Yetolmadim

0
119
marta koʻrilgan.

Hurriyatdan oldingi yillar bir tumanbegi Ergash Jumanbulbul oʻgʻliga:

– Siz el kezgan, koʻpning nazari tushgan, dong qozongan oqinsiz. Siz nimalarga yetib, nimalarga yetolmadingiz? Sizning ham armoningiz bormi? – deya bergan savoliga shoir shunday deb javob bergan ekanlar:

 

Men bu ulus armonining poyoniga yetolmadim,

Osmon qadar xirmonining poyoniga yetolmadim.

Bundan kelgan ziyonining poyoniga yetolmadim,

Rangi-roʻyi somonining poyoniga yetolmadim.

 

Yigitlari qirqqa kirmay qarib boʻlganga oʻxshaydir,

Oʻz tuproq, oʻz oshyonida gʻarib boʻlganga oʻxshaydir.

Boʻyqizlari kelin boʻlmay horib boʻlganga oʻxshaydir,

Xazon boʻlgan gulshanining poyoniga yetolmadim.

 

Itning boshi oltin tosda, oyoqlar ustivor bunda,

Qay bir yoqdin kelgan nonxoʻr, sayoqlar ustivor bunda.

Pokdomonlar xor-zor, qalbi quroqlar ustivor bunda,

Sarsoni, sargardonining poyoniga yetolmadim.

 

Toshi birla tarozusi qay bir egri qoʻllardadir,

Xazinasin qulf-kaliti oʻzga nafsi gʻorlardadir.

Mulk egasi kimlar oʻzi? Bilmam ular qaylardadir?

Xayrsiz xayr-ehsonining poyoniga yetolmadim.

 

Oʻzligin bilmas bu elning taygʻogʻi koʻp, aygʻogʻi koʻp,

Oʻz ichidan oʻt chiqarar qayrogʻi koʻp, sayrogʻi koʻp.

Bosh-boshiga qozikalon, olaquroq bayrogʻi koʻp,

Hayronining, vayronining poyoniga yetolmadim.

Gʻayri el doʻstga aylansa izzat-ehtirom boshlanur,

Hakam boʻlmoqqa shaylansa uron, intiqom boshlanur.

Gar tuynugingdin boʻylasa… elda qatli om boshlanur,

Qadrsiz qabristonining poyoniga yetolmadim.

 

Koʻronin[1] yerda qoldirmas norlari bormi bu elning?!

Bogʻlarga kalxat qoʻndirmas sorlari bormi bu elning?!

Azobli xalqni oldinga chorlari bormi bu elning!

Yurak-bagʻri giryonining poyoniga yetolmadim.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] Koʻron – koʻch-koʻron.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.