Yaxshiliklar qoshida

0
113
marta koʻrilgan.

Bir oʻlkaki

 

Har tong ochsam koʻzimni,

Olam goʻzal koʻringay.

Aytsam shirin soʻzimni,

Odam goʻzal koʻringay.

 

Zarra tuproq, qatra suv,

Har giyohi bir neʼmat.

Osmoni tinch, koʻngli tinch,

Yashash ham zavqli behad.

 

Bir oʻlkaki… Tengi yoʻq

Gul unadi toshida.

Orzulari – haqiqat,

Yaxshiliklar qoshida.

 

Burgut

 

Qanotini qirqdilar

Uchmasin deb uzoqqa.

Yana bogʻlab qoʻyishdi,

Uzun arqon – tuzoqqa.

 

Kun oʻtkazar qoʻnoqda,

Iliq nurda toblanib.

Koʻzi ochiq oʻy surar,

Boʻlmas uni hech tanib.

 

Pisand etmas tovuqlar,

Qoʻrqmay yaqin kelishar.

Tuprogʻu goʻng titishdan,

Unga saboq berishar.

 

“Єiltiriє”

Hazil qoʻshiq

 

Etmasam-da, bir qiliq,

Nom qoʻydilar “qiltiriq”.

Shalviraydi koʻylagim,

Kelmas uni oʻylagim.

 

Lager maza joy ekan,

Oshpaz togʻa boy ekan.

Nima bersa “kemirdim”,

Qoʻzichoqday semirdim.

 

Topib oldim togʻora,

Choʻmilaman kunora.

Uxlab rosa tiniqdim –

Koʻrpachada chiniqdim.

 

Namuncha tor koʻylagim,

Kelmas unga boʻylagim.

Hoʻ, kulganlar endi boq,

Akang, Toshmat boʻgʻirsoq.

 

Olma

 

Toʻrxaltadan sirgʻalib

Tushdi kampir olmasi.

Dumaladi, toʻxtadi,

Mevaning durdonasi.

 

Biroq, hech kim egilmas,

Tashlab oʻtar koʻz qirin.

Uyat sanar oʻzicha

Koʻz-koʻz etib gʻururin.

 

Bola xursand, qoʻl choʻzdi:

“Kimniki?” deb olgani.

Hamma boqar hayrat-la,

Koʻrmagandek olmani.

 

Oʻzbekiston askari

 

Oʻtar boʻlsa koʻchadan

Qadamlari boshqacha.

Kiyimlari yarashgan

Oyoqdan to boshgacha.

 

Koʻngil doim xotirjam,

Bor ekan yurt posbonim.

Kipriklarga qoʻnmas gard,

Tinchdir yeru osmonim.

 

Boqqan sari izidan

Ortib borar havasim.

Ham oromli, ham erkin

Olgan har bir nafasim.

 

Vali AHMADJON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.