Xazonlar – kuzakning muazzam arzi

0
126
marta koʻrilgan.

Ey, oy

 

Oy, sening dogʻingni ketkizaman men,

Yetti qat samodan oʻtkizaman men,

Eng harir chogʻlarga yetkizaman men,

Oy, sening dogʻingni ketkizaman men.

 

Koʻnglimga oʻt qoʻygan zoʻr ohlar bilan,

Eng nurli, eng toza nigohlar bilan,

Koʻzlarimdan oqqan buloqlar bilan,

Oy, sening dogʻingni ketkizaman men.

 

Kaftimda turibdi dunyoyi duncha,

Mening dunyolarga hushim yoʻq uncha,

Atirgul tikoni bagʻrim tilguncha,

Oy, sening dogʻingni ketkizaman men.

 

Xazonlar – kuzakning muazzam arzi,

Bu ham olamning bir koʻrinish tarzi,

Faqat bitta narsa yuragim farzi,

Oy, sening dogʻingni ketkizaman men.

 

 

Yuzma-yuz

 

Dunyo, menmi, shunday nargisday jussa,

Yarimta koʻnglimda oʻylarim butun.

Ey, sen koʻzlarimni yashnatgan gʻussa,

Men, axir, bir keldim, bir marta keldim.

 

Zumurrad bu tonglar koʻzim oqidan,

Qarogʻim qoraydi… qaydasan, baxtim.

Kunlar kuyib borar koʻnglim ohidan,

Men, axir, bir keldim, bir marta keldim.

 

Ochilging keladi sening ham. gʻuncha,

Netay, olam kengmas, havo buncha dim,

Men ming yil yigʻlayman bir soʻz aytguncha.

Men, axir, bir keldim. bir marta keldim.

 

Oh, sogʻinch yoshlari koʻzimda jiqqa,

Junjikib ketadi bu hisdan etim

Men endi kelmayman, kelmayman boshqa,

Men, axir, bir keldim, bir marta keldim.

 

Menmi. yalpizday yo, nargisday jussa,

Umidim – koʻklarga eltguvchi shaxdim.

Ey, sen, koʻzlarimni yashnatgan gʻussa,

Men, axir, bir keldim, bir marta keldim.

 

 

Dadajon

 

Kelmoq ham, ketmoq ham yangi gapmasdir,

Faqat bir musibat yomondan-yomon.

Qancha orzularim bor edi, axir,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Atrofim toʻladir odamlar bilan,

Ammo men kimsasiz yashayotgan jon.

Qoldim olamdagi bor gʻamlar bilan,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Dilga tavakkuldan bergansiz saboq,

Ichimda qolmagan zarracha gumon.

Faqat sizga mushtoq ekanman, mushtoq,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Choponingiz quchib yigʻlayman goho,

Deyman kimga kerak bu qasru ayvon.

Bugun hamma narsa tayyor, muhayyo,

Faqat siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Bu gʻarib koʻngilni koʻtarmoq qayda,

Qaniydi tatisa bu davru davron.

Bilaman, dunyosi juda ham mayda,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Goh oʻgʻlim koʻzida koʻraman sizni,

Yoki bu taskinmi, dilga, Xudojon.

Yoʻqotib qoʻyibman yoʻlchi – yulduzni,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Onamning koʻzida osmondayin dard,

Mening yuragimda bepoyon armon.

Sizday pok iymon-la yashamogʻim shart,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Qanday yupatmoqni bilmayman, ey voh,

Jonim – singillarim, uchta gul-rayhon.

Bir nurli duolar qalbimda, Alloh,

Endi siz yonimda yoʻqsiz, dadajon.

 

Yangi uylaringiz muborak boʻlsin,

Va jannat bogʻidan boʻlsin bir boʻston.

Oʻyingiz qalbimga xush darak boʻlsin,

Qalbimdan hech qachon ketmang, dadajon.

 

 

***

Bu qandayin shaklsiz tuygʻu,

Bu qandayin tushniksiz azob.

Bu qandayin soʻroq boʻldiykin,

Bu qandayin javobdir, Javob.

 

Bu qanday rang, aytsang-chi rassom,

Bir tovlansa parcha-parcha koʻk.

Bu kim boʻldi xoksor shunchalar,

Anglab boʻlmas daraja Buyuk.

 

Bu qandayin hayotbaxsh ohang,

O, mugʻanniy toʻxtama bir dam.

Osmon oqdi, zamin ham oqdi,

Oqib ketdi qoʻshilib dil ham.

 

 

Azizim

 

Senga dunyo kerakmi edi,

Koʻklammi yo senga, azizim?

Balki senga soʻzim kerakdir,

Balki senga kerakdir koʻzim?

 

Yoʻq, tortinma, oshkora aytgin,

Men gʻamlarga yoʻgʻrilgan dunyo.

Muhabbatning asiriman-ku,

Koʻzlarimni koʻr qil iloyo.

 

Kechalardan kelmaydi kechgim,

Oh, tonglarning otishi yomon.

Osmon, senga egilmayman, yoʻq,

Koʻzlarimga choʻkkala, osmon.

 

Mening oʻzim bilaman, tamom,

Qay shaklda ichimu tashqim.

Men suymayman ochilgan gulni,

Ochilmagan gullarda ishqim.

 

Dunyomidi, aylansin sendan,

Mana koʻklam, senga azizim.

Gʻam nimadir, tanimay yasha,

Hamma gʻamga yetaman oʻzim.

 

 

Gʻayrat MAJID

 

1998 yil

 

“Ijod olami”, 2017–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.