Xotirjamlikdan koʻra goʻzalroq narsa yoʻqdir

0
185
marta koʻrilgan.

Shayx Najmiddin Kubaro sheʼr va hikmatlaridan

 

  • Nafs va maʼsiyat (gunoh) botqogʻiga botganlarni, isrofgarlarni koʻrdim, lekin oʻzimdan koʻra ochkoʻzroq, gunohkorroq, isrofgarroqni uchratmadim.
  • Bildimki, umr va dunyodan koʻra tezlik ila ketadiganroq, oʻlim va oxiratdan koʻra yaqinroq, orzu-xayoldan koʻra yiroqroq, xotirjamlikdan koʻra goʻzalroq narsa yoʻqdir.
  • Alloh qay kimsani dunyo qulligidan ozod etgan boʻlsa, oʻsha haqiqiy hur, erkin insondir.
  • Kim maxluq xizmatida boʻlsa, ul xoru zor; kim Xoliq xizmatini qilsa, ul azizu mukarram boʻlgʻay.

 

 

***

Ogoh boʻl hamisha, bu jahondir bor-yoʻq,

Hech narsa yoʻq unda, kemtigi zinhor yoʻq,

Yoʻq desalar, bor deb uni qil isbot,

Bor desalar, ayla dadil inkor “yoʻq”!

 

* * *

Ey goʻzali qoshi kamon, yoy elning,

Orzu, umid, azobisan, oy, elning.

Holima voy el kabi sevsam gar men,

Gar men kabi sevsa, holiga voy elning.

 

* * *

Dil shu qadar maftunu farzona bizim,

Tark etmas ani dilbari janona bizim.

Oh, hammaga ishq mayi quyulgan vaqtda

Dil qoniga botqizildi paymona bizim.

 

* * *

Band boʻlsa agar yil boʻyi bir zindongʻa,

Och yotsa mudom toʻygunicha to jongʻa,

Nonga bitib ibodatimni bersam,

Jirkanib it tish urmagay ul nongʻa.

 

* * *

Yurmak uchun haq yoʻliga yetmak shart,

Boshqasidan koʻzni yumib ketmak shart.

Elga shifo baxsh etu, och koʻzlarini,

Olam hama – Ul… Unga nazar etmak shart.

 

Matnazar ABDULHAKIM

tarjimalari

 

Buyuk Xorazmiylar” (Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1994) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.