Yigitlarga

0
1576
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

Yigitlar xalqlarning maqtovi-koʻrki,

Naslning javhari, davlat tayanchi,

Yurtning obodligi, toʻylar sababi,

Elning gurkirashi, fayzi, quvonchi…

 

Yigit omon boʻlsa, xavfu xatar yoʻq,

Qalqon bor: qalʼa but, qoʻrgʻon salomat,

Qizlar kulgusida avju daromad,

Chollar uyqusida jannat, farogʻat.

 

Yigitlik umrining bir koʻklamiga

Bir butun zamonni alishsang arzir.

Arzir, oʻz yigitning qadami uchun

Zamonlar, koʻklamlar boʻlsa muntazir.

 

Bir yigit hijroni baʼzan otaning

Bagʻrini, doʻstlarim, dogʻ-dogʻ oʻrtar…

Raso qomatingiz bizga asodir,

Ufuring, bogʻimiz boʻlsin muattar.

 

Siz, axir, oʻlimni yurtdan qochirib,

Hayotni poyidor qilgan askarsiz.

Siz, axir, ulugʻ yurt iqboli uchun

Jon tikkan erlarsiz, zotsiz, nafarsiz.

 

Laʼnati galalar yerdan suprildi,

Muqaddas va halol qoningiz bilan.

Yangi jahon uchun asos qoʻydingiz

Oʻlimni bilmagan joningiz bilan.

 

Atomlar quvvati pok qalbingizda

Va sizdan kutadi taqdirin jahon:

Jahon, zamon, xalqlar, Vatan va davlat

Sizga tayanadi, sizdir posbon.

 

Gʻafur GʻULOM

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.