Yolgʻiz sen shoʻx kunni qilasen xafa

0
344
marta koʻrilgan.

Aleksandr PUSHKIN

 

* * *

Tun nuri sohir

Havo yelpadir.

Shaldirar,

Yugurar

Gvaldalkvivir.

 

Mana, chiqdi oltin oy,

Tip-tinch… birdan soz sasi…

Ispan qizi – mahmur oy

Balkonga suyanadi.

 

Tun nuri sohir

Havo yelpadir,

Shaldirar,

Yugurar

Gvadalkvivir.

 

Sholni yech, erka malak,

Kelgil kundek nashʼali!

Panjaralardan andak

Oyoq uzat gul kabi!

 

Tun yeli tentir,

Havoni yelpir,

Shaldirar,

Yugurar

Gvadalkvivir.

 

BULUT

 

Taralgan boʻronning salqit buluti!

Yolgʻiz sen bu ochiq koʻkning tutuni,

Yolgʻiz sen solasen huzunli soya,

Yolgʻiz sen shoʻx kunni qilasen xafa.

 

Sen koʻkni gir quchib olganding hali,

Yashin ham gʻazabkor chirmadi sani;

Sen ham ochding sirli momaqaldiroq,

Yomgʻir-la sugʻording – yer edi chanqoq.

 

Bas, oʻchir qorangni! Kechmishdir zamon,

Yer yashardi, ildam koʻchdi u boʻron,

Daraxt barglarini erkalab shamol

Tinch kular-da, seni haydaydi darhol.

 

Yevgeniy ONEGIN

 

(Sheʼriy romandan lavhalar)

 

Birinchi bob

 

LV

 

Tinchlik hayot uchun men tugʻilganman,

Tugʻilganman qishloq sukuti uchun:

Soz sasi pastqamda jaranglaydi shan,

Ijodiy xayollar jon, qonga toʻlgʻun.

Maʼsum, tin onlarga berilib tamom,

Jimjit koʻl boshida yolgʻiz har ayyom

Yuraman, bekorlik – mening qonunim.

Har kun tong paytida uygʻonaman jim,

Shirin huzur uchun, erkinlik uchun:

Ozgina oʻqiyman, koʻproq uxlayman,

Oʻtkinchi shuhratga nazar solmayman,

Oʻtmish zamonlarda men naq shu yoʻsin

Kechirmaganmidim kunlarim bekor,

Yashamaganmidim shunday baxtiyor!

 

LVI

 

Chaman, sezgi, qishloq va bekor yurish,

Dalalar! Men sizga sodiqman ruhan,

Onegin-la menim oramda boʻlmish

Farqni qayd etishga har vaqt men xursand,

Tokim istehzoli biron oʻquvchi,

Yoki mohirona tuhmat toʻquvchi,

Biron nashriyotchi mening xislatim

Qiyos etib yana u demasinkim

Magʻrurlik kuychisi Bayron singari

Oʻz portretimni men chizganman bunda,

Gap sotib yurmasin u unda-munda.

Oʻylasharki, biz-chun imkonsiz kabi

Boshqalar haqida yaratmoq doston,

Goʻyo shoir oʻzin qilarmish bayon.

 

LVII

 

Aytib oʻtay yana: butun shoirlar

Xayolchan sevgining doʻstidir, lekin

Bir zamon eng goʻzal lavhalar, sirlar

Tushimga kirardi. Ruhim yashirin,

Goʻzal tasvirlarni saqladi mahkam,

Keyincha ularni jonlatdi Muzam.

Men shunday, qaygʻusiz, tarannum etdim,

Togʻlarning qizini, mening idealim,

Salgir boʻylarining asiralarin.

Eshitib qolamen, doʻstlarim, hozir

Koʻpincha sizlardan savol yogʻadir:

“Kim uchun bu nozing chekadi ohin?

Qizgʻanchoq qizlardan kimni xushlabsan,

Qaysiga sozingda kuy bagʻishlabsan?

 

LVIII

 

Ilhoming mavjlatib kimning nigohi,

Armugʻon etmishdir samimiy mehr,

Sening bu oʻylovchan kuyingga, qani,

Sening sheʼring kimni olloh deb tanir?

Doʻstlarim, hech kimni, xudo haqqi!..

Man boshimdan kechirdim, mahrum nashʼadan.

Muhabbatning telba gʻalayonini,

Ishq-la qofiyaning hayajonini

Kimki qoʻsha bilsa, u inson xushbaxt:

Sheʼrning muqaddas sirli sadosin

Yangratar va bosar

Petrarka izin;

Qalbning azobini tinchitar;

shul vaqt muyassar boʻladi unga sharaf-shon;

Lekin men sevganda edim gung, nodon.

 

LIX

 

Ishq kechdi, koʻrinish berdi ilhomim,

Zulmat bosgan fikr nurlandi sekin;

Ozodmen, yangidan izlayman doim

Sehrkor sadolar, xayol, oʻy bazmin.

Yozaman, yuragim bilmas, dard nima…

Yozilib bitmagan sheʼrlar yoniga

Qalam xushsizlanib chizmaydi rasmin

Xotin boldirlarin va chehralarin.

Oʻchgan kul lov etib yonmas yangidan,

Yana qaygʻuraman! Koʻzimda yoʻq yosh.

Mana endi boʻron izlari yuvosh

Ruhimda jim boʻlib qolar tamoman.

U chogʻda yozarman yigirma beshta –

Qoʻshiqdan iborat doston, albatta.

 

LX

 

Oʻylarkan asarning rejasin sekin

Va qahramonimni na deb atayman;

Romanning hozircha birinchi qismin

Bitirdim; bularning barin qaytadan

Koʻrib chiqdim qatʼiy bir diqqat ila;

Bunda ziddiyatlar hali koʻpgina,

Lekin tuzatishni men istamayman;

Senzuraga oʻzimning burchim toʻlayman,

Jurnalistlarga ham chaynamoq uchun

Mehnatim mevasin berarman yana:

Ey yangi tugʻilgan asarim, joʻna,

Neva boʻylarini kezib chiq butun;

Menga xizmat qilib, qozon sharaf-shon;

Qingʻir soʻz va ur-sur, soʻkish va suron!

 

Oybek tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.