Orzu
Shunday soʻz topsamki,
Uni eshitgan,
Topolsa yoʻlini adashgan mahal.
Taslim boʻlib menga ul paripaykar,
Kirib kelsa oʻzi, kulib, eshikdan.
Shunday kuch topsamki,
Ona yerimiz
Quyoshga yaqinroq tursa chinakam.
Kuyib, kul-kul boʻlsa, ayriliq, alam,
Daryo boʻlsa qalblar, tamom erib muz.
Va men u daryoda –
Charx urib har yon,
Chagʻillab yashasam, chagʻalay misol.
Katta ochib har jon koʻzlarini, lol,
Qanot bogʻlab, magʻrur, ursalar javlon.
Mayli, de, maylimi?
Senga oshiqaman, koʻksim soʻkilib,
Boʻyingga boʻytumor mushtday yuragim.
Oyni topolmasdan, bagʻri toʻkilib,
Sargardon quyoshday izgʻib yurardim.
Osmonlarga otgin shubhalarimni,
Koʻnglimga chiroq qil ishonch, maylingni.
Sogʻintirib yolgʻiz onam bagʻrini,
Seni topganimni aytsam, maylimi?
“Bilgin-u, bilmagan u-bu demasin,
Nabira mehriga toʻyayin men ham,
Qancha totli boʻlsa oʻrik mevasi,
Magʻizi undan ham shirin”, der onam.
Kel, bir quvontirgin oʻsha kampirni
Ikki qoʻli koʻkda oʻtib ketmasin.
U ichimdagini topib gapirdi,
Ohini oʻziga oʻzing yetkazgin!
Huvullagan shunday yolgʻizlik qursin,
Yolgʻiz chaqmoq toshdan chiqmaydi olov.
Bir oʻzing yigʻlamoq u yoqda tursin,
Kulsang ham kulgili, eshitsa birov.
Dilim xonishini chizib daftarga,
Kuymagan joningni kuydirsam, deyman.
Ichim toʻlib ketdi qiziq gaplarga,
Kuldirgiching boʻlib, kuydirsam, deyman.
Sensiz meni hamma xoʻrlayotganday,
Yigʻlagim keladi kechalar yolgʻiz.
Birdan asriy zulmat tongi yetganday,
Pirpirab koʻzlaring, xoʻp de, bir ogʻiz.
Hazil
Nogoh kelar doimo:
Har falokat, har balo.
Men kutardim hammavaqt,
Qandoq kelding, o, zebo?!
Javzo kechasi
Deraza pardalari uchadi.
Deraza pardalari
koʻtarilib tushadi.
Oynadan boshimni chiqarib,
Oqayotgan bulutlarga qarab qolaman.
Muzdek shamol urar koʻkragimga.
Koʻksim koʻtarilib tushadi.
Deraza pardalari uchadi.
Yomon issiq boʻldi kun boʻyi,
Doim shunaqa:
Bulut bosar koʻkni shamol bilan,
Birdan sovib qolar havo kechga borib,
Yomgʻir boʻlar,
Dovul boʻlar kuchli
shunday issiqdan keyin.
Miq etmay turadi
boyagina qoqqan qoziqdek,
Endi qara,
Yayrashini qara daraxtlarning.
Ular ham goʻyo
Peshindagi issiq yodiga tushib,
Boshini tebratar shamolda,
Doim shunaqa.
Bir shamol tursami,
Sel quyib bersami dovul bilan.
Onasining kelar payti yetgan
Cemurgʻ bolasiday
Entikaman, yuragim hovliqa.
Qaydadir osmonning chetida
Nimadir yarq etdi,
Gumburladi keyin.
Deraza pardalari uchadi qattiq,
Koʻtarilib tushadi.
Oqayotgan bulutlarga qarab turibman,
bir ilinj bilan.
Yulduzlar xuddi
Soy toshlaridek
Goh koʻrinar, goho koʻmilar.
Bulutlarning ixtiyori kimda ekan?
Bulutlarning ixtiyori shamoldamikan?
Shamollarning ixtiyori kimda ekan?..
Eh… qoʻlim kalta-da, qoʻlim kalta-da!..
Negadir yuragim hovliqar.
Koʻksim koʻtarilib tushadi,
Deraza pardalari uchadi…
Choʻlpon ERGASH
1937 yilda tugʻilgan. Toshkent Davlat (hozirgi TDSM) sanʼat institutini bitirgan. Shoirning “Tong yulduzi”, “Umid chirogʻi”, “Bahor orzulari”, “Sehrli qoʻngʻiroq”, “Oy chodir tikmoqda”, “Karvon kelar”, “Orzuning ogʻir kipriklari” singari sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Shoir 2010 yilda vafot etgan.
“Sharq yulduzi”, 2014–6