Vaqt

0
2950
marta koʻrilgan.

Gʻuncha ochilguncha oʻtgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Baʼzida bir nafas olgʻulik muddat –
Ming yulduz soʻnishi uchun yetgulik.

Yashash soatining oltin kapgiri
Har borib kelishi – bir olam zamon.
Koinot shu damda oʻz kurrasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.

Yarim soat ichida tugʻilib, oʻsib,
Yashab, umr koʻrib oʻtguvchilar bor;
Koʻz ochib yumguncha oʻtgan dam – qimmat,
Bir lahza mazmuni – bir butun bahor.

Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ay(yu)hannos ovoz.

Yigit termiladi qizning koʻziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum…
Qoʻsha qarimoqqa muhr boʻladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.

Yashash darbozasi ostonasidan
Zarhal kitob kabi ochilur olam,
Tiriklik koʻrkidir mehnat, muhabbat,
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.

Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng.
Oʻzbekning barhayot avlodlarimiz,
Har nafas mazmuni fazolardan keng.

Qatrada osmon aks etganidek,
Jahonday maʼnodor qorachigʻimiz.
Gʻolib asrimizga quyoshdan mashʼal,
Zamon koʻrasining soʻnmas choʻgʻimiz.

Zamona soati zang urar mudom,
Minglab hodisalar minutlarga qayd,
Qahramon tugʻildi, shahar olindi,
Bir gigant qurildi sharafli bu payt.

Reyxstag ustiga gʻalaba tugʻin
Qadashda otilgan adolat oʻqi –
Yalt etgan umri-la barqaror qildi
Basharning muqaddas, oliy huquqin.

Gʻalaba amri-la, magʻlub nemisning
Generali qoʻl qoʻydi. Uch sekund faqat…
Shu malʼun imzoda odamlar oʻqir
Million yil fashistning umriga laʼnat.

Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan soʻraydi qadrin.
Fursat gʻanimatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chogʻidir umr daftarin.

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana maʼbadin yoqmoq shart emas.
Koʻplarning baxtiga oʻzlikni jamlab,
Shu ulugʻ binoga bir gʻisht qoʻysak bas.

Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal,
Umrdan oʻtajak har lahza uchun
Qudratli qoʻl bilan qoʻyaylik haykal.

Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar gʻanimatdir, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

 

Gʻafur GʻULOM

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.