Xuddi kechagiday chiqmas yodimdan

0
96
marta koʻrilgan.

Bilaman

 

Bilaman, hammasi oʻtib ketadi,

Bilaman, hammasi aylanar tushga.

Qachondir siz uchun meni bir eslash,

Bilaman, aylanar katta yumushga.

 

Sezyapman, sezdirmay siz meni tashlab,

Qaygadir ketasiz zoʻr tashvish bilan.

Ketma deb aytolmay tilimni tishlab,

Qolaman men oʻsha yolgʻon tush bilan…

 

 

Qarshingda

 

Nahot meni toshday qotirding,

Nahot endi hissiz yashayman.

Koʻzlarimga kelmas ishongim,

Haykaltarosh emasding-ku sen.

 

Suratimni chizding havoga,

Qoldi jonsiz, quruq suratim.

Hayratdan yonaman butunlay,

Chunki sen rassom ham emasding…

 

 

Sizsizlik

 

Siz ketdingiz – yurak-bagʻrim qon mani,

Siz ketdingiz – dilda otash yonmadi.

Siz ketdingiz – tanda jonim qolmadi,

Menku siz-chun unut boʻlar tushday gap.

 

Sizsiz umrim boʻlib ketdi-ku barbod,

Siz buni bilmaysiz, bilmaysiz nahot.

Yelkamga yuklarin yukladi hayot,

Alvidolar – koʻnglim tilar nishday gap.

 

Sizni qoʻmsab, izlab, yigʻlar bu koʻngil,

Hech kimni sevmadim, sevilmoq tugul.

Koʻnglimda qolmagach birortayam gul,

Bahorlarni quvlab oʻtar qishday gap.

 

Sizsizlik ogʻirda, muzladim choʻlda,

Yoʻlingiz poylaydi, koʻzlarim yoʻlda.

Sizga aytolmagan soʻzlarim dilda,

Ey voh! Tilimni tishlagan tishday gap.

 

Taqdirdan hazilmi, bilmam yo chini,

Keling, jonim, qiling bir ilojini.

Armon menga ochdi keng qulochini,

Orzu – qanoti qayrilgan qushday gap.

 

 

Kutmagan kuning boraman

 

Ey sevgilim mendan umiding uzma,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

Kelmas ekan debon yuraging ezma,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Sogʻinchning sirtmogʻi bugun boʻyningda,

Hijronlar ulgʻayar sening qoʻyningda.

Ehtimol yoʻqdirman hatto oʻyingda,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Darvozangni ochib qoʻygin har kuni,

Bormogʻim tayindir axir bir kuni.

Hissiz dunyolarning tashlab yukini,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Qoshingda jim turib muzlasam, qotsam,

Ranjima koʻksingga xanjardek botsam.

Tiriklik chogʻimda imkonin topsam,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Yolgʻizlik yurakka oʻt, olov yoqdi,

Armonlar koʻnglimga bearmon boqdi.

Sen uchun atalgan muhabbat haqqi,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Bilaman yurganing ne kunlar sanab,

Kutasan yoʻlimga koʻzlaring qadab.

Hijronlar bazmiga yakunlar yasab,

Kut meni, kutmagan kuning boraman.

 

Qalbim otashidan yondirib seni,

Mehrim bulogʻidan qondirib seni.

Xudoyim xohlagan qaysidir kuni,

Kut meni, kutmagan kuning boraman

 

 

Koʻrishmaymiz

 

Endi sening yoring ham boshqa,

Endi unga boʻlgin jonajon,

Ne savdolar tushsa ham boshga,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Endi tamom, yonimga kelma,

Mayli sevgim boʻlsinlar armon.

Mayli meni deyishsin telba,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Yurak ham toʻydi-ku ohlardan.

Sevgimiz boʻlyapti chalajon,

Koʻzimiz kuysa nigohlardan,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Sensiz, mensiz ham gullar chaman,

Ayro boʻlaylik ikki tomon.

Mendan kechgin, men ham kechaman,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Senga sira talpinmayman, yoʻq,

Yuragimni ezsa ham hijron.

Yashayvergin koʻngling qilib toʻq,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Yoningga men hech yarashmadim,

Kechir endi ketmoqlik oson,

Tushun… axir hazillashmadim.

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

Ayriliqqa koʻnglingni koʻndir,

Yerga qulab tushmaydi osmon.

Mening soʻnggi qarorim shudir,

Koʻrishmaymiz endi hech qachon.

 

 

Bolalik

 

U paytlari juda baxtiyor edim,

Bulutlardik koʻkda uchib yurardim.

U paytlari juda begʻubor edim,

Xayolda yulduzni quchib uxlardim.

 

Jilovni tanimas qulundek boʻlib,

Qir-adir, biyobon kezib chiqardim.

Oʻzimga sigʻmasdim quvonchga toʻlib,

Oʻzimcha oyni ham uzib tushardim.

 

Jajji oyoqchamda changitib tuproq,

Tut xivchin ot qilib mingan paytimda.

Akamning jigʻiga tegardim koʻproq,

Oʻzim ham oʻlguday qaysar edim-da.

 

Xuddi kechagiday chiqmas yodimdan,

Akamning choponin kiyib qochganim.

Tol-tushlarda qochib onajonimdan,

Tuproqlarni uyib, yana sochganim.

 

Dadam qovogʻini uygan boʻlsa ham,

Termilib turardim, yuzim kulardi.

Soʻng meni bagʻriga bosardi dadam,

Koʻngliga bir olam quvonch toʻlardi.

 

Esimda singlimni yetaklab olib,

Bobomni koʻrgani ketib qolganim.

Oʻshanda bobomning yoniga borib,

Choʻntagim toʻldirib kanfet olganim…

 

Oʻshanda oʻyim yoʻq, gʻamim yoʻq edi,

Oʻshanda dard nima, tanimas edim.

Oʻshanda juda ham koʻnglim toʻq edi,

Oʻshada hayotni mensimas edim.

 

Bekzod Salom 1990 yil 9 mayda Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanidagi Jiyda qishlogʻida tugʻilgan. 2011–2015 yillarda Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutida tahsil olgan. “Hududsiz tuygʻular” (“Mumtoz soʻz” nashriyoti, 2013) sheʼriy toʻplami, “Sukunatdan chiqqan sadolar” (2015) albomi chop etilgan. Sheʼrlari matbuot nashrlarida eʼlon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.