Yana qaytib keldim, yana, ota uy

0
214
marta koʻrilgan.

Bahodir Bahrom 1990 yil 11 iyulda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Palangdara qishlogʻida tugʻilgan. 2006-2010 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida oʻqigan.

2008 yilgi Zomin seminarining ishtirokchisi. Oʻsha yili “Eng suluv armon” nomli ilk toʻplami chop etilgan. Sheʼrlari markaziy matbuotda muntazam chop etilyapti.

Bahodir Bahromning ijod namunalari “Qashqadaryo bayozi”, “Kaftdagi nihol”, “Oila mening qutlugʻ bogʻim”, “Sozimda Vatan vasfi” bayozlaridan oʻrin olgan.

 

 

Baxt

 

Bir xonali uy va bitta deraza,

Tagʻin bitta eshik mehrimga guvoh.

Kir yuvib, gilamdan ushoq terasan,

Bolangni quchasan ey, baxtli quchoq.

 

Bizga shunday yashash, gulim, toʻgʻriroq,

Kelarmi odamning axir, oʻlgisi.

Tinmay yangrab tursa, baxtli qoʻngʻiroq –

Bola yigʻisiyu bola kulgisi.

 

 

Tilak

 

Sen bahorni sevaver, mayli,

Yana ruxsat, sevgin bogʻlarni.

Nigohing-la erkala mayin

Erkagina qizgʻaldoqlarni.

 

Kapalakdek oʻynab, joʻrttaga

Quvnoqliging barchaga yuqtir.

Aylanmagin faqat turnaga,

Turnalarning vatani yoʻqdir.

 

 

Ota uy

 

Yolgʻiz haqiqatni bugun ilgʻadim,

Siqim tuproq boʻlar bori saxti-roʻy.

Dunyo sigʻdirmadi yo men sigʻmadim,

Yana qaytib keldim, yana, ota uy.

 

Derazadan qarar menga Qoʻshchinor,

Bagʻringda togʻ qadar yuksalgandayman.

Sen kabi minnatsiz goʻsha qayda bor,

Sendan kengroq ogʻush topa olmayman.

 

Sandal – (oʻrtadagi uzum, non guvoh)

Oltita taqdirning tutash nuqtasi.

Bunda dasturxondan toʻkilgan uvoq,

Otamday tabarruk hamma-hammasi.

 

Qanday tushuntiray axir, soʻz – ojiz,

Bu kunni qanchalik kutganlarimni.

Boshni tik koʻtarib aytmoq nojoiz,

Minbarga talpinib oʻtganlarimni.

 

Oʻzlikni yoʻqotdim, istab eʼtibor,

Balki qaytib keldim oʻzimni izlab.

Laʼnatlar oʻqidim oʻzimga ilk bor,

Bolaligim oʻtgan qirlarni eslab.

 

Maysalar muqaddas sirim yutgandi,

Maysaga sirimni toʻshagim keldi.

Hoyu havaslarga qoʻl siltab, tanti

Odamday bir lahza yashagim keldi.

 

Sensiz oʻtgan kunlar, jonimdan oʻtdi!

Qayga yoʻl oldim men, qayga intildim.

Tushovini uzgan tulporday xuddi,

Ota uy, men yana, men yana keldim.

 

Men ham gʻamlarimga ochayin aza,

Meni quritadi, bu gʻamlar, oʻlsin.

Oʻzini qoʻyishga joy topolmasa,

Otauysizlarning koʻrgani qursin.

 

 

Qishloq

 

Quyoshni qarshilab nigohi qotgan,

Qoʻshigʻi togʻlarga boʻlolgan ermak.

Tunlar allalagan, tongda uygʻotgan,

Bulbullar tilidan toʻkilgan ertak.

 

Adirda sochilgan qoʻyga ovungan

Bolalik damlarim, o, qandayin xush.

Qishloq, sen – burgutsan choʻqqiga qoʻngan,

Oldinga boshlagan eng yoqimli tush.

 

Onamsan, otamsan, doʻstimsan aziz,

Momomsan, ip eshib, lapar kuylagan.

Sen bobo dehqonsan “xasisdan-xasis”,

Oʻzi qolib, faqat elin oʻylagan.

 

Kim ne desa desin, ildizim senda,

Osmonga boʻylashgan chinorim – qishloq.

Seni xotirlamay yashash qiyin-da,

Oʻzligimga qoʻrgʻon – devorim, qishloq.

 

 

***

 

Mol boqadi adirda bola,

Sezmay qolgan quyosh taftini.

Yuzlari ham qoraygan rosa,

Garmsellar yorgan kaftini.

 

U hech nega qilmaydi parvo,

Butun oʻyi mollar bilan band.

Unga faqat yetishmaydi sal

Kaltak tugʻib berguvchi daraxt.

 

 

Baxtning surati

 

Nolib yashamoqlik jonimga tegdi,

Hayotimdan koʻnglim toʻlmay yashamoq.

Bir qiz ostonamga rayhonlar ekdi,

Muzlagan tanimda yarq etdi chaqmoq.

 

Choʻntagimga soldim baxtning kalitin,

Qoʻlimni ilitdi, koʻnglim ilitdi.

Bir oqshom shu qizga sovgʻa qilay deb,

Onalik yurtiga oldim “bilet”ni.

 

Koʻzlari yulduzday chaqnadi, keyin

Oylar oʻtaverib, oyga aylandi.

Quvonchim ulgʻayib borgani sayin,

Yuragim sevgiga ipsiz boylandi.

 

Yuqoridan boqsang olam xoʻp goʻzal,

Umrim nur ichmoqda qizsurat oydan.

Bunda hamma narsa mukammal, hatto

Baxtning isi kelar damlangan choydan.

 

Baxtiyor qilmadim oʻzimni atay,

Shukr, xudo baxtdan qordi zuvalam.

Yuragim zavqini nima deb atay,

Dada, dada, dedi ilk bora bolam.

 

 

Bolalikning dardi

 

Bolalikning dardi koʻp edi,

Misol: chillak choʻpim yitgani

Yoki qoplon nomli itimning

Ulgʻaymasdan oʻlib ketgani.

 

Oyday toʻlib yorilsa anor,

Bagʻri qon deb siqilar edim.

Kuz kelganda bargga achinib,

Uning bilan toʻkilar edim.

 

Onasidan erta ayrilib,

Turolmasdi hatto oʻrnidan.

Buzoqchamning boshini silab,

Yigʻlar edim uning oʻrniga.

 

Koʻrinardi dardsizday otam,

Topilmasdi unday quvnoq zot.

Meni suyib erkalar edi,

Uni esa “siylar”di hayot.

 

Istar edim ulgʻaymoqlikni,

Kattalardek yashasam derdim.

Erkalasam men ham bolamni,

Kulaverib, yashnasam derdim.

 

Kuchga toʻldim, ulgʻaydim bugun,

Tasavvurim barchasi barbod.

Bildim, faqat insonni emas,

Dardini ham ulgʻaytar hayot.

 

 

Ozod bandi

 

Termulasan, qovogʻing osiq,

Tramvaylar oʻtib, qaytadi.

Derazangga yuzini bosib,

Shamol senga sheʼrlar aytadi.

 

Xoʻrsinasan yelkangni quchib,

Yolgʻizlikdan battar yolgʻizsan,

Farishtaday samoga uchib,

Yana yerga tushgan qorqizsan…

 

Xayolingni boʻladi ering,

Neni soʻrar qoʻngʻiroq qilib.

Daraxtdagi qorday shu damda,

Ketajaksan birdan toʻkilib.

 

Azob berar koʻngling borligi,

Qobigʻingni buzolmay lolsan.

Azob berar kenglik borligi,

Balki shundan sal telbaholsan.

 

Kech tushadi, keladi ering,

Sevinadi, oldim, – der, – maosh.

Ajratadi ijara pulin,

Qolganiga pishiramiz osh.

 

Dasturxonga tortilar duo,

Baraka-yu tinchlik haqida.

Yoʻqmi bundan oʻzga muddao,

Olov muzlar chashming yaxida.

 

Seni turmush ezar, yengadi,

Ering quchib yotasan tetik.

Tushlaringga kirib chiqadi,

Oppoq palto va oppoq etik.

 

 

Baxtsizlik haqida sheʼr

 

Poyezdga osilib keldi shaharga,

Bisoti – tugunchak hamda quvnoq oʻy.

Yetmish yosh hasratga boqib kiborli,

Unga peshvoz chiqdi hashamatli uy.

 

Soʻng yoʻnaldi titrab tugmachaga qoʻl,

– Kovushim loy boʻpti, – oʻzin koyidi.

Bir bola eshikda turib nogahon,

Hayratlanib boqdi, siz kimsiz, dedi.

 

… Poyezdga osilib ketdi qishloqqa,

“Kampirga ne deyman” – yemiradi oʻy.

Yetmish yosh hasratga jilmayib boqib,

Uni kutib olar kamtarona uy.

 

Uni kutib olar yetmish yosh umid,

Yetmish yosh hasratga toʻshar dasturxon.

– Oʻgʻlim kelmadimi, – soʻraydi keyin,

Gapir, aytmadimi kelarkan qachon?

 

– Oʻgʻling katta odam boʻlibdi kampir,

Yerda qolmas ekan aytilgan soʻzi.

Kelarmish qaldirgʻoch in qurgan mahal,

Ishi koʻp ekan-da, tushungin, oʻzi.

 

Baxtiyor kuladi bir gʻarib koʻngil,

Cholning ichi esa battar tirnalar.

“Qaldirgʻoch kelmasa edi-ya, bu yil

Kelmasa qaniydi axir, turnalar”.

 

 

***

 

Senga termulsaydim besoʻz, beyigʻi,

Koʻzimda bir dunyo yaratolsaydim.

Sevgilim, sevgida mangu qolsaydim,

Sevgilim, boʻgʻzimda armonning tigʻi.

 

Hijron azobiga yetar irodam,

Yetmaydi, unutish… (Shafqat qil, Xudo!)

Yashasa istagi, ruhidan judo,

Yana nima qilsin, sevib bir odam.

 

Yurakni qirgʻichdan oʻtkazdi hayot,

Ammo parchalanmas kuchdir muhabbat.

Koʻzlaring koʻzimda mangu barhayot.

 

Sevgilim, sevgimiz emas faryodli,

Biroq quvonch bermas, abadul-abad.

Ayriliqda sevgi naqadar totli!

 

 

Yettinchi qitʼa

 

Qoqildim, yiqildim, turdim, yugurdim,

Daraxtga aylanib qoʻl qoqdi shamol.

Yettinchi qitʼaga oxir yuz burdim,

Yettinchi qitʼa bu – sensan ey, ayol.

 

Jannatga oʻxshatdim, sayr etdim sarmast,

Koʻzlaringga choʻkdim, taftingda yondim.

Vatandek kaftingda koʻtarganda dast,

Gohida mehringdan, sehringdan tondim.

 

Bedor oʻtdi qancha tunlarim, bilsang,

Nima deb atashni bilmay lol boʻldim.

Yiqilsam koʻtarding, tutdim qoqilsang,

Bir ism topolmay ayanchhol boʻldim.

 

Asiring edim men, bir umr bandi,

Kechganim, ketganim barisi yolgʻon.

Chorak asr oʻtdi. Jajji farzandim,

Ona deb nom berdi, senga nogahon.

 

Qoqildim… Yiqildim… Turdim… Yugurdim,

Lahzada qoʻmsadim, boʻldim mastoning.

Yettinchi qitʼaga oxir yuz burdim,

Yettinchi qitʼa bu – sensan ey, jonim.

 

 

Chorlov

 

Uygʻonding telefon qoʻngʻirogʻidan,

– Alo… alo… kim bu?

Titradi yurak.

Titragan ovozda qishning bogʻidan

Huzuringa yeldim, bahor muborak!

 

Gulim, ovozimni taniding chogʻi,

Tashakkur tugʻildi bir zum lollikdan.

Sevgilim, bahor bu gʻamning adogʻi,

Sevgilim, xalos et telbahollikdan.

 

Harir pardani yigʻ, derzangni och,

Shamol hovuriga choʻmil toʻyguncha.

Tashrifga hozirlik koʻrar qaldirgʻoch,

Boʻyingdan mast boʻlib ochilar gʻuncha.

 

Quyoshni yelkada koʻtarar togʻlar,

Til chiqara boshlar tabiat sayrab.

Yashab qol ketmasdan baxtiyor chogʻlar,

Bahorning bagʻrida bahorday yayrab.

 

 

***

 

Manzilga yetmoqqa urindim, biroq

Umr oxiri yoʻq yoʻlga oʻxshaydi.

Togʻlarning bagʻrida munis bir qishloq

Duoga ochilgan qoʻlga oʻxshaydi.

 

Nihollar shashtidan koʻpchigan tuproq,

Qushlar qoʻshigʻida hayot yashnaydi.

Sogʻinib andalib kuylaydi koʻproq,

Oʻzanda chopqillab otlar kishnaydi.

 

Boqadi chinorlar, qoshga qoʻl qoʻyib

Adir orasidan oʻtgan soʻqmoqqa.

Ular turishibdi otamdek kuyib,

Bilmaydi, shahar bor hov oʻsha yoqqa.

 

Palangdara yashar toʻlib umidga,

Chashmadan orzular chiqadi sizib.

Men esa yuribman oʻtgan har itga

Bergancha yurakdan bir parcha uzib.

 

Manzilga yetmoqqa urindim, biroq

Umr oxiri yoʻq yoʻlga oʻxshaydi.

Togʻlarning bagʻrida munis bir qishloq

Duoga ochilgan qoʻlga oʻxshaydi.

 

O, enaga qishloq, maʼzur tut meni,

Boqiy hikmatlaring singgaydir jonga.

Unga uygʻun bilib hayot darsini

Aylanib boryapman Oʻzbekistonga.

 

 

Qamishlar

 

Dunyosida turfa xil ishlar,

Koʻylak qilib kiygan gardini.

Nayga aylanmagan qamishlar

Zovurlarga soʻylar dardini.

 

 

Oʻttizinchi fevral

 

Bahor kelyapti, jonginam, qaytib,

Koinot bagʻrida yer – yashil sayqal.

Qirdan boychechaklar terib beray deb,

Oʻttizinchi kunin izlaydi fevral.

 

Men ham fevral kabi shu kunga muhtoj,

Talpinib yashayman oʻttizinchiga.

Qachongacha gʻamga toʻlagaymiz boj,

Hadik gurkiraydi qalb urishida.

 

Hadik yamlayapti umrimni, qara,

Bugun ayrilamiz, ertamikan yo.

Bizga bagʻrikenglik qilsaydi, zora

Bir kunini ehson qilsaydi dunyo.

 

Oʻttizinchi fevral – baxtim koʻshki u,

Oʻttizinchi fevral – abadiy visol.

Dardim tushunsaydi, koshki u

Vatan boʻlar edi bizga ehtimol.

 

Umrim ummonida quyuqlashar dard,

Koinot bagʻrida yer – yashil sayqal.

Borliqda hijronga bosh egmoqlikdan

Birga yoʻqlik sari ketmoqlik afzal.

 

 

Usmon Nosir nolasi

 

Ichimda bir olov – yonayotirman,

Kimga xoʻjayinman, kimga shotirman,

Oʻzim ham bilmayman, nega qodirman,

Oʻpkamga qoraqum bosilganday doʻst,

Yuragimga Mashrab osilganday, doʻst.

 

Shabnamdan oʻzimga bir kafan bichsam,

Shafaqqa qonimni qoʻshiblar ichsam.

Dunyo mendan kechsa, men undan kechsam,

Insoniy qoida buzilganday doʻst,

Imon ildizlari uzilganday, doʻst.

 

Koʻzlarimda oppoq gul ochiladi,

Tuxum yorib, necha qul ochiladi.

Ozod ullar emas, “oʻl” ochiladi,

Koʻksimga tulporlar iz ilganday doʻst,

Yoʻlimda taʼnalar tizilganday doʻst.

 

Umrimni soʻz bilan muborak etsam,

Qalbimga yuz bursam, oʻz sori ketsam.

Shu qorakoʻz elning qadriga yetsam,

Bilmadim chin qanday, hazil qanday doʻst,

Har dilda qabrlar qazilganday doʻst.

 

Qaniydi, oʻzbekning goʻrlari tugʻsa,

Yo goʻr tugʻmasligin odamlar uqsa.

Dasturxonda kulcha – ilonday boʻgʻsa,

Haromu haloling sezilganday doʻst,

Qara, elning ruhi ezilganday, doʻst.

 

Shodlikdan soʻylaydi har yon jarchilar,

Jarchilar, jarchilar – el aldarchilar.

Soʻz kasriga qolar kun kelib ular…

Ruhim sheʼr taftida isinganday doʻst,

Boʻgʻzimda haqiqat qisilganday doʻst.

 

Ichimda bir olov – yonayotirman,

Kimga xoʻjayinman, kimga shotirman?!

Bilganim, men ham shu elga doirman…

Oʻpkamga qoraqum bosilganday doʻst,

Yuragimga Mashrab osilganday, doʻst.

 

 

Soʻnggi uchrashuv

 

Muhammad Rahmon xotirasiga

 

Mamatqiyom qani, Bahrom qayerda,

Umrim choʻkayapti teshik qayiqda.

 

Qayerda Sulaymon, sim qoqib bergin,

Koʻksim yonayapti kel, ora kirgin.

 

Ukajon, bir lahza sheʼrlaringni qoʻy,

Oʻlmasimdan meni qalam bilan soʻy.

 

Jovdirab qarama, men oʻzi shunday,

Umrim ham quyoshi chiqmagan kunday.

 

Vijdon bu – ulkan dard, undan yomoni,

Qibla boʻlavermas toʻrtta tomoning.

 

Musofirlik qursin, musofirlik, ha!

Hali tushunmaysan bu gapga uka.

 

Sogʻindim… sogʻindim Palangdarani,

Togʻlaru oʻru qir, yalangdarani.

 

Bahorda ochilgan lolaqizgʻaldoq,

Unga aytolmadim, yashamoq – aldoq!

 

Yolgʻonlardan meni olib ket, uka.

Kamtar davralarga xoʻb de, elt uka.

 

Shoirlik – xastalik! Hech qutulmadim,

Daryo yoqasida qamish boʻlmadim.

 

Oʻlmoqchiydim dardi dunyoi-dun deb,

Bobur ham topshirgan jon, Humoyun deb.

 

Oʻgʻlimdan ayrildim, gar xudodandir,

Xarob holim bilki, bul judodandir.

 

Gapim tarqoq balki, may noʻsh ayladim,

Qalamni ol, endi qaytish ayladim.

 

Hasratlashgim keldi ayni shu yerda,

Mamatqiyom qani, doʻstim qayerda?

 

Soʻng qiziqmas menga oʻlamanmi-yoʻq,

Kim bilsin ertaga boʻlamanmi yoʻq.

 

Oʻtinaman, bajar istaklarimni,

Haqiqatga topshir qarsaklarimni.

 

“Qars…qars… qars…” ukajon, chiqmoqda jonim,

Bu ilk qarsagimdir – tutsin dunyoni.

 

 

Gulim

 

Bir tushchalik qadri boʻlmagan,

Muhabbatni netamiz, gulim?!

Koʻngli boʻshning kuni kulmagan,

Hayot shunday betamiz, gulim.

 

Qovjiraymiz rashk oʻchogʻida,

Qasd zanglaydi ishq pichogʻida,

Soʻng gumonning keng quchogʻida

Yoʻqolamiz, yitamiz, gulim.

 

Qidiramiz aybni shaytondan,

Yuz burgancha gʻurur, iymondan.

Ot choptirib kirgan maydondan

Otsiz chiqib ketamiz, gulim.

 

Tosh otamiz bir-birimizga,

Hurlik berib oʻz sirimizga.

Qoni qochgan tomirimizga

Nafrat naqshin bitamiz, gulim.

 

Shu kungacha baxtdan oʻlmagan,

Ruhni nimta etamiz, gulim.

Bir tushchalik qadri boʻlmagan

Muhabbatni netamiz, gulim?

 

 

Terakzorlarim

 

Men yana keldim, terakzorlarim.

Sirojiddin Sayyid

 

Bolalikning olis xotirasiga

Yetarmikan cheksiz yurak zorlarim?!

Boshingni silagan shuʼlalar qani?

Bagʻringga qaytdim men, terakzorlarim.

 

Novdalaring oʻsib voyish boʻlibdi,

Shoʻxliklar yil oʻtib tashvish boʻlibdi,

Boshingdan koʻp savdo oʻtibdi mensiz,

Qoʻshigʻing eng mahzun xonish boʻlibdi.

 

Daryo qirgʻoqlari poyingni oʻpib,

Ildizing qirqmoqqa shaylanibdi, zab.

Sen oʻsgin, qoʻrqma hech, tomirlaringni

Asrayman yuragim tubiga joylab.

 

Bagʻringga qaytdim men, terakzorlarim,

Sheʼr yozmoq istadim yaproqlaringga.

Kel endi, bir lahza mizgʻib olayin,

Boshimni qoʻygancha oyoqlaringga.

 

 

Lavha

 

Uyal, dunyo – manglayning shoʻri,

(Bundayini kim ham koʻribdi).

Anov kishi shoirning zoʻri,

Oʻz kitobin sotib yuribdi.

 

 

Gʻussa

 

Qara, dilga mayday quyilmoqda kuy,

Ohangga toʻlmoqda umrifoniy jom.

Boʻl, bugun dunyoni bor boʻyicha suy,

Qoʻshiq tugamasdan, ketmasdan oqshom.

 

Ruhing parvoz etsin samolar qadar,

Koʻzing yangicha rang kashf etsin, koʻrkam.

Taningda oʻt yonsin, qalbing muzaffar

Odam shaklidagi gʻussali oʻlka.

 

Manzilsiz kimsaday qiyofang tushkun,

Biroq umring hali boʻlmagan tamom.

Qoʻshiqday qanot qoq, uchsang-chi, uchgin,

Odamday yashab koʻr sen ham bir oqshom.

 

 

***

 

Men kuzni sevardim, seni sevgandek,

Seni kutgan kabi kuzni kutardim.

Bahorning sershovqin kechalarida

Taqvimni varaqlab kunim oʻtardi.

 

Sen-chi, tabassumlar ilib yuzingga,

Kuzsiz tunlarimni sayr etar eding.

Yarashmagan qiliq qilib oʻzingcha,

Devorga sargʻaygan barglar ilarding.

 

Yigʻiga toʻliqqan koʻnglingni quchib,

Yelkamga boshingni qoʻyarding, erkam.

Men-chi, oʻsha damda mezonday uchib,

Gʻamli koʻzlaringa boqardim begʻam.

 

Endi ostonada sargʻayadi kuz,

Sariq koʻylagida tovlanar borliq.

Men esa taqvimni gʻijimlab besoʻz,

Karamli koʻnglingdan kutaman yorliq.

 

Endi u koʻngil yoʻq, endi sen ham yoʻq,

Kuz ham tamagirga oʻxshaydi sensiz.

Oʻshanda mensiz ham kuzning koʻngli toʻq,

Oʻshanda ham yashay olmasding mensiz.

 

Qadrini toptab kim qadr koʻrgan, ayt?!

Sensiz qancha kuzlar kelib-ketmadi.

Seni kuzatgandi taqvim, ayni payt

Qaytarmoqqa esa kuchi yetmadi.

 

Bahodir Bahrom

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.