladi.

 

Intizori yoʻli ustida qoʻyub ketti koʻzung,

Bizni ul Layli sifatliq misli Majnun ayladi.

 

Sehr elidin voqif erdi hinduyu Kashmir, bas,

Bu ajabkim, turk ekach, ul koʻz yuz afsun ayladi.

 

Labba-lab vaslin tilab, topmon kanorin nechakim,

Koʻzlarim ol yoshini hasratda Jayhun ayladi.

 

Bir kun ul husn elining sultoni tutqay deb quloq,

Ishq Lutfiyning soʻzini durri maknun ayladi.

 

* * *

 

Zihi sarv ustida yuzung qamardek,

Qani bir shoxi gul sen siymbardek.

 

Sening birla jahonni xush koʻrarman,

Keraklisan manga nurli basardek.

 

Qilur Choʻlpon koʻzing har dam qironlar,

Ani kim anglasun sohibnazardek.

 

Hiromon qoʻryodin chiqmading, oh,

Yoshunmishsan qamish ichra shakardek.

 

Damim chiqmas meni oʻltursa gʻamzang,

Koʻzung davrunda yoʻq men bexabardek.

 

Meni bu notavonliq birla zulfung

Jahonda kezdurur payki sahardek.

 

Koʻrar Haq nurini yuzungda Lutfiy,

Xayoli botil ermas oʻzgalardek.

 

LUTFIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.