Yana izlarimga tushgay izlaring

0
180
marta koʻrilgan.

ShUNDAY BOʻLGʻUSI

O, tenggi yoʻq ayol, seni dafʼatan

Tashlab ketishsalar doʻsti chin, nochin,

Uzoq-uzoqlardan qoshingga yelgum,

Gʻamu hasratingni qondirmoq uchun,

Xizmating qarzdori ham ixlosmanding.

 

Sevgidan nur sochding oʻz asrimizda,

Sendan fidoyisi yoʻqdir aslida.

Gʻamginmanmi yoxud quvnoq paytimda,

Koʻproq tushungansan meni oʻzgadan,

Koʻrguzib iltifot, berib maslahat.

 

Mabodo boshidan boshlansa umrim,

Yana izlarimga tushgay izlaring.

Mening taqdirimda sen nuri pirim,

Ha! Shunday boʻlgʻusi, toki tirikman.

 

EZGULIK DEBON

Ne-ne bedovlarni uyurdan ushlab,

Egar bostirdim.

Soʻngra uzangiga oyogʻim tirab,

Ona sarhad uzra ot solib yeldim,

Lek mohir chavandoz boʻla olmadim.

 

Bitdim, koʻp ming satr Kavkazda faqat,

Oʻzim madh aylagan oʻshal maʼvoda.

Haqiqiy shoir-ku paygʻambar sifat,

Zamon soʻylagusi, shoirmidim men!

 

Togʻli erlar bilgan, ayollar borin,

Ogʻushi jon olar oydin kechada.

Biror bir shundayin uchratmadim-da,

Sevgi sehrin aytmoq menga yoʻl boʻlsin!

 

Bir vaqtlar jasorat sanardim oʻzga

Oʻynoqi satrlar bitmoqni har kun.

Sado bermogʻi-chun qoyalar ichra,

Goʻyoki koʻpirib pishqirgan oqin.

 

Endi-chi, ehtimol ezgulik debon,

Yashirmay zamondin oʻz matonatim.

Koʻpincha qoʻlimga qalam olmayman,

Aslicha qoldirib qogʻoz varagʻin.

 

SHEʼRLARDA ChIZDIM

Sevgi qiynogʻidan diqqatim oshib,

Bergan azobidan ruhim tutoqib,

Dengiz boʻyidagi qumga talʼating

Chizdim ayro tushgan goʻdak singari.

 

Aksing mudom paydo tuyulur menga,

Koʻkning koʻshkida-yu, parchin qoyada.

Muzlagan vagonning tor oynasida,

Oʻtkir keskich oʻyib zarblagan yoʻlda.

 

Tabarruk sheʼrlarning xomakisiday,

Buni tahrir qilish men uchun oson.

Boshlangʻich satrimga boʻlib hamohang,

Chehrang paydo boʻldi unga yonma-yon.

 

Xayolan nigoh-la boʻyi-bastingni,

Jami qadahlarga tasvirin soldim.

Soʻngida jangovar kumush dastaga

Keskich-la oʻydimu, naqshini oldim.

 

Sipolik sarhadin ilmay nazarga,

Seni minglab ayol qiyofasida,

Sheʼrda chizdim, ammo koʻnglim toʻlmadi,

Garchi umr boʻldi shunga baxshida.

 

Egamberdi MUSTAFOYEV tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.