Yillar asov otday opqochar yiroq

0
300
marta koʻrilgan.

SHEʼRIYAT YULDUZIGA

 

Yillar asov otday opqochar yiroq,

Shu otda yelamiz kecha-kunduzi.

Yerda yongan olov soʻnadi, biroq

Sen soʻnmaysan, Sheʼriyatning yulduzi.

 

“Insonlar oʻz dardin dardlashib yursin”,

Deya Tangri senga bergandi tilsim,

Odamlar yulduzning tilin ne bilsin,

Sen boʻlmasang, Sheʼriyatning yulduzi.

 

Togʻlar buloq koʻzin koʻmmasa agar,

Odamlik – fazilat boʻlmasa agar,

Armon yulduzlari soʻnmasa agar,

Sen soʻnmaysan, Sheʼriyatning yulduzi.

 

Yashil yaproq shamol bilan oʻynasa,

Muhabbat ishqidan koʻngil toʻymasa,

Gʻunchalar ochilsa, bulbul sayrasa,

Sen yonasan, Sheʼriyatning yulduzi.

 

Goʻzal va sergʻalva ushbu dunyoni

Tark etgan chogʻda ham shoirning joni,

Buyuk koʻkdan salom yoʻllab ziyoni,

Yon boshimda, Sheʼriyatning yulduzi.

 

YOʻLLIDAN SALOM

 

Bir qiz turmushga chiqib ketganida

uning Yoʻlli degan itining aytgani

 

Odamlar naqadar beodob boʻlgan,

Koʻnglimda esganday izgʻirin shamol,

Nega “ketaman” deb aytmading menga,

Axir, qanday qizsan oʻzing, Oyjamol?

 

Sen ketganda sirtda yurib edim men,

Bunday ketaringni bilib edim men,

“Qayga ketyapsan?” deb hurib edim men,

Tovushimni eshitmading, Oyjamol.

 

Bahrom keltirganda men kuchuk edim,

Qoʻlingdan necha bor sut ichib edim,

“Qopogʻon it boʻlar” deb kutib eding,

Birovni qopdimmi sira, Oyjamol?

 

Qoʻriqlardim seni yomon koʻzlardan,

Ortingdan ergashdim, yurib izlardan,

Ne yomonlik koʻrding, axir, bizlardan,

Itning koʻnglin tushunmagan Oyjamol?

 

Qulogʻimni chimchib oʻtganingda ham,

“Irkitsan” deb tergab, soʻkkaningda ham,

Eshikni qulflamay ketganingda ham

Uyni qoʻrib yotmadimmi, Oyjamol?

Uxlab yotsam men dahlizda xurillab,

Uy supurding chang yutgiching durillab,

Qarshilik qildimmi shunda irillab,

Asta chiqib ketar edim, Oyjamol.

 

Seni oʻylab yulduz qaroqlab chiqdim,

Koʻchada it qolmay soʻroqlab chiqdim,

Qoʻshnilarning barin yiroqlab chiqdim,

“Eto ne xorosho!” bilsang, Oyjamol.

 

Odamlarday it ham itga teng boʻlmas,

Yaxshi itlar yomon doʻstdan kam boʻlmas,

Har it oʻzi boʻlar, lekin men boʻlmas,

Endi menday it yoʻq senga, Oyjamol.

 

Men qoʻshiq yozdirdim shoirga aytib,

Koʻrsam, etagingdan oʻynarman tortib,

Xoʻp, kelmay qoʻyaqol bu uyga qaytib,

Borgan yeringda baxtli boʻlgin, Oyjamol…

 

KOʻNGIL DARYOSI

 

Suv ichar kiyiklar soydan,

Gʻoz-oʻrdaklar koʻl-toʻqaydan,

Odamzotning koʻngli qaydan?

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Koʻrdim oqquv oʻyinlarin,

Suykashadi boʻyinlarin…

Qoʻmsab yorning qoʻyinlarin,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Otlar qattiq-qattiq kishnab,

Depsinar uyirin tishlab,

Boʻta boʻzlab, qoʻy shox tashlab,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Daryolar dengizga oshiq,

Oshiqar qirgʻoqdan toshib,

Yoʻllar yoʻllarga uloshib,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Doʻstu ulfat – ulugʻ davlat,

Jon ozigʻi – jonon suhbat,

Choʻlga bahor – gulga ulfat,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Osmonlarga sergak boqsang,

Yulduzlar sirlashar oqshom,

Tiniq buloq boʻlib oqsang,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Yurak gupillab tursin-da!

Dunyoning qaysi burchinda

Yashasak ham biz, burch shunda –

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Olisdagi Asqar togʻlar

Bir-biriga nazar bogʻlar,

Togʻlar uchrashmagan chogʻlar

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

Yomondir yurakning toshi,

Odam odamning quyoshi,

Koʻngil koʻngilning daryosi,

Koʻngil koʻngildan suv ichar.

 

QOʻNOQ

 

Bir piyola choyni olib,

Rohat qildim nazar solib,

Choyimda nozli chayqalib,

Kelar bir qoʻnoq, bir qoʻnoq.

 

Choyni ichmay, chayqab koʻrdim,

Yurishlarin payqab koʻrdim,

“Kim ekan?” deb oʻylab koʻrdim,

Bizga kelyotgan bul qoʻnoq.

 

Manzil-joyi uzoqmikin,

Kegayli yo Moʻynoqmikin,

Xudo bergan qoʻnoqmikin?

Qutli boʻlsin-da bul qoʻnoq.

 

Tik tursa gar choyning choʻpi,

Kelgaydir qoʻnoqning xoʻbi,

Tez kelmasmi, olay oʻpib,

Buncha buytib chayqalmayoq.

 

“Toʻqson besh”da shamma oqdur,

Oy yuziga toʻymoq yoʻqdur,

Koʻngil koʻngilga qoʻnoqdur,

Shuni bilarmi bul qoʻnoq.

 

Yuzidan nur sochishlari,

Imo qilib qochishlari,

Nozli qadam bosishlari,

Senga oʻxshaydi bul qoʻnoq.

 

Oqshom sirlashib oy bilan,

Kunim oʻtar “voy-voy” bilan,

Ichib qoʻyarman choy bilan,

Tezroq kelmasang, hoy, qoʻnoq.

 

BIR ODAMNI BIR ODAM

 

Qanday yaxshi, birodar,

Odamzotning yuragi.

Bir odamni bir odam

Jonday yaxshi koʻradi.

 

Bir odamni bir odam

Sevib qolar tanishsa.

Bir odamni bir odam

Sogʻinadi olisda.

 

Birov oʻtsa, bir odam

Aza tutib, yigʻlaydi.

Bir odamdan bir odam

Koʻngil soʻrab yoʻqlaydi.

 

Oʻq otilsa birovga,

Jonin tikib garovga,

Yetib borar suyavga

Bir odamni bir odam.

 

Nafsin tiyib, non berar,

Tomiridan qon berar,

Kerak boʻlsa, jon berar

Bir odamga bir odam.

 

Yaxshilik oʻsib-unarma,

Milyonni milyon suyarma,

Suymaganda agarda

Bir odamni bir odam.

 

BERDAQNING DUTORI

 

Shoirning dutorini

avlodlari muzeyga topshirganda

oʻqilgan sheʼr

 

Asling sening ogʻochdandir,

Soʻyla dutor, soʻyla dutor!

Ovozing toʻla armondir,

Darding bayon ayla, dutor!

 

Ulugʻ shoir egang boʻlgan,

Qulogʻingga bulbul qoʻngan,

Koʻp toʻylarda koʻngil olgan,

Dongʻing ketgan elga, dutor.

 

Koʻhna zamonning tengdoshi,

Chorxonangda soz undoshi,

Berdaq bobomning mungdoshi,

Darding bayon ayla, dutor.

 

Gumbirlagan sozga boysan,

Dardlarimni qoʻzgʻagaysan,

Nechun hoʻngrab boʻzlagaysan?

Tiling boʻlsa, soʻyla, dutor!

 

 

TOʻRTLIKLAR

 

* * *

Kimda yoʻqdir bandachilik, adashuv,

Aralashib yashar chin ham yolgʻoning.

Eshitmadim doʻkonchining adashib,

Ortiq oʻlchab, pulini kam olganin.

 

* * *

Bor shumlikni oʻylayversa, ahmoqning

Kuchi yetar aqllini yiqmoqqa.

Chunki ahmoq jamlab boru yoʻq aqlin,

Bagʻishlaydi faqat qiyshiq soʻqmoqqa.

 

* * *

Odam koʻngli – yoʻlda oʻsgan koʻk eman,

Soyasi bor, buloq oqar qoshinda.

Turli tuyoq bilan, turli qoʻl bilan

Bitilgan dastxatlar koʻrinar unda.

 

Ibroyim YUSUPOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.