Vasling o‘yida qolmadi hech sabru qarorim

0
12
marta ko‘rilgan.

* * *

Bo‘lma g‘ofil bu hayotda, har nafasdan top ziyo,

Kecha, kunduz, shoh, gado yo xoru xasdan top ziyo.

 

Oftobu oyning ziyosi barchaga birdek ayon,

Qudrati Haqdan taralgan turfa sasdan top ziyo.

 

Qumriyu bulbul ovozi chun azaldan xush turur,

Anga jo‘r poyingdagi faryodrasdan top ziyo.

 

Yaxshi-yomon ichra olam evrilur bilmay to‘zim,

Ikkisidan ranj-alam chekkan u kasdan top ziyo.

 

Bog‘mi yo yobon qolurkim bosgan izdan, ey rafiq,

G‘oyibi ruhda sharaf topgan havasdan top ziyo.

 

Ojiz aqling olmagay, baxsh etmasa yor nurini,

Fursati bergan ziyo boru abasdan top ziyo.

 

Dil aro, Mahmud, saodat izla ishq maydonida,

Ne’mati birla Xudo bergan jarasdan top ziyo.

 

 

* * *

Ey nigoro, qilma abgor vaslinga sen zor etib,

Bermagil ko‘nglimga ozor ishq yo‘lini tor etib.

 

Topmadim hargiz visoling dard chekib hijron aro,

Qilmagil holimni murdor sen oni bekor etib.

 

Ishq-muhabbat ikki ko‘ngil ichrakim asror erur,

Et ani qalb ichra bisyor dilni sen hushyor etib.

 

Do‘st kuyib, ag‘yor sevingay ushbu holimni ko‘rib,

Tut o‘zingni menga g‘amxor, bas, diling izhor etib.

 

Vah, saning hajringda umrim o‘tda jonsiz, bemajol,

Etma rad ishqimni takror, o‘zni tutgil bor etib.

 

Bevafo dunyo arokim chin vafo qilguvchisan,

Aylagil bul qulga diydor, ishq arokim yor etib.

 

Dard aro, jismim aro, yor, bir seni, bas, tanladim,

Etmagil Mahmudni inkor doxili ul nor etib.

 

 

* * *

Saningdek dilraboga, yor, maningdek jonfido muhtoj,

Dili abgor, ko‘zi xunborki, dardingda ado muhtoj.

 

Kuyib ishqingda har lahza, visoling istagay ko‘nglim,

Tunu kun fikru o‘yingda yonurman, mubtalo muhtoj.

 

Jahon ayvonida yolg‘iz malaksan, mahliqosan, hur,

Sadoqat ilmini ko‘nglim o‘qir, har dam g‘izo muhtoj.

 

Muhabbat dashtida sarson kezurman benavo, g‘amnok,

Judolig‘ o‘zi yetmasmu, yana ne-ne izo muhtoj.

 

Ne baxt topmoq visol dardin ham ishqda o‘zni his etmoq

Ki, topganlar izin o‘pmak uchun qaddi duto muhtoj.

 

Muborak husnu xolingdan umidvor telbaman, Mahmud,

Yuzing ko‘rmak uchun ul kun yana mendek gado muhtoj.

 

 

* * *

Dilbarimdan ko‘rmadim men hech vafo, ey do‘stlar,

Tunu kun hajridakim qilmay xato, ey do‘stlar.

 

Bog‘ aro istab gulin men topmadim hargiz ani,

Dastma-dast ketdi yiroq aylab judo, ey do‘stlar.

 

Voh, nechun sho‘xi durafshonga ko‘ngil berdim, ajab,

Ko‘rsatib makrini boz etdi riyo, ey do‘stlar.

 

Foyda deb har ishni qildim, oxiri ko‘rdim zarar,

Qoldi g‘aflat ichra dil aylab jafo, ey do‘stlar.

 

Darbadar ishqi aro hech uqmadim bir yaxshi so‘z,

Etdi xor dardidakim aylab gado, ey do‘stlar

 

Kim, vafo istab ziyondin bo‘ldi bor aqlim siyoh,

Voh, ko‘ngil birla vujud aylar nizo, ey do‘stlar.

 

Notavonlik ichra Mahmud o‘zidin izlar panoh

Yor yo‘lin topmay hanuz, vohasrato, ey do‘stlar.

 

 

* * *

Umid qilgil, umidingga go‘zal bir kun nazar bordur,

Umid qilgan ko‘ngullarni sharaflarga yozar bordur.

 

Umidning hikmati yetgay qaroru sabru toqatdin

Ki, bardosh mevasin bir kun umid birla uzar bordur.

 

Niyat birlan shijoatdin yorishgay muddao har dam,

Umidlilar ko‘ngil ahdin sadoqat-la bezar bordur.

 

Ilohning himmati doim umidlilar qarog‘ida,

Bu nusrat birla har kimga ketar yo‘ldin guzar bordur.

 

Umidning rishtasin tutgil, hidoyatga burar doim,

Umidsizlik umidlar qasrini doim buzar bordur.

 

Ayo ko‘nglim, umid qilgil ilohdin, oh, so‘rab yolvor,

Umidlilar uchun har dam va har yon siymu zar bordur.

 

Yaratgan qudrati, Mahmud, abad sha’mini yoqqaydur,

Bu ne’mat birla har kim oxirat yo‘lin tuzar bordur.

 

 

* * *

Diloro, hajri dardingda bu rangimni somon qilding,

G‘amu hasrat, firoqingda bu qaddimni kamon qilding.

 

Visoling shu’lasin ko‘rmoq ilinjida edim, e voh,

Yiroqdin otashing birla yoqib umrim xazon qilding.

 

Xazon yanglig‘ qo‘nim topmay xarobot ichrakim holim,

Falak charxidakim, e voh, hayotim to‘rt tomon qilding.

 

Qolib anduhu g‘am ichra jarohat topdi bu ko‘ngul

Ki, zulmat ichra sen tashlab nechun bag‘rimni qon qilding.

 

Tunu kun tashnadur bu dil, inonu ixtiyorim yo‘q,

Bo‘lib soqiy, muhabbat bodasin sunmay yomon qilding.

 

Ko‘rurman deb gado yanglig‘ bu olam sahnini kezdim,

Solib jilvangni ko‘nglumga na yerlarni makon qilding.

 

Visoling umidi birla o‘tar Mahmud qaror topmay,

Nechun ishqing tutib qulga, o‘zingni, yor, nihon qilding?

 

 

***

Ishqing jomiga zavqu safo soldi muhabbat,

Zavqu safo ichra jafo soldi muhabbat.

 

Ey yor, sani deb kuydi tamom ruhi ravonim

Ham ruhu tanim ichra nizo soldi muhabbat.

 

Vasling o‘yida qolmadi hech sabru qarorim,

Hijron o‘tiga nash’u namo soldi muhabbat.

 

Zikringda sani bo‘ldi zabun holi tavonim,

Ruhimga ajib raqsu samo soldi muhabbat.

 

Yo‘qdir nazaring qulga hanuz, ey jafopesha,

Jismimga nihon xori fano soldi muhabbat.

 

Vaslu nasabing topmayin, oh, o‘tdi bu jonim,

Ahvolima rost ko‘yi vido soldi muhabbat.

 

Yor boqmadi deb tarki vafo aylama, Mahmud,

Osiy quliga rohi Xudo soldi muhabbat.

 

 

Ismoil Mahmud

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.