Xalqim, mehring ziyosi koʻnglingga boshlab borsin

0
69
marta koʻrilgan.

* * *

Tilimni chayon chaqsa, dilim chin ayt deb tursa,

Ichimda bir hur ovoz, oʻzingga qayt deb tursa.

Tushimda Temur bobom ot chopib, “hayt!” deb tursa,

Daralar sergak tortsa, men esa uygʻonmasam.

 

Mudrab yotgan qonlarim tomirimda gupursa,

Xotirim kim eding, deb mudom soʻroqlab tursa.

Koʻkdagi million koʻz kimligim koʻrib tursa,

Koinot toʻlgʻonsa-yu, men esa toʻlgʻonmasam.

 

Bobomning peshonasi egatdek chiziq-chiziq,

Oʻtmishi qulf osilgan sandiqdek qiziq-qiziq,

Vaqt hukmida tuygʻular, rishtalar yuluq-uzuq,

Gʻaflat mendan tonsa-yu, men undan tonolmasam.

 

Vatan! Vatan! deymanu kalomim soxta, siniq,

Uning hovuch tuprogʻi maʼvolari oq, tiniq.

Bu diyorning mashʼali iymon-la mudom yoniq,

Men kim boʻldim, gar uning qadrini anglolmasam.

 

Xalqim, mehring ziyosi koʻnglingga boshlab borsin,

Hazrat Navoiy yurgan yoʻlingga boshlab borsin.

Bosh ustiga sinovlar, yoʻlga dard tashlab borsin,

Oshiq yo shoirmasman shu darddan soʻz termasam,

Sening oʻgʻloningmasman, “Vatan!” deb jon bermasam.

Yashaganim ham yolgʻon shoningga shon bermasam,

Ona, oʻgʻlim demagil, kuningga yaramasam…

 

* * *

(Ch. Aytmatovning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasini oʻqib)

 

Chayqalib boryapman toʻlqinlar aro,

Dengizda oq bulut – manzil yoʻqolgan.

Mening ham qayigʻim bir motamsaro,

Mening ham osmonim yulduzsiz qolgan.

 

Unutib qoʻydim men tashnaligimni,

Sening izlaringdan suzib boraman.

Kirisk, qabul et oshnaligimni,

Dardingni ich-ichdan sezib boraman.

 

Mana men boryapman, chidagin picha,

Yetsam, otangni ham saqlab qolamiz.

Milxunga ayt: kutsin men borgunimcha,

Ovchilik nomini oqlab qolamiz.

 

Oqsoqol Oʻrxonning tamakisini

Chaqmoqning oʻtida tutatamizmi?

Axir men sezyapman Yerning isini,

Safarni shu yerda tugatamizmi?

 

Umiding soʻnmasin, kuchli boʻl, oshna,

Oʻzingni saqlagin telbaliklardan.

Bizni kutayapti buloqlar – tashna,

Umbaloq oshamiz tepaliklardan.

 

Oving yurishmadi ovulingga qayt,

Ochiq yaralaring endi kim yopar?

Biz keldik, eng mungli qoʻshigʻingni ayt,

Sohilda intizor turgan olapar.

 

* * *

Qismat, dedim, dod dedim,

Qoʻllaringni tort dedim.

Gʻamingni yelkamgamas

Yuragimga ort dedim.

 

Yoʻlim toʻldi toshlarga,

Koʻzim toʻldi loshlarga.

Yuragim, bu gʻamlardan

Omonlik yoʻq boshlarga.

 

Kuz koʻrdim koʻrmayin yoz,

Yuz koʻrdim koʻrmayin yoz.

Dunyodan soʻraganim

Mehr edi-ku, xolos.

 

Tangrim, shul holimga boq,

Yoʻlimda mingta tuzoq.

Sen tomon otlanganning

Manzili buncha uzoq.

Buncha uzoq…

 

Yigʻlama osmon

Nega bunday yigʻlaysan, osmon,

Senga tutar dastroʻmol qayda?

Koʻzyoshlaring yutib ketar Yer,

Oftob chiqsa, bugʻ koʻtarilib,

Qurib ketar bu eski jayda.

 

Nega bunday yigʻlaysan, osmon,

Kel, yaxshisi, ustimizdan kul.

Biz yigʻlaymiz sening oʻrningga,

Qara, oʻzi shundoq ham zamin

Bagʻri tilka, yanoqlari hoʻl.

 

Endi bunday yigʻlama, osmon,

Erimaymiz – diydamiz qotgan.

(Hayron qolar joyi yoʻq buning)

Yigʻlab-yigʻlab charchagan dunyo

Koʻzyoshining loyiga botgan.

 

Yigʻlama osmon…

 

Islomjon QOʻChQOROV

1993 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

 

“Yoshlik”, 2018/5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.