“Yondirar kechikkan kuzday xotira”

0
75
marta koʻrilgan.

* * *

 

Sen turgan qirgʻoqqa yoyildi bahor,

Maysalar, daraxtlar quyoshga qoʻndi.

Men turgan qirgʻoqda hamon yogʻar qor,

Suvlarim qatma-qat muzlarga doʻndi.

 

Sen turgan qirgʻoqda shoʻx-shodon yellar

Harir roʻmolingni tortib oʻynaydi.

Men turgan qirgʻoqda boʻron uvillar,

Koʻz ochgani qora sovuq qoʻymaydi.

 

Sen turgan qirgʻoqning osmoni tiniq,

Qushlari ozod va baxtiyor uchar.

Mening qushlarimning rang-roʻyi siniq,

Men turgan qirgʻoqning iqlimi oʻjar.

 

Sen turgan qirgʻoqda oʻynar qulunlar,

Suruvlar suvloqqa tushib keladi.

Men turgan qirgʻoqda qora quyunlar

Jamiyki jonzotni quvib keladi.

 

Junjikib turibman, yuragim vayron,

Suqlanib boqaman sen turgan yoqqa.

Kechuv-koʻprigi yoʻq bu qanday daryo,

Suzib oʻtolmayman oʻshal qirgʻoqqa…

 

Tushov uzgan ot

 

Keng yaylovda oʻtlar edi ot,

Bir qichqiriq oromin buzdi.

Oyogʻini koʻtardi azot,

Shiddat bilan tushovni uzdi.

 

Choʻpon sapchib turdi oʻrnidan,

Qani otga kelolsa yaqin.

Pishqirdi – oʻt chiqdi burnidan,

Tuyogʻidan chaqnadi chaqin.

 

Sarbastlikning sarmast dunyosi

Ogʻushiga olar ekan, ot –

Gʻirot degan nomga munosib –

Yelkasidan chiqardi qanot.

 

Bul zaminning shovqin-suroni

Changlarida qoldi uloqib.

Xamir kabi ogʻir havoni

Kesib borar xanjar qulogʻi.

 

Bu Goʻroʻgʻli ekan-ku va yo

Bu-ku hali yosh bola – Avaz –

Endi otni ortiga, hatto,

Jumanbulbul qaytara olmas.

 

Qamchi zahri yoʻqdir jonida,

Zarbu harbdan xolidir joni.

Uygʻongandi uning qonida

Yulduzlarning nurli boʻroni.

 

Qoldi sayis jabdugʻi bilan,

Otjallobning qoʻlida chaqa.

Uloqchining qoʻlida – yugan,

Taqachining qoʻlida – taqa.

 

Termilishar falakka bot-bot,

Bot-bot koʻkda bir ot kishnaydi –

Kahkashonga chiqib ketgan ot,

Endi yerga qaytib tushmaydi…

 

* * *

 

Bu ayol nimadan qoʻrqadi buncha,

Hurkak bir ohuga oʻxsharmi gohi?

Majol topib unga koʻz qadaguncha,

Zaminga toʻkilib tushar nigohi.

 

Zoriqar,

zoʻriqar,

chingillar yodim,

Hozir chiqib ketar tanasidan ruh.

Men uni koʻrganman ming yillar oldin,

Mana, ming yil keyin – yana shu anduh.

 

Lol boʻlib bu jamol, bu rux, bu qaddan,

Ortidan shamoldek chopolmaganman.

Oh, men bu ayolga ming yil muqaddam

Atigi bitta soʻz topolmaganman.

 

Nimadan bunchalar afsusda ayol,

Nigohi nigohni muzday qotirar?

Chalqinar kishanband mahbusday xayol,

Yondirar kechikkan kuzday xotira…

 

* * *

 

Kuz keldi.

Sargʻaydi.

Xijolatdaman.

Koʻngli ogʻrimasmi koʻnglin soʻrasam?

Garchi men oʻzim ham shu holatdaman.

Dil titrar xazondek

ortga qarasam.

 

Yozlarda qor izlab

togʻlarga chiqdim,

Tushmoq azobi ham

bor ekan boshda.

Irmoqqa taroqlab

barmogʻim tiqdim:

Toʻxtatmoqchi boʻldim,

suvginam, shoshma!

 

Kun kelib buloqning

tinadi koʻzi,

Muhitga shom tushsa

quyosh tinadir.

Tinmay oqayotgan

nima bu oʻzi –

Daryomi,

umrmi,

koʻzyoshmi – nadir?

 

Kun kecha emasmi,

bamisli shamol –

Sarsari yelganim

uchar otdaman.

Endi, tizza quchib,

suraman xayol…

Kuz keldi.

Sargʻaydi.

Xijolatdaman…

 

 

Toshlar

 

(turkumdan)

 

Vaznsiz toshlar

 

Bu toshlar, bilmayman,

parqumi, parmi,

Tuproqqa zalvorli

choʻkib yotmaydi.

Ularning vazni yoʻq,

chunki ularni

Osmon itarmaydi,

zamin tortmaydi.

 

Bu toshlar

qayerga urilsa agar,

Orqaga qaytadi

sassiz, sadosiz.

Bu toshlar

ham boshga, ham gʻashga tegar,

Bu toshlar sanoqsiz,

cheksiz,

adosiz…

 

Ularga daxlsiz

erlar, quyoshlar,

Cheksiz samovotga

daydib ketadi.

Boshqa fazolardan

kelgan bu toshlar –

Boshqa fazolarga

qaytib ketadi.

 

Suvosti toshlari

 

Bu toshlar

oqimda ketmas tentirab,

Qurbaqasallalar quyoshdan toʻsgan.

Ularning koʻksiga

oyogʻin tirab

Suvoʻtlar gullagan,

yoʻsinlar oʻsgan.

 

Ularning oʻtmishi

huv, olis choʻqqi,

Bu toshlar

toshqinni, selni koʻrgandir.

Bu toshlarning koʻngli

shul bois toʻqki,

Ular

buyuk vazminlikni oʻrgandi.

 

Koʻpiklar koʻpirar

fursatga mengzar

Bu shoshqin oqimning harakatidan,

Kuzatib yotadi bu toshlar

sangzor –

Ulugʻ osoyishlar mamlakatidan.

 

Quyosh falak uzra tursa-da balqib,

Bu toshlarga uning

tafti yetmaydi.

Tosh – toshda,

poʻkakdek chiqmaydi qalqib,

Shoʻrtang dengizlarga

oqib ketmaydi.

 

Sohildagi tosh

 

Mana, ming yillarki,

sohilda yotgan,

Qaqragan bu toshga suv tekkani yoʻq.

Quyoshning

olovli selida qotgan,

Chekkani ohi yoʻq,

oh chekkani yoʻq.

 

Toʻlqinman,

dengizning qaʼridan kelgan –

Shohona shamolni koʻtarib boshga.

Toʻlqinman,

sohilga zarb-la urilgan –

Yetmoq boʻlib

qaqragan toshga.

 

Yetolmay, toysam-da holdan dafʼatan,

Qolgan masofani chamalab,

sanab –

Sohilga tirmashib yotaveraman

Tirnoqlarim qonab,

tishlarim qonab.

 

Ortdagi toʻlqinning shiddati boshqa,

Ul mening yelkamdan guldirab oʻtsin.

Sohilda ming yil suv tegmagan toshga

Ortimdagi toʻlqinlar yetsin.

 

Usmon QOʻChQOR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.