Yoʻlim quyosh tomondir

0
133
marta koʻrilgan.

Istiqlol bolalari

 

Istiqloldan bahra olgan,

Yurt mehrini dilga solgan,

Shodlik kuyin baland chalgan,

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq oʻgʻil-qiz bolalar.

Chaqin chaqnar koʻzimizda,

Olov borda koʻksimizda,

Yolgʻon yoʻqdir soʻzimizda,

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq oʻgʻil-qiz bolalar.

Vatan – ozod, Vatan – obod,

Kelajakka boramiz shod,

Shodon avlod – sogʻlom avlod,

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq oʻgʻil-qiz bolalar.

Aʼlo oʻqish – chin ontimiz,

Oʻzbek elin quvonchimiz,

Buyuk Vatan ishonchimiz,

Biz bolalar, biz bolalar –

Quvnoq oʻgʻil-qiz bolalar.

 

Yurt bayrogʻi

 

Elning erku gʻururin –

Ramzi, baxt charogʻi bu!

Ozod yurt bayrogʻi bu,

Obod yurt bayrogʻi bu!

 

Ulugʻ bobolar ruhi

Shaxdi mujassam unda.

Elim degan mardlarning

Ahdi mujassam unda.

 

Mustaqillik shukuhi,

Qadri mujassam unda.

Koʻzimiz qarogʻi bu,

Ozod yurt bayrogʻi bu!

 

Yuksaklarda hilpirab –

Porlab turar hamisha.

Buyuk gʻalabalarga

Chorlab turar hamisha.

Ezgulik mayogʻi bu,

Ozod yurt bayrogʻi bu!

 

Tong

 

Eshitishib tong xabarin

Shartta-shartta barchalari –

Yopib olar yulduzxonlar

Nur porlagan darchalarin.

 

Hamma tanbal uyquchining

Qochirvorar uyqusini,

Erta turgan toʻpolonchi

Xoʻrozlarning qichqirigʻi.

 

Nima gap, deb, yer yuzida

Pusib poylagan kishiday,

Moʻralaydi quyosh sekin

Osmonning bir tirqishidan.

 

Qoʻshiqchi

 

Qachon qoʻshiq ayt deya,

Qistasangiz Salimni,

Rubobin olib qoʻlga

Aytar: “Joʻjalarim”ni.

 

Bir kuni hazillashib,

Der unga doʻsti Sodiq:

“Axir, u joʻjalaring

Boʻlmasmi sira tovuq?”

 

Toshbaqa

 

– Ogʻirmasmi, Toshbaqa

Doim yelkangda toshing?

– Bu tosh qancha ofatdan

Omon saqlaydi boshim.

 

Toʻgʻri aytgan odamlar,

(Toʻgʻri soʻz hech oʻlmaydi.)

Doʻstim, kerakli toshning

Ogʻirligi boʻlmaydi.

 

Pufak

 

Sal maqtovga

Uchaverar,

Puf desang, bas,

Shishaverar.

 

Koptok

 

Tinmagur

Juda shoʻx-da.

Yerga ursang,

Sapchir koʻkka.

 

Navroʻzi olam keldi

 

Ey, baxtiyor bolalar,

Qalbi yoniq lolalar,

Siz uchundir qaymoqday

Quvnoq qoʻshiq-yallalar.

 

Qoʻlga olib torimni,

Aytay dilda borimni.

Nur sochgan bahorimu

Gul ochgan diyorimni.

 

Vatan – obod makondir,

Erkin, ozod zamondir.

Elim omon-omondir,

Yoʻlim quyosh tomondir.

 

Yaxshilikni oʻylayin,

Yaxshilikni soʻylayin.

Yomonlarni qoʻyayin,

Ayyomlarni kuylayin.

 

Navroʻz keldi olamga,

Yurt toʻyin toʻy-toʻylayin.

 

Qatʼiyat

 

Men bir soʻzli soatman:

“Chiq” – dedimmi, tamom, bil!

Oʻtsa hamki, oy, yillar,

Gapirmayman ikki xil.

Soʻzim bir: “Chiq-chiq-chiq-chiq!”

 

Qiynarsan, osib qoʻyib,

Qulogʻimni burarsan.

Baribir, foydasi yoʻq,

Oʻz soʻzimda turaman.

Soʻzim shu: “Chiq-chiq-chiq-chiq!”

 

Dilshod RAJAB

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.