Xayr endi, Aldashmon, deb…

0
127
marta koʻrilgan.

Atoqli oqin Sangzor – Soyboʻyi qishloqlarining qaysi birida yo tanish-bilishlari, yo ota qadrdonlari boʻlsa, shu uylarga bir kecha qoʻnib, birlariga haddi sigʻsa, birlaridan sal-pal iymanib, dala-dashtlarda oʻzicha oʻlan toʻqib, oʻlan aytib yuruvchi yilqichi, qoʻychibonlarga ustoz tutinib haftani oylarga ulab, yoʻqsillarga qanoat, boy-badavlatlarga tavfiq tilab, qoʻlma-qoʻl boʻlib yurib, yoʻli Aldashmon qishlogʻiga tushib qolibdi. Qishloq ahli oyoqqa turib, shoirning izzat-ikromini joyiga qoʻyib, shoirning oʻz oyogʻi bilan kelishini yaxshilikka yoʻyib, qoʻshqoʻllab kutib olibdi. Qishloqning qoʻli ochiqlikda dong qozongan oʻtogʻasi Qoʻziboy togʻa taʼzim-tavoze bilan qutlugʻ xonadoniga oqinni taklif qilibdi. Oqinni orqavoratdan eshitib, bir koʻrishga orzumand boʻlib yurgan kishilarga odam qoʻyilib, koʻcha-koʻy, hovlilarga suvlar sepilib, shirbozlar soʻyilib, dasturxonlar tortilib, oʻtkinchi gʻamlar unutilib, ayoz yozga aylanganday boʻlibdi. Tun boʻyi oʻtmishdan, kechmishdan, qilmishdan, qidirmishdan, nihoyat, Dallidan, soʻzlari bollidan, oti ovozali, oltin darvozali Chambildan, bekdan, ultondan, Goʻroʻgʻli sultondan gap ketibdi.

Oʻsha kun, oʻsha hafta, oʻsha oylari GPUning odamlari qishloqning Nomoz chapani, Oqmurod koʻnchi, Omon enchi, Sulaymon soʻfi ismli bir soʻzlik manaman degan kishilarini terib-terib, tanlab-tanlab yov bosganday birdan bosib olib ketayotgan kezlar ekan.

Erkak zoti borki, ol endi erta-indin bizni ham olib ketsalar kerak, deb qoʻrqib-pusib, qaltirab-qaqshab yashayotgan qora bir kunlar ekan. Kolxoz degani shu boʻladigan boʻlsa, shoʻro degani shunday boʻladigan boʻlsa… deb bir xil qoruvli yigitlar beklarga qoʻshilib ketibdi. Qishloqdan fayz-baraka koʻtarilib, yoshu keksa sarosimaga tushib qolibdi. Itdan it tugʻiladi, uy aylanib boʻy yeydi, boʻridan boʻri tugʻiladi, ovul aylanib qoʻy yeydi, deganlariday, odamlar keyin bilsa, uyma-uy aylanib haligini… yeb, bir necha xonadonni qon qaqshatgan oʻz ovuldoshlari, otadoshlari – Shayvali bilan Shodmonali degan badkor, benomus ekan.

Ovul oqsoqollari hangoma orasida bu gapni Ergash boboga aytib, buning chorasini soʻrabdilar. Shunda shoir:

– Shu ikki itni ertalabki nonushtaga chaqirib kelingizlar. Men oʻshalarga aytar gapimni koʻpning oldida aytay, – debdi.

Ertalab oʻsha ikki imonsizni aytib kelishibdi. Gap gapga ulanib, shoir junbishga kirgandan soʻng, haligi aygʻoq desa aygʻoqqa, taygʻoq desa taygʻoqqa qarab, shu termani toʻqigan ekan:

 

Yoʻling eldan ayri boʻlsa yigʻla, yolgʻiz boshman deb,

Oyoq ostida toptalgan keraksiz bir toshman deb.

Gala-toʻpidan ayrilib domga tushgan qushman, deb,

Xor-zor boʻlib soʻqir boʻlgan koʻzdan oqqan yoshman, deb.

 

Endi yigʻla, yovlar tugul oʻzligimga yotman, deb,

Na uchib, na qoʻnolmasman – behol, beqanotman, deb.

Tarki jamoat kimsaman – benomus, bezotman, deb,

Issigʻi yoʻq, sovugʻi yoʻq oʻchib boʻlgan oʻtman, deb.

 

Yigʻla-yigʻla, topganda oʻz qilmishimdan topdim, deb,

Shukrona neligin bilmay nolishimdan topdim, deb.

Harom yoʻlga yurib qadam olishimdan topdim, deb,

Ilonni oʻz toʻshagimdan, bolishimdan topdim, deb.

 

Yigʻla olomon oldida, men birodarkushman, deb,

Qoʻngan yerim xarobatdir itolgʻi boyqushman, deb.

Padarkushdan hech farqim yoʻq, koʻzi qontalashman, deb,

Endi inson qavmi ermas itga qabrdoshman, deb.

 

Yigʻlangiz, bu qilmishimdan nelar qilarmishman, deb,

To oʻla-oʻlguncha qora yerga qaygʻudoshman, deb.

Toʻngʻiz misol harom qoʻpgan jirkanarlik loshman, deb,

Bosh olib ketmasam boʻlmas, xayr endi, Aldashmon deb.

 

Birda-birda shoirning fatvosi shohning hukmidan ulugʻ, degan gapda jon bor ekan. Oʻsha ikki elbuzar shu gurungning oʻzidayoq:

– Mehmon otangdan ulugʻ, degan gap bor. Bizni otamiz oq qildi nimayu mehmon oq qildi nima? Endi bizga bu tuproq, bu togʻlarda yurish harom boʻldi. Bu qishloq ahli bilan qiladigan bordi-keldimiz tamom boʻldi. Qilmish-qidirmish deganlari shu boʻlsa kerak, deb qishloqdan bosh olib chiqib ketgan ekan.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.