Usmoniy satrlar hali oʻlmagan

0
78
marta koʻrilgan.

* * *

Yozganlarim asli mahmadona soʻz,

Abadiyatga hech daxli boʻlmagan.

Bir asr tuproqda yotibdi Usmon,

Usmoniy satrlar hali oʻlmagan.

 

Menga yetmayapti ozgina shiddat,

Sheʼrlarim bagʻridan burqsiydi tutun.

Mendan koʻra oʻttiz bahor koʻrmagan

Abdulla Toʻqayning yuragi butun.

 

Koʻksim lovullaydi oʻt boʻlib yonar,

Yurak unda pishib turgan lahcha choʻgʻ.

Izlayman millatning dardin koʻtargan

Shavkat Rahmondayin shoir endi yoʻq.

 

Tangrim, yuzlarimga yorugʻlik bergin,

Maydalab qoʻymagin meni hayotda.

Manim oʻychan turgan suratim emas,

Biror satrim qolsin adabiyotda.

 

 

* * *

Atirgullar koʻrib sarrin tush,

Qolib ketdi ishq sohilida.

Koʻksimdagi pati toʻzgʻin qush,

Uchib ketding kuz yomgʻirida.

 

Qolaverdim isming shivirlab,

Buncha ishqning gʻamlari uzun?

Ketmoqdaman bogʻlar oralab,

Soyabonning ostida mahzun.

 

Tashlab qoʻymas shu holda meni,

Kuygan boʻgʻzim tirnab yotgan dod.

Olamdagi bor maysalarning

Boshlarini silab turgan zot.

 

Sen qaygʻurma, sira chekma oh,

Ayriliq bor ishq oxirida.

Faqat oʻzga yurakka nogoh,

Kirib borma kuz yomgʻirida .

 

 

* * *

Fuzuliyning davriga qaytsang,

Koʻrkam boʻlsang hamda yosh boʻlsang.

Hafta oʻtmay chaqirsa seni,

Fuzuliyga sartarosh boʻlsang.

 

Duo kilsa sening haqingga,

Gʻazal aytsa oʻylarga tolib.

Soʻngra qaytsang bugungi kunga

Fuzuliyga aylanib qolib.

 

 

* * *

Bu qirlarda yashaydi tarix,

Tulporlari tuyoq qoqarlar.

Singlimdayin muloyim maʼsum,

Xoʻrsinadi kungaboqarlar.

 

Ajriqlari hikmatga molik,

Gʻorlarida yashaydi xotir.

Tomchi suvga mahtal toshlari,

Ertasidan olar xavotir.

 

Pastlab borar bunda odamlar,

Balandlashar qirlarning qaddi.

O, bu qirlar ne-ne zotlarning

Aytolmagan eng buyuk dardi.

 

 

* * *

Singan stul, taxta piyola,

Bir chekkada tamaki tutar.

Derazalar horgʻin ayolday

Tuni bilan kimnidir kutar.

 

Olcha gulin ifori toʻlgan

Xonalarni kezaman sarxush.

Derazaning roqida yigʻlar

Bolalari nobud boʻlgan qush.

 

 

* * *

Botib turar koʻksimga bir tosh,

Soʻz aytmadim elga aytarli.

Bu yoʻllarning boshi xayrli,

Bu yoʻllarning soʻngi xatarli.

Kimga boray endi dil yorib,

Kim tinglaydi bir dil arzini?

Axir, har kun bu shoʻrlik tuproq

Soʻrayverar mendan qarzini.

 

 

* * *

Qushlar tashlab ketdi yashil bogʻlarni,

Daraxtlar qaygadir tongdan shaylanar.

Koʻnglimni bezatib turgan dogʻlarni,

Ustidan kalxatlar olis aylanar

Bir oʻzim kezaman yolgʻizoyoq yoʻl,

Quyosh xam ufqqa choʻkib borar tiz.

Ichimda bir odam choʻzib turar qoʻl,

Ichimda bir ayol yigʻlaydi yolgʻiz.

 

 

* * *

Koʻzim yumdim oppoq tumanlar,

Atirgulga qirov ingan kun.

Oʻrtamizda sharros yomgʻirlar,

Ukpar qorlar yogʻib tingan kun.

 

Siz keldingiz, birdan toʻxtadim,

Bu qanday hol, bu qandayin ish?

Oh, dekabr ketmay xonamga

Boychechakni olib kirdi Qish.

 

 

* * *

Goh shamali, goho shamasiz,

Goh qurumli kunlarim kechgan.

Hayot degan shu piyolada

Dunyo bizning qonimiz ichgan .

 

Sen bilmaysan, men ham bilmayman,

Gʻamlarni ham gʻamlab qoʻyishgan.

Ming yil avval taqdirimizni

Shu choynakka damlab qoʻyishgan.

 

 

* * *

Tun. Restoran. Odamlar gavjum,

Qadahlarda chayqalar koʻzlar.

Yuragimga qilarlar hujum,

Eng dahshatli, eng ogʻir soʻzlar.

 

Tashqarida oʻksinadi kuz,

Nigohlardan toʻkilar riyo.

Restoranda oʻltirar maʼyus

Odamlardan charchagan dunyo.

 

 

Saraton

 

Saraton – sochlari toʻzgʻigan ayol,

Saraton dashtlarning urilar changi.

Bir qiz koʻza quchib suradi xayol,

Bogʻlarning sargʻarib boradi rangi.

Saraton suvlarda qalqqan olmalar,

Sibizgʻa puflagan momolar ohi.

Yarim tun intizor ochar oynalar,

Beva kelinlarning mungli nigohi.

Saraton xayoli tongdayin oppok,

Singlisi osmonu, ogʻasi shu yer.

Saraton ming yilki qoʻllari qadok,

Quyoshda toblanib borayotgan el.

 

 

Muslim Musallam

 

“Ijod olami”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.