Vatan deb shivirlar kaftlarim mening

0
212
marta koʻrilgan.

YURT MANZARALARI

Parishon shaharlar, hurkak ovullar,

Donishmand sahrolar, joʻmard daryolar,

Yelkasin qor bosgan – gʻurur-la turgan

Bobom koʻzin koʻrgan ey, azim togʻlar…

 

Sochlari shamolda koʻkni supurgan,

Onamday muntazir turguvchi bogʻlar.

“Hayot kelayotir!” – xushxabar olib

Shul bogʻlar poyiga chopgan irmoqlar…

 

Boychechakning tillo piyolasida

Hamallar – amallar, erigan qorlar.

oʻolib bahodirning vazmin kiftida

Qizgʻaldoq koʻtargan maston bahorlar…

 

Olamga xirmonin ustidan boqqan,

Qoʻllari qadoqlar, otashin yozlar.

Saxo bul tuproqqa xayru xoʻsh ayta

“Bahorgacha…” deya boʻlgan parvozlar…

 

Shamol erkalanib qolgani kelgan,

Oftob taft olgani har kun oʻtguvchi.

Hilol koʻz uzolmay, oz-oz yeyilgan,

Fasllar tez kelib, arang ketguvchi…

 

Koʻchalar, orzular, xayol, tashvishlar,

Roʻzgʻorlar, oʻtboshi, totli kulgular.

Avtolar, signallar, daʼvatlar, ishlar,

Ertaga ham davom etgich bugunlar…

 

Erinchoq yo sergak tonglar, savollar,

Kunduzlar, asablar, yoyiq oqshomlar,

Yomgʻirlar, soyabon tutgan qadamlar,

Hayot tomirida chopgan odamlar…

 

Ana shu manzildan yonib oʻtaman,

Yogʻoch tulporda ham sevib ketaman,

Bu meniki deyman, gʻurur etaman,

Oʻgʻlimning, qizimning qoʻlin tutaman,

Vatan deb shivirlar kaftlarim mening,

Shunday toʻlib borar daftarim mening.

 

AQL, SEN BORSANKI…

Manzura kelgandi, onam shod edi,

Boshqorongʻu edi bizning Shohista.

Ruhim qirlariga turnalar qoʻnib,

Suzib ketardilar ohista…

 

Onamning quvonchi judayam qimmat,

Juda oson edi gʻussa tashrifi.

Manzurjon, bir dasta gulday kelding-a…

Ogʻangning bundan soz yoʻqdir taʼrifi.

 

Manzura kenjamiz, erkaroq edi,

Uning uch oʻgʻlini ovladi sayyod.

Koʻngliga boqmading, koʻziga boqmading,

Buncha qoʻling qattiq, otajon, Hayot!

 

Keyin onam ketdi… toʻyga ketganday,

Manzura koʻnmadi – yigʻloq boʻp qoldi.

Uning anor suvli jomday koʻngliga

Xudoyim baribir sabr ham soldi.

 

Ha, shul-da, koʻnmoq-ku, bandadan talab,

Ne-ne bahonalar qilib koʻrmadim.

Bizlarni Ollohdan olgandi tilab,

Aytgan tomoniga sira yurmadim.

 

Ha, shul-da, yupanchim – taskinni topdim,

Yigʻlatganin oʻzi yupatdi oxir.

Qoʻnogʻidan qochgan qulunday chopdim,

Bunchalar shirin bu! Voh, buncha talxdir.

 

Sen borsan, bahorga ishonaman-da,

Sen borsan, kuzakning tilin topurman.

Onam, singlim, qizim va yana sen ham,

Kelinglar, mehrimdan nonlar yopurman.

 

Ayol, men qoshingda mangu goʻdakman,

Sharror qoʻshiq boʻlib yuribman, mana.

Ayol, sen borsanki, gʻamlardan kulib,

Shoirlar qilurlar zebo tantana.

 

… Yerdan boshqasida suv yoʻq demishlar.

Qaqragan koʻnglimga oqquvchi zilol.

Insonga mehr-la qoʻl choʻzgan Tangrim,

Oʻsha aziz qoʻlning bir nomi ayol.

Ayol, men qoshingda mangu goʻdakman…

 

XIRMONLARIM

Dehqon yelkasiga oʻxshagan qirlar,

Dehqon kaftlariday ochilgan chanoq,

Ey, siz bu olamda xirmoni borlar,

Ey, siz bu olamga bergani koʻproq.

 

Ey, siz manglayidan yonoqlariga,

Mening umrim kabi terlari chopgan.

Ey, siz boshoqlari sutga toʻlganda,

Aziz peshonasin ufqlar oʻpgan.

 

Ey, siz kechalarin Xizr aylanib,

Dengizday chayqalgan dalalarim-ey!

Milyonta sadoqni shay tutgan sarboz,

Ey, mening beshikast qalʼalarim-ey!

 

Bir yelkada ketmon, biriga esa

Saraton oftobin tarvuzday qoʻygan.

Ey, tongdan shom sari ketayotganda

Kengish maydonlarda bir hordiq tuygan.

 

Kunlarni umridan bugʻdoyday sochsa,

Orzusi don tergan, oʻzi shon tergan.

Mening shoir koʻnglim soyaga qochsa,

Ariqda nonlarin ivitib bergan.

 

Ey, siz “hayyo-huyt” deb, tut belanchakda,

Oʻzingiz aytgansiz allalarimni.

Dunyo chumchuqlarin yuragin yoray,

Sheʼr aytib qoʻriqlay dalalaringni.

 

Qoʻynimdan toʻkilsa, qoʻnjimga deya,

Toʻnin etagida bunyod etgan chosh.

Xirmoni togʻ boʻlib, soʻng shu qirlardan

Oʻzga manzillarga yoʻl olar quyosh.

 

Olamda musavvir, mashshoq xalqlar bor,

Ellar tomoshaga navbatda turgan.

Ammo! Oʻzbek degan buyuk dehqon bor,

Oʻzbek esa doim xirmon koʻtargan.

 

MATAL

Oy – qoʻzisin yoʻqotgan choʻpon,

Maʼrab koʻrar nurlari bilan.

Qoʻzichogʻi mening gul koʻnglim,

Achomlashar tushlarim bilan.

 

Oy – ot minib kelayotgan choʻpon,

Qor oralab yoʻrtar yoʻrgʻasi.

Ayoz – boʻri, uvullar, ammo

Maʼramaydi togʻlar jilgʻasi.

Qoʻra olis – ufq ortida,

Choʻpon dilgir, oti horigan.

Mening esa boshimni silar,

Duduq otam, kafti terlagan.

 

Sandalgami koʻksini berib,

Matal soʻylar otam qoʻllari.

Bosh barmogʻi – toʻngʻich bahodir,

Xazinaga eltar yoʻllari…

 

Qorachiroq – qushuyqu onam,

Qora tunni qorday kuraydi.

Tushlarimning tashqarisida,

Bir qoʻzichoq ojiz maʼraydi.

 

Samovotda yolgʻiz, salt otliq,

Va minglarcha jondor koʻzlari.

Goh baʼzisi oʻtadi uchib,

Koʻkni bir zum tilar izlari.

 

Ot dupuri, sergakdir otam,

Uydan chiqib tunga kiradi.

Doʻqillatib etiklarini

Uy sirtiga tomon yuradi.

 

Yelkasidan qorni tushirib,

Soʻng kirishar otam va choʻpon.

Qoʻllarida mitti qoʻzichoq,

Voy, koʻzlari qop-qora marjon.

 

Tushlarimda bahor boshlanar,

Dikir-dikir oʻtlar qoʻzichoq,

Ayoz, jondor, boychechak haqda,

Otam, choʻpon va qorachiroq,

Suhbatlari bahorday uzoq.

 

Shodmonqul SALOM

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.