Yangi kuy boshlaymiz osmon tilida

0
179
marta koʻrilgan.

Koʻnglimga

 

Kel, men seni bugun olib ketaman

Ishqni tush koʻrayotgan daryolar tomon.

Agar sen jilmaysang,

entikib tursang,

Mastona oshiqqa aylanar armon.

Bilaman, sen mendan juda xafasan,

Netay,

Tuproqli vujudman ogʻirdan ogʻir.

Kulaman, koʻzimning oynasida goh

Oʻz aksini koʻrib kulganda yomgʻir.

Va yana kuladi mening ustimdan

Hasad sharbatiga toʻlgan olomon.

Senga yarashmagan libosdir jismim,

Salgina telbaman, salgina nodon.

Bilaman, xudoning oldida koʻp bor

Seni izza qildim, qildim sharmanda.

Masxaraga moyil vujudim bilan

Dunyodan dunyoni izlab yurganda.

Sabogʻingdan chiqib ketdim baʼzida

Va tun soyasiga boʻlganman pinhon.

Gunohim koʻp mening, ohim koʻp mening –

Salgina telbaman, salgina nodon.

Kel, men bilan endi yarashgin, koʻnglim,

Yarashgani kabi suvu alanga.

Xohlasang suratin chizib beraman

Qadim oshiqlarning koʻnglini sanga.

Junun sahrosida yulgʻun gulining

Ashkidan pishirgum senga musallas.

Osmon kosasida suzib ichamiz

Va qismat oldida mast boʻlamiz, mast.

Xohlasang men seni suyib, erkalab,

Shafaqning yurtida aylantiraman.

Hijron bogʻlarida pishib yetilgan

Sogʻinch olmasini uzib beraman.

Parvo qilma, hali pushaymon boʻlar

Shaʼnimizni toptab laqillaganlar.

Baxtiyor kunimiz suyakday gʻajib,

Yana ortimizdan akillaganlar.

Ular qolib ketar zulmat qaʼrida

Yoki hasad yangligʻ sovrilgay kuli.

Parvo qilma ular gʻiybat botqogʻin

Zamonlardan qolgan eng badboʻy guli.

Kel, men seni bugun olib ketaman

Riyosiz kunlarning xayollariga.

Birga oʻrgatamiz ishq kalomini

Vaqtning zaboni yoʻq shamollariga.

Mastona-mastona chayqalgan tunning

Javharidan tongni olamiz tortib.

Yangi kuy boshlaymiz osmon tilida,

Maysani uygʻotib, gulni uygʻotib.

Kel, seni men bugun olib ketaman

Oʻzimdan-oʻzimga, jonimdan jonga.

Faqat koʻnglim bilan yashayapman deb

Xabar yuboraman olti tomonga.

Mendan arazlama, ey suyukligim,

Sensiz tuproqdirman, bor-yoʻgʻi tuproq.

Sen bilan Rabbimga tanishdirman men,

Sen bilan oʻzimga oʻxshayman koʻproq.

 

***

Ey mening koʻnglimni

Olov sahroning –

Laylivash tushiga badargʻa etgan.

Ey mening jonimda yashab turib ham –

Gʻanim sari ketgan,

Gʻam sari ketgan.

Ming yillik maydayin –

Dilim qonini

Ey tamshanib totgan,

Ichikib totgan.

Ey gavharday asrab tili ostida –

Meni qop-qorongʻu tunda yoʻqotgan…

Men hali

Men hali topilganim yoʻq,

Goh yaproq, gohida chumolidaman.

Qargʻalar choʻqigan olmada,

baʼzan,

Sargʻaygan bogʻlarning xayolidaman.

Meni chaqirib ol,

meni yigʻib ol –

Oyoqlar ostidan bitta-bittalab.

Ey parvona tilin

ishqning tili deb,

Adashgan, yanglishgan koʻhna ishqtalab.

Gullamoqchi edim,

Samo bogʻida,

To hanuz,

To hanuz gullaganim yoʻq.

Sen meni yoʻqotib qoʻygan lahzangdan –

Tush koʻrib yashadim…

(Uxlaganim yoʻq.)

Ey mohir qoʻllari qoʻliga tegmay,

Qismat bozorida savdo qilguvchi.

Tosh kabi yurakni yurakka urib,

Chaqnagan olovda gʻavgʻo qilguvchi.

Sening oshiqlaring tongdan kelarlar,

Mening oshiqlarim kuzdan, begumon.

Tomirimda chertsam “Choʻli iroq”ni,

Qoshimga yugurib kelar biyobon.

Hoy baxt, deb, chaqirsam,

qayrilmagaysan.

Boqmasdan ketarsan kiborlarga xos.

Seni chorlamadim, yoʻqlamadim ham,

Men senga shunchaki talpindim, xolos.

 

Koʻkda oqqanida telba daryolar,

Ufqda chizildi quyoshning izi.

– Necha yoshga kirding? –

Soʻradi mandan

Barmogʻim uchiga qoʻngan xonqizi.

Yelkamga boshini qoʻydi atirgul,

Dilimning rangidan rang olgan yuzi…

– Yoshim ishqim bilan barobar, desam,

Barmogʻimdan uchib ketdi xonqizi.

Va ketdi daryolar qibla tomonga,

Bilmayman, kimnidir, kimni axtarib…

Men esa hashamdor hayot oldida

Koʻrinardim ojiz

Va juda gʻarib.

Zamin xomushligi, osmon mastligi,

Qonimning ichida mavj urardi, mavj.

Va falak yoshini sanab, sanoqqa

Yetolmay uchardi koʻkda qaldirgʻoch.

Shabboda oʻynardi maysalar bilan

Maysalar kulardi biram begʻubor.

Shabbodaning harir yengidan tortib

Dedimki,

Dilingni dilimga yubor…

Ammo u qoshimdan bir yelib oʻtdi.

Ming yillik tushiga topganday taʼbir.

Ortidan qichqirdim:

Biz doʻst edik-ku,

Kenglik sogʻinchi bor menda ham, axir…

Tiriklik tirjayar mening holimga

Ozorlari quyma, qaygʻusi quyma.

Bilaman, deyman men, qoʻgʻirchoqbozsan,

Yana oʻynab meni, yoʻqotib qoʻyma.

Va yana izlayman umrimga tashbeh,

Qismat shakariman yoki tuziman.

(Va shunday tashbehga ravo boʻlaman)

Shamol barmogʻiga qoʻnib, ishq yoshin

Bilmay uchib ketgan men xonqiziman.

 

Dadamni eslab

 

Men qaytib kelyapman tundan, kunduzdan,

Koʻngilda koʻtarib bahaybat vidoni…

Va nigohim yopar gohi-gohida

Koʻzyoshdan hoʻl boʻlgan yengi dunyoning.

Men qaytib kelyapman, qaydasan, taskin,

Qaydasan, ruhimni kashf etgan sabr.

Qarayman osmonning bir chekkasida

Daryo yuragini yigʻlaydi abr.

Men esa yigʻlashni unutib qoʻydim,

Yovvoyi oʻkirik suzar jonimda.

Shamollar, shamollar, yana shamollar,

Sayr qilib yuribdi toʻrt tomonimda.

Men qaytib kelyapman afsunlanganday

Oʻzga bir vujudda yashayapman goʻyo.

Karaxtman, imlaydi tuman ortidan

Yenglari koʻzyoshdan hoʻl boʻlgan dunyo.

Hayqirdim, dadajon, men qaytib keldim,

Uxlagan quyoshday yotibdi dadam.

Shu sirli, uygʻonmas uyqusi bilan –

Barcha bolasini uygʻotdi dadam.

Men juda kech qaytdim,

Va gʻofil qaytdim,

Soʻngsiz qaytishlarning qarzi endi men,

Yolgʻiz qolib bizni eslaganida,

Tortgan bir ohiga arzimadim men.

O, dadam koʻnglini tinglab koʻrmadim,

Bolalik chogʻimiz eslardi bot-bot.

Sen uning yonida eding-ku, axir,

Dadamning koʻnglini aytib ber, hayot.

Esimda, bolalik damlarimizda

Bizni yelkasida koʻtarardi dast.

Oʻshanda osmonning yuragi bilan

Suhbatlar qurardim men xayolparast.

Goho bizlar bilan oʻynab boladay,

Oʻzini oʻlganga solib yotardi.

Biz esa quchoqlab tiriltirardik,

Shunda koʻzlarida quyosh kulardi.

Shu oʻyin negadir yoqardi bizga,

“Dada, oʻlib bering” – takrorlardik biz.

U esa oʻlishdan charchamasdi hech.

Tirikligin bizga aylab sarafroz,

Bugun ham yotibdi koʻzlari yumuq.

Yuzlarida yonar izi sogʻinchning

Men esa turibman, karaxtdan karaxt

Va bir parchasiday ilhaq sogʻinchning.

Uning esa koʻzin ochgisi kelmas

Oʻlib tirilishdan charchagan goʻyo.

Men avval dadamni uygʻotib olay,

Koʻnglim etagini qoʻyvorgin, Vido.

Yuragim ichida ingraydi kimdir,

Yoʻq, yoʻq, tinglamayman judolik kuyin.

Yigʻlayman: koʻzingiz oching, dadajon,

Oʻyin tugadi-ku, tugadi oʻyin…

Men juda kech qaytdim,

Va gʻofil qaytdim…

 

***

Sen deding: “Ufqni yasantiramiz,

Egningga quyoshni kiyib olgin, boʻl…”

Boqdim,

samo va yer oraligʻida

Juda goʻzal edi oʻsha yoʻl.

 

Men dedim: “Ufqni aldab boʻlmaydi

Ishqimiz juda oz, yolgʻon esa moʻl”.

Qarading,

koʻzingda jon berdi daryo,

Juda olis edi oʻsha yoʻl.

 

Halima AHMEDOVA

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.