“Xotiramda shahar va bogʻlar…”

0
124
marta koʻrilgan.

Oʻzbekistonga

 

Payti yetdi, joʻnaymiz bu chogʻ,

Oʻzbek yeri, azizsan muncha!

Juda ogʻir qardoshga aytmoq:

Xayr endi, xayr koʻrguncha!

Boshqa osmon mening tepamda,

Bahor, yorqin chiroqlar va men…

Bunda, mayin chodir – kapamda

Koʻz oldimda jonlanasan sen!

Butun qalb-la sezib turaman,

Keng dalalar – ey tengsiz chaman.

Choʻqqilari nurda bolqigan

Togʻlaringni quchib oʻpaman.

 

Xotiramda shahar va bogʻlar –

Kiyib olgan yam-yashil libos.

Ariqchalar, limmo-lim Salor,

Qator teraklarga viqor xos.

 

Xotiramda sokinlik qasri,

Qor qoʻynida u goʻzal Chimyon.

Yurak boʻlgan sening asiring,

Ey togʻ eli, jon Oʻzbekiston.

 

Jang yillari, ogʻir kunlarda,

Sen bizlarni olding bagʻringga.

Qoʻshiqni ham kuyladik birga,

Sen chorlading yurak – bogʻingga.

 

Qilichni ham yasadik birga,

Yov boshini kessin deb jangda.

Quvvat, otash berding sen dilga,

Oʻzbek inim, sen doim jonda!

 

Yana uchdi hayotbaxsh yellar,

Bu muazzam yerimiz uzra.

Qabul etgil qoʻshiqni yillar

Doʻstlik oʻtin sovutmas sira,

Xayrlashmoq qoʻshigʻimdir bu!

 

 

Salor

 

Nur har tomon sochilib yotar,

Gʻarb ufqida quyosh choʻgʻ, tanga…

Behalovat suv toʻlqin otar,

Orom berar yellar badanga.

 

Yashil devor boʻlib daraxtlar

Oʻrab olmish goʻzal oqishi.

Osudalik bilan soʻzlashar,

Ne soʻzlashar, bilmaysan kishi.

 

Bir oʻrdakcha kelib choʻmilar,

Qarab qoʻyar bamaylixotir,

Toʻlqinlarda suzar, koʻmilar,

Men boʻlsam-chi boʻlib xavotir.

 

Oʻrganolmay turaman. Qadim

Ajal oʻtgan derlar bu yerdan.

Sargʻish, yoldor suvga qaradim,

Toshdan-toshga sapchiydi birdan.

 

Teraklarning ortida nim rang

Olov asta soʻnganday boʻlar.

Saratonning issigʻi-yu chang

Bunga kelib tamom yoʻqolar.

 

Jimlik, lekin tut

daraxtlarning

Tepalikda bargi shuvillar.

Shovchin solmay uchar lapanglab

Suv ostida koʻrshapalaklar.

 

Oqshom choʻka boshlaydi asta,

Tun qoʻyniga kirmoqda olam.

Jimjit uxlar uzoq-uzoqlar,

Faqat tinmas beorom Salor.

 

Gʻazab bilan qaraymn Gʻarbga!

Ogʻir… mendan soʻrama aslo:

Alangada yonmoqda oʻlkam…

Koʻz oldimda turibdi tanho.

 

Oʻtiraman xayol suraman,

Va oʻylayman el taqdirini.

Intilaman ezgu el tomon,

Ey doʻstlarim, men qidiraman.

 

Suv ustida yulduzlar chaqnar,

Olam goʻzal boʻladi yana.

Ne deb guvlar tun boʻyi Salor,

Bilasanmi, qadrdon oshna?

 

Yakub Kolas

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.