Umrim bahorida

0
4102
marta koʻrilgan.

MANZARA

 

Qora qushlar qoʻnarlar

Majnuntolning shoxiga.

Boshin suvga egarlar

Boqmay sira ohiga.

 

Rahmi kelib bulutning,

Yigʻlab toʻkar yoshini.

Qushlar kochar, majnuntol

Koʻtaradi boshini.

 

Bulutning orasidan

Quyosh kulib karaydi.

Majnuntolning yuvilgan

Sochlarini taraydi.

1952

 

 

* * *

 

Men jilgʻaman,

Daryo boʻlib toʻlgim keladi.

Ona yurtim,

Senga oʻgʻlon boʻlgim keladi.

Bugun senga

Faqatgina sheʼr bagʻishladim.

Kerak boʻlsa,

Jonni fido qilgim keladi.

1953

 

 

TONG LAVHASI

 

Ufqlarga qoʻyib guldasta,

Togʻ ortidan koʻtardi-da bosh,

Pastga boqdi choʻqqidan asta

Oltin qalam tutgan bir naqqosh.

 

Har nuqtaga sayqal berib u,

Vodiy uzra chizdi zar lavha.

Soʻng quyosh deb imzo chekdi-yu,

Tongotar deb qoʻydi sarlavha.

1956

 

 

KAMTARLIK HAQIDA

 

Garchi shuncha magʻrur tursa ham,

Piyolaga egilar choynak.

Shunday ekan, manmanlik nechun,

Kibru havo nimaga kerak?

 

Kamtarin boʻl, hatto bir qadam

Oʻtma gʻurur ostonasidan.

Piyolani inson shuning-chun

Oʻpar doim peshonasidan.

1956

 

 

TOGʻ BILAN SUHBAT

 

Deyman: Bulutlarga chulgʻangan, oppok

Tumanli boshingga quyosh toʻkar nur.

Kimsanki, qarshimda yuksalib magʻrur,

Uzoq-uzoqlarga boqasan, oʻrtok?

Aks-sado der: – Togʻ!..

 

Deyman: Gʻorlaringga koʻyganman qadam,

Ulkan qoyalaring kuchib oʻtganman.

Ustingdan necha bor uchib oʻtganman.

Kimmanki, shunchalar yuksak irodam?

Aks-sado: – Odam!..

 

Deyman: Quvonchingga tor kelur jahon,

Tongdan boshlanarkan bagʻringda gurung.

Nimadir shunchalar faxring, gʻururing,

Ayt, nelar qilibdi qoʻyningda makon?

Aks-sado der: – Kon…

 

Deyman: Fanlar sari shaxdam yoʻl oldim,

Porloq istiqbolim koʻz tutar menga.

Ishon, bir kun yana kelaman senga.

Ammo kim boʻlib – shu fikru xayolim.

Aks-sado: – Olim…

 

Tilagim shu, oʻrtoq, haqlisan butkul,

Ilmlar togʻi bor qarshimda hali,

Javohirlar toʻla bagʻring ochgali

Quchogʻingga yana kelaman, kutgil!

Aks-sado der: – Kel!

1956

 

 

KICHIK OY SOʻZI

 

Birinchi sunʼiy Yer yoʻldoshi atmosferaning quyuq qatlamlarida yonib ketdi…

 

Mayli, umrim abadiy emas,

Mayli, yashay faqat bir nafas,

Lekin meni oyga qilib teng,

Shuʼlalardan yasab koshona,

Quyosh sari uzatgan xalqning

Boshi uzra boʻlay parvona.

 

Mayli, soʻng oʻt chirmashsin tanga,

Mayli, meni quchsin alanga.

Faqat boʻlib Dankoning qalbi,

Fazolardan nur sochay fanga.

Ona-Vatan! Bir oʻgʻling kabi

Fido etay jonimni sanga!

1957

 

 

* * *

 

Doʻstlarimni hayron qoldirar

Baʼzan ishkiy sheʼrlar yozganim.

Hazilkashlar qoʻymasdan soʻrar:

 – Kuylaganing qaysi nozanin?

 

Yoʻq dey desam, kulgi boʻlaman,

Aldamoqni hech koʻrmayman ep.

Ne ham derdim, hazil qilaman,

Shoir hali izlanishda, deb…

1957

 

 

* * *

 

Tinglayman koʻp oʻzbek soʻzlarin

Xorazmcha talaffuzini.

Xush koʻraman u yer qizlarin

“Qoʻysangiz-a” degan soʻzini.

 

Ular buni aytsa muloyim,

Tillaridan asal toʻkilar…

Xorazmlik qizlarni doim

“Qoʻysangiz-a” degizgim kelar.

1957

 

 

* * *

 

Qaro qoshing,

qalam qoshing,

Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.

Qilur qatlimga qasd qayrab –

Qilich qotil qaroshing, qiz.

 

Qafasda qalb qushin qiynab,

Qanot qoqmoqqa qoʻymaysan.

Qarab qoʻygil qiyo,

Qalbimni kizdirsin quyoshing, qiz.

1957

 

 

EKSKAVATOR

 

Dasht qoʻyniga kirdi-yu

Ilk bora naʼra soldi.

Tashna yer bagʻridan u

Siqimlab tuproq oldi.

 

Boshi uzra koʻtardi

Tutib poʻlat kaftida…

Tuproq najot kutardi

Yonib quyosh taftida…

 

Hayojoni ortdi-yu

Titrab ketdi qoʻllari.

Soʻng bir naʼra tortdi-yu

Yurib ketdi ilgari…

1958

 

 

* * *

 

Gohi poyezd, goh ot bilan,

Gohi kezdim piyoda.

Men oʻtgan yoʻl meridian –

Chizigʻidan ziyoda.

 

Koʻp manzillar koʻzlaganman,

Koʻp dovonlar oshganman.

Kimlarnidir izlaganman,

Qaylargadir shoshganman.

 

Soʻqmoklarda tuproq kechdim,

Bosdim togʻlar toshini…

Qancha-qancha yoʻllar kezdim –

Topgunimcha to seni.

1958

 

 

MAJNUNTOL

 

– Qubbon sohilida qomating bukib,

Oltin barglaringni koʻl uzra toʻkib,

Nimalar haqida surasan xayol,

Soʻyla, majnuntol?

 

Yo tongda bir goʻzal chiqdimi suvga,

Nigohing tushdimi koʻzi ohuga?

Seni band etdimi labidagi xol,

Soʻyla, majnuntol?

 

Koʻl uzra oqqushlar parvoz etdimi

Va yo oʻylaringni olib ketdimi

Sochlaringni silab oʻtganda shamol,

Soʻyla, majnuntol?

 

Tunda oy aksini koʻrdingmi suvda,

Balki kutmoqdasan uni behuda,

Yoʻksa nega maʼyus koʻrinding, ne hol,

Soʻyla, majnuntol?

 

– Yoʻq, fikrim band etgan oqqushlar emas,

Sabo yo parivash bokishlar emas.

Na suv koʻzgusida koʻringan hilol,

Na chehrasi ol!

 

Xayolim boisi boshqadir butun,

Oʻtmishning bu gʻamli qissasi uzun.

Soʻrading, soʻylayin, mayli, quloq sol,

Qalbga tugib ol!

 

“… Jondan sevar edi bir-birin ular,

Qalbda toʻliq edi shirin orzular.

Yigit oʻktam edi, qiz – sohibjamol,

Xulkda barkamol.

 

Ular shu bogʻlarda oʻynab-kulardi,

Ogʻushim ularga maskan boʻlardi,

Bunda oʻtkazardi oshiqlar visol –

Damlarin xushhol.

 

Anov chamanlarda gul terardilar,

Anov tosh ustida oʻltirardilar.

Ikki qalb goʻyo qoʻsh kabutar misol,

Tillarida bol…

 

Ammo ushalmadi shirin orzular…

Bir kecha soʻnggi bor uchrashdi ular.

Oh, sevgi gulshani etildi poymol,

Soʻzlamok mahol…

 

Hamon yodimdadir u gʻamli koʻzlar,

Shu oqshom aytilgan alamli soʻzlar:

“Ota…”, “boylik…”, “taqdir…”,

“nikoh…”, “qari chol…”

Va “Xayr, xush qol!..”

 

Uzoq oʻtirdilar shu tun ikki yor,

Ayriliq shomida vafoli nigor

Yigitga qoldirdi ishqidan timsol –

Shohi dastroʻmol…

 

Shu boʻldi – ularni topmadim zinhor,

Soʻradim, izladim – koʻrmadim bir bor.

Qaydadir sevganlar, ne kechdi ahvol –

Bilmayman alhol”.

 

Gar soʻrsam javobsiz chayqalur bu koʻl,

Daragin keltirmas yellar ham butkul.

Bogʻda gul bosh chayqar, men bergan savol

Karshisida lol…

 

Soʻradim, dafʼatan jim qoldi bogʻlar,

Soʻradim, choʻkkanday tuyuldi togʻlar.

Soʻradim, chor atrof maʼyus, bemajol –

Koʻrindi behol…

 

Jondan sevar edi bir-birin ular,

Qalbda toʻligʻ edi shirin orzular.

Bu bir sevgi edi, ulugʻ barkamol,

Oh, ketdi uvol…

 

Sen bukun sohilda kezib yurganda,

Dildoring yoningda xanda urganda,

Shu kechmish hislari dil mulkin darxol

Qildilar ishgʻol.

 

Fikrimni band etgan ishq qissasi bu,

Va ishq qissasining alqissasi bu –

Shu sevgi haqqi ham sendagi iqbol

Topmasin zavol!

1958

 

 

QUBBON KOʻLIGA

 

Sado deydi: Sochlarin yoyib,

Nechun quyosh kezar parishon?

Tong chiqar-u kech boʻlar gʻoyib.

Ne izlab u kezadi jahon?

 

Aks-sado der: Bunda bir zamon

Yoʻqotmish u oyinasini…

Bexabarsan, ey koʻli Qubbon,

Quyosh hamon izlaydi seni.

1958

 

 

BULOQ

 

Buloq ona-Yer siynasidan

Sheʼr singari qaynab oqadi.

Suvning kumush oyinasidan

Mehrim boʻlib quyosh boqadi.

 

Toʻyib ichdim, suv bilan goʻyo

Dilga singdi yurt muhabbati.

Tashnaligim qondi-yu, ammo

Yana ortdi qalb harorati.

1958

 

 

* * *

 

Uchrashuvga oshiqadi dugonang,

Koʻzlar visol orzusida charaklab…

 – Bolam, choying sovib koldi, – der onang,

Oʻltirasan uyda kitob varaqlab.

Hali sevgi deb atalgan bastakor

Yuragingda torlar chertib oʻtmagan,

Hali hech kim gullar tutib navbahor

Seni visol bogʻlarida kutmagan.

Kechalaring osudadir, bir odam –

Yedi bilan band boʻlmagan oʻylaring…

“Yosh Verter”ni oʻkib bir kun meni ham –

Sevarmikin kimdir deya oʻylading.

Gʻoyibona yoʻllaringga intizor,

Allakimning kutishini bilmaysan.

Derazangni chertib senga ilk bahor,

Bir dasta gul tutishini bilmaysan.

Sen ham uni, u ham seni koʻrmagan,

Qayerdadir yashar lekin dunyoda.

Bogʻlar kezib hech gulga yuz burmagan,

U sen uchun har kimdan ham ziyoda…

Uchrashuvga oshiqadi dugonang,

Qalb orzikib, yor oldiga chopadi…

Qayerdadir seni izlar parvonang,

U albatta seni izlab topadi.

1959

 

 

SEVGI

 

Oʻn sakkizga kirmagan kim bor,

Bogʻingdan gul termagan kim bor.

Sen hakingda yozib toʻrt satr,

Sirdoshiga asta koʻrsatib,

Qoʻshni kizga byormagan kim bor.

 

Dastlab har kim kalam olgan on

Yonib seni kuylar begumon.

Maskan kurib har bir koʻngildan,

Oshiklarni koldirib tildan,

Shoirlarni kilursan biyron.

 

Tushdim chogʻi men ham domingga,

Ezgu hislar baxsh etding menga,

Hayotimga zar lavha boʻlding,

Ilk sheʼrimga sarlavha boʻlding,

Xayollarim ulfatdir senga.

 

Yuragimda his etdim kanot,

Tilsim kabi ochilur hayot,

Visoldagi damlarim shirin,

Hijrondagi gʻamlarim shirin,

Kulib bokar menga koinot…

 

Oʻn sakkizga kirmagan kim bor,

Bogʻingdan gul termagan kim bor…

1959

 

 

POʻLAT

 

U dastavval oybolta boʻldi,

Soʻng zambarak boʻlib quyildi.

Qilich ham u,

miltiq

va nagan,

U bomba ham boʻlib portlagan.

Lekin olgan jahonni faqat

Pero boʻlib quyilgach poʻlat.

1959

 

 

YOʻLLAR

 

Yillar osha bir yosh oʻsarman,

Yoʻllar osha bir bosh oʻsarman.

Men sayr etgan gul vodiylarda

Chechaklarga yondosh oʻsarman.

 

Bogʻlar oʻtgan, qir oshgan yoʻllar,

Ufqlarga tutashgan yoʻllar,

Jimir-jimir nuqralar taqib,

Nur emibsiz quyoshdan, yoʻllar.

 

Sayr odatim qoʻyarmidim men,

Oʻlkam kezib toʻyarmidim men,

Kezmay turib, sayr etmay turib

Uni shuncha suyarmidim men!

1959

 

 

XAYRLI KECh

 

Tilak qadrin bilar odamlar,

Yaxshi niyat qilar odamlar.

Doʻstga tungi orom oldidan

Xayrli kech tilar odamlar.

 

Xayrli kech – hikmatli istak,

Bu istakni buyurmish yurak.

Xayrli kech – farahli tuning

Osoyishta, tinch boʻlsin, demak…

 

Yer yuzida yashagan inson

Mayliga, u qayerlik boʻlsin,

Tinch mehnatda kunlari shodon,

Kechalari xayrli boʻlsin.

1959

 

 

ONA TUPROQ

 

Nega inson yerni qutlugʻ der,

Tuproqni ham sanar muqaddas?

Yoʻq, moʻtabar emas asli yer,

Tuproq oʻzi tabarruk emas.

 

Dastlab oʻsha yer uzra odam

Toʻkkanida halol manglay ter,

Gavhar undi ona tuprokdan,

Qutlugʻ boʻldi muazzam bu yer.

 

Oʻz muborak tuprogʻin inson

Yot nazardan asrab har nafas,

Uni quchib fido etdi jon,

Qoni bilan qildi muqaddas.

 

Yoʻq, moʻtabar emas asli yer,

Qutlugʻ emas tuproq hech qachon.

Muborakdir inson toʻkkan ter,

Moʻtabardir qutlugʻ toza qon.

1959

 

 

OʻLKA

 

Bogʻlaringni sayr etganimda

Sen bor eding qalbda, Vatanim.

Bogʻ husniga sheʼr bitganimda

Uni dastlab senga atadim.

 

Minglab tilda madhingni soʻzlar

Bunda oʻsgan har bitta daraxt.

Nur emadi millionlab koʻzlar

Koʻkdan sening husningga qarab.

 

Jilmayadi oʻzida yoʻq shod

Yangi oy ham ketmay qoshingdan.

Etak-etak olib koinot

Yulduzlarin sochar boshingdan…

1960

 

 

* * *

 

Kun togʻ oʻrkachiga tirmashar asta,

Novvot koyalarda yaltiraydi qor.

Yuksak choʻqqilardan boshlangan bahor

Shalolalar bilan intilar pastga.

 

Toʻshab sohillarga jilvakor gilam

Daryo boʻlib okar Amu, Siriga.

Bahor oʻlkasining kon tomiriga

Sharqirab kiradi fusunkor koʻklam.

1959

 

 

YOʻQ, HALOVAT ISTAMAYMAN

 

Yoʻq, halovat istamayman,

Orom bilmas yosh jonim.

Toʻlqin urgan ummoncha bor

Yurakdagi tugʻyonim.

 

Boʻronlarga, dovullarga

Peshvoz yurgim keladi.

Daryolarning girdobiga

Koʻkrak urgim keladi.

 

Tinchlik bilmas odatimdan

Ozor cheksam mayliga.

Olov boʻlib bir dam yonsam,

Soʻng oʻchsam ham mayliga…

 

Har mushkulga bardosh berar,

Chidar mening tosh boshim.

Ammo sokin, tinch yashashga

Sira yoʻqdir bardoshim.

1960

 

 

SHEʼR KEChASI

 

Navbatim kelmoqda,

Soʻzlayman men ham,

Eng yaxshi sheʼrimni izlayman men ham.

Qani,

Kuylarimning eng sozi qani?!

Koʻnglimning eng dilbar ovozi qani?!

Bir-bir varaqlayman yodim daftarin,

Meni maʼzur tuting, aziz doʻstlarim!

Quvnoq davrangizda oʻqib bergali

Eng yaxshi sheʼrimni yozmabman hali.

Sheʼrlar chamani keng,

Umrim ham uzoq,

Gullar terajakman quchoq va quchoq.

Ammo bir gul mening yuragimdadir,

Bir sheʼr yozmoq mening tilagimdadir.

Bu sheʼrni izlayman aqlimni tanib,

Bu sheʼrni kuylayman otashda yonib.

Bu sheʼr ishqi bilan yashayman mudom,

Bu sheʼr ishqi bilan koʻnglimda ilhom.

Bu sheʼrga band butun ezgu hislarim…

Meni maʼzur tuting bu gal, doʻstlarim,

Kuvnoq davrangizda oʻqib bergali

Eng yaxshi sheʼrimni yozmabman hali.

Va lekin men uni bitmagunimcha,

Bitib sizga takdim etmagunimcha –

Bir nafas halovat bilmasman aslo,

Tinmasman,

tinmasman,

tinmasman aslo!

1960

 

 

* * *

 

Aytib boʻldim soʻnggi koʻshiqni,

Joʻnab ketdi quyosh ham asta.

Alvon koʻylak kiygan ufqning

Etagida koldi guldasta.

 

Kuchoq ochar farahli bir tun,

Koʻz oldimda yana bir chaman –

Xayrli kech –

Tong bilan, doʻstim,

Yana bir sheʼr oʻqib beraman.

1960

 

 

* * *

 

To tirikdirki tabiat,

To quyosh sochgayki nur,

Uch egiz bordir tushuncha,

U bu soʻz yondosh boʻlur:

Mohiru mehru mahorat,

Olimu ilmu amal,

Oshiku ishqu mashaqkat,

Shoiru sheʼru shuur.

1961

 

 

OLIMLAR VA ShOIRLAR

 

Qancha ilhom kerak, ishk, orzu-tilak

Insonni fazoga uchirmok uchun.

Qancha bilim kerak, tafakkur kerak

Buni sheʼr, dostonga koʻchirmoq uchun.

 

Olimni band etar yulduzli osmon,

Cheksiz fazo ilmi shoir xayolin.

Ha, bu shunday zamon, ajoyib zamon,

Olimlar – shoiru

Shoirlar – olim.

1961

 

 

SHEʼR HAQIDA SHEʼR

(hazil)

 

Sheʼrim, mana, bitding nihoyat,

Tunim uygʻoq oʻtdi qoshingda.

Bitding dedim, sevinma faqat,

Qancha ish bor hali boshingda.

 

Hali seni yoʻnib, tarashlab

Yuz martalab oʻchirmogʻim bor.

Qayta-qayta gʻijimlab tashlab,

Takror-takror koʻchirmogʻim bor.

 

Axir bir kun mavsuming yetib,

Kirganida gʻoʻza shonaga,

Asta sening qoʻlingdan tutib

Yetaklayman gazetxonaga.

 

Ilhom dilga bogʻlagan qanot,

Shaxdam-shaxdam tashlaymiz odim,

Bizga aylab “shirin” iltifot,

Qarshi olar adabiy xodim.

 

Seni asta yonimdan olib,

Hayajon-la tutaman unga.

Sheʼrmi? – deya u qovoq solib

Koʻzoynagin qoʻyar burunga.

 

Oʻqib chiqar, tortmaga tashlar,

Oʻz ishini ettirar davom.

Endi, sheʼrim, shu kundan boshlab,

Sen meniki emassan tamom.

 

Hech kim seni sheʼr demas endi,

Hech kim demas qoʻshiq yo gʻazal.

Sen kuy, ilhom, shavq emas endi,

Bunda sening noming “material”.

 

Urinmagin endi behuda,

Uchmoq uchun bogʻlama qanot.

Orom olib shirin uykuda

Muharrirning tortmasida yot.

 

Yoz haqida bitilgan boʻlsang,

Shoshma, hali qish kelguncha tur.

Baxting kulib, yil oʻtgach, arang

Yarming chiqsa, shunga ham shukur.

 

Hali seni, sheʼrim, necha bor

Gʻurbatlarga yetaklar taqdir.

Bunda qatscha… muxlislaring bor,

Hali seni qilurlar tahrir.

 

Oʻzgaradi qancha kaloming,

Oʻzgaradi qanchalar lavhang.

Yozilganda “Tong” boʻlsa noming,

“Oqshom” boʻlar balki sarlavhang.

 

Soʻng olamga yoygali qanot,

Elni oʻzga qilgali “shaydo”

Quyosh yangligʻ bir kuni – hayhot! –

Gazetada boʻlursan paydo.

 

Oʻz nomimdan taniyman arang,

Lol turaman sening qoshingda.

Navbat bilan tanqidchi akang

Yongʻoq chaqar endi boshingda.

 

Tahlil aylab tersu oʻngingdan,

Ikkimizni qiladi behol.

Xoʻp doʻpposlab, tanqid soʻngida

Ijodimga tilaydi kamol.

1961

 

 

YOSHLIK

 

Yoshlik! Seni kuylamagan kim,

Ertaklaring soʻylamagan kim,

Qariganda oʻylamagan kim,

Oʻylab yana kuylamagan kim?

Bitmoq boʻldim men ham senga bayt,

Yosh yurakning haqqi bormi, ayt?

 

Yoshlik, asli mening oʻzimsan,

Keng olamga boqqan koʻzimsan.

Yozgan sheʼrim, aytgan soʻzimsan,

Kecham, ertam, ushbu roʻzimsan.

Bitmoq boʻldim sen uchun ashʼor,

Ammo oʻzni kuylamoq dushvor.

 

Yoshlik – gulu gulgʻuncha ekan,

Bu gul olam turguncha ekan,

Yoshlik – behad tushuncha ekan,

Poyoni yoʻq garduncha ekan.

Bitmoq boʻldim men unga doston,

Uylarimga topmadim poyon.

 

Yoshlik, dildan shavq ketgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Demak, qadringga yetgani yoʻq.

Yoshlik, seni kuylab bilurman,

Ammo bugun yoshlik qilurman.

 

Yoshlik – ishqu oshiqlik mayli,

Oʻzi Majnun, ham oʻzi Layli,

Subhi olam uning tufayli.

Mayli, unga bitmasam mayli,

Na bir gʻazal, na bir musaddas,

Uning oʻzi sheʼrdan muqaddas.

1961

 

 

ShOIR UMRI

(parodiya)

 

“Mana, men Lermontov yoshiga yetdim,

Bir shoir umrini yashadim chindan.

Sheʼriyat koʻkida tik parvoz etdim,

Parvozim balanddir uchqur lochindan”.

SAYYOR

 

“Mana, men Lermontov yoshiga yetdim,

Bir shoir umrini yashadim chindan”.

Qancha qogʻozlarning boshiga yetdim

Va lekin Lermontov chiqmadi mendan.

 

Doʻstlarim, ortiqcha kamtarlik nega,

Kelajak oʻn yilni koʻrdim oldindan.

Vaqt kelar, yetarman Pushkin yoshiga,

Ushanda… Pushkin ham chiqmaydi mendan.

1961

 

 

TERANLIK

Shoira ZULFIYaga

 

Teranlikni kidirmadim ummonlardan,

Insonlardan topdim uni, insonlardan.

Teranlik bu – nur yogʻilgan yuzlardadir,

Teranlik bu – oʻychan boqqan koʻzlardadir,

Teranlik bu – aytilmagan soʻzlardadir.

Mayingina chimirilgan qoshlardagi,

Nuqra-nuqra qirov qoʻngan sochlardagi,

Boʻronlarda egilmagan boshlardagi

Teranlikning taʼrifiga soʻz bormikan?..

Mashʼum yillar dilga solgan ozoridan,

Onalarning hasratidan, oh-zoridan

Odamlarning yuragida ummoni bor,

Ummonlarning sokinligi, toʻfoni bor.

U yillarning zilzilasi koʻkraklarda,

Mashʼum urush dogʻi hali yuraklarda.

Qassos qalbdan oqqan eng pok tilaklarda,

Umidlarda hayot qadar teranlik bor,

Koʻngildagi sabot qadar teranlik bor.

Teranlikni qidirmadim ummonlardan,

Insonlardan topdim uni, insonlardan.

1961

 

 

SURAT

 

Qayerdadir koʻrganman uni,

Bir dakiqa boʻlganman ulfat,

Eslolmayman, ammo, kay kuni,

Qay dakiqa, kay dam, kay holat.

 

Koʻzlarida ajib muammo,

Tilsiz surat boqar menga jim.

E, u oʻsha…

Topildi goʻyo

Unut boʻlgan bir boʻlak umrim.

 

Koʻz oldimdan oʻtadi bir-bir –

Allaqanday tumanli, xira –

Xayolimning qay burchidadir

Yoʻqolmoqchi boʻlgan xotira.

 

U kunlarni tiklar xayolim,

Yodga kelar barcha, barchasi…

Odamlar,

Siz mening hayotim,

Har biringiz umrim parchasi.

1961

 

 

SAMARQAND KEChASI

 

Munajjim tasbexidan toʻkilgan donalardek

Osmon uzra sochilib yarqiraydi yulduzlar.

Oy shamʼu tegrasida uchgan parvonalardek

To sahar javlon urib parpiraydi yulduzlar.

 

Qaddini kamon etib, yuzda tabassum izi,

Kecha sukunatiga quloq tutar yangi oy.

Nogahon eshitilsa chaqaloqning yigʻisi,

Yana bir Ulugʻbek deb oʻylab qoldi, hoynahoy.

 

Samarqand yulduzlari laʼlimikan, durdona,

Naqsh olmalar singari terib olgim keladi.

Har biri soʻylar ekan qadimdan bir afsona,

Sahargacha koʻz yummay quloq solgim keladi.

 

Ana Hulkar – yetti qiz imlar meni yiroqdan,

Oydin koʻchalar boʻylab shuʼlalarda oqurman.

Ulugʻbek qadam qoʻygan bu muqaddas tuproqdan,

Ulugʻbek nigoh tikkan yulduzlarga boqurman.

 

Bu kecha koʻk ummoni mashʼallarga toʻlugʻdur,

Hilolga qoʻngan yulduz suzar goʻyo yelkanda.

Qadimiy shahrim uzra kezaman, dilda gʻurur,

Yulduz toʻla osmonni koʻtargancha yelkamda.

1961

 

 

QIZALOQ

Singlim FERUZAga

 

Koʻgʻirchokdan bir zum nari ketmasdan

Erkalar, bagʻriga bosar qizaloq.

Hayot nima – hali idrok etmasdan,

Goʻdakligiga ham aqli yetmasdan,

Ona boʻlaman deb oʻsar kizaloq.

 

Taajjub, kim solmish uning koʻngliga,

Kirmoq kayda hali hayot yoʻliga,

Ona allasiga qonmasdan hali,

Ertaga shu uyga beka boʻlgali

Supurgi tutadi jajji qoʻliga.

 

Halitdan onalik mehr-shafqatin

Dilingga soldingmi, erka qizaloq?

Tatib koʻrmay hali hayot zahmatin,

Mushfiq onalikning bor mashaqqatin

Boʻyningga oldingmi, erka qizaloq?

 

Gulzor yashagandek gʻuncha qatida,

Tomchida quyoshning jamolin koʻrdim.

Oʻylasam, oʻy bitmas hayot haqida,

Shu jajji qizaloq tabiatida

Tabiatning buyuk kamolin koʻrdim.

1961

 

 

* * *

 

Oy fonusin koʻtardi osmon,

Yulduzchalar boʻldi parvona.

Sayr etaylik, kel, birga, jonon,

Koʻnglim seni istar yagona.

 

Qoʻllarimdan tut oʻzing, dilbar,

Oydin yoʻlga yetakla meni.

Oshiq boʻlib, ishon, shunchalar

Sevmagandim hech qachon seni.

 

Ajab, ortiq sarmastman bukun,

Koʻkragimga sikkuday olam.

Bu kun lim-lim toʻlmish lolagun

Ishq mayiga koʻngil piyolam.

 

Kel, yulduzlar toʻshalgan yoʻldan

Yetaklasin bizni muhabbat.

Gʻamlaringni chiqar koʻngildan,

Shod kunlarni eslaylik faqat.

 

Sayr etaylik, kel, birga, erkam,

Rozi ketsin bizdan umrbod –

Shodlik uchun yaralgan olam,

Sevmok uchun berilgan hayot.

1961

 

 

FIROQ HAQIDA

 

Sen yirokda,

Yoring yiroqda,

Oʻrtanadi joning firokda.

Tugab borar bardosh – saboting,

Uchay desang yoʻqdir qanoting.

Sevar yoring vasliga mushtoq

Kechalaring oʻtadi uygʻoq…

Ammo gʻamdan boshingni bukma,

Shahlo koʻzdan yoshingni toʻkma.

Dilbar, buni firoq dema hech,

Yorim mendan yiroq dema hech.

Chunki oro kirib joningga,

Bagʻring bir kun kelar yoningga.

 

Seni nohaq

Ranjitdi yoring,

Yo oʻzgadan rashk etdi yoring.

Nolishingga quloq solmadi,

Izhoringdan koʻngli qonmadi.

Ketdi, boqmay hatto qayrilib…

Sen buni ham dema ayriliq.

Dil oʻrtama, yigʻlama aslo.

Sen bu hijron zulmati aro

Pok sevgingni aylagin chiroq, –

Visol bilan almashur firoq.

 

Sen sevasan,

Sevmaydi yoring,

Yor koʻngliga yetmaydi zoring.

Sevganingni yoki bilmaydi,

Yo bilsa ham koʻzga ilmaydi.

Ayrilikda yonasan biroq –

Sen buni ham atama firoq.

Chunki sevging boʻlsa agar chin

Hijronlarni qilar chilparchin.

Ishon faqat, hech tolmay ishon,

Ishonch boʻlsa chekinar hijron…

 

Yoring boʻlsa

Yoningda doim,

Yoring boʻlsa – koʻrkam, muloyim,

Har oningni kechirsang birga,

Birga boʻlsang butun umrga,

Hayot kurib, ulab jonga jon,

Yashasang-u yillar yonma-yon –

Ammo boʻlsa koʻngillar yiroq,

Dunyoda yoʻq bundan zoʻr firok.

Bu firoqqa sira yoʻq davo,

Bu firoqqa yoʻliqma aslo!

1961

 

 

* * *

 

Oydin kecha,

Yogʻar koʻkdan zar,

Oʻyga choʻmib deding gul yuzim:

“Osmon toʻla sonsiz yulduzlar,

Qaysi ekan mening yulduzim?

 

U bir kichik zarradir, xolos,

Yirokdadir, ilinmas koʻzga…”

Ajab deyman,

Kim etmish qiyos

Odamzodni soʻnik yulduzga?!

 

Qalb koʻksimda yonib oʻrgangan,

Eʼtiqodim shu erur azal:

Ming yil xira yulduz boʻlgandan,

Bir dam yoniq sham boʻlgan afzal.

 

Asriy hayot kerakmas menga,

Ishq zavqiga qonib yashasam,

Parvonaning umri bas menga –

Faqat yonib,

Yonib yashasam.

 

Shu oʻy meni band etar koʻpdan,

Shu sababli deyman: gul yuzim,

Yulduz izlab netasan koʻkdan,

Oʻzingsan-ku mening yulduzim.

 

Oʻzingsan-ku mening yulduzim,

Surayyodan, Zuhrodan ortiq.

Koʻk tokidan olmadek uzib,

Birin senga qilaymi tortiq?

 

Kel, istasang oy halkasini

Qulogʻingga takay, dilbarim.

Xushnud etsa yulduzlar seni,

Etagingga toʻkayin barin.

 

Faqat, jonim, oʻzingni zinhor

Yulduzlarga etmagil kiyos.

Yonib yasha to tanda jon bor,

Quyosh boʻlgin, azizim, quyosh!

1961

 

 

KIMNI ETMAS BU KOʻNGIL ShAYDO

 

Dunyo ekan…

Ishq degan savdo

Bormi faqat mening boshimda?!

Kimni etmas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

 

Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga

Hayotimning boʻldi mazmuni.

U qoʻlimga tutqazib qalam,

Koʻzlarimdan oldi uyquni.

 

Oldi butun fikru xayolim,

Ketdi dildan orom, halovat.

Sevgi butun borimni olib,

Sheʼr zavqini qoldirdi faqat.

 

Borliq olam koʻzimga ming-ming

Goʻzallikka toʻlib koʻrindi.

Gullar menga oshiq bulbulning

Sheʼr daftari boʻlib koʻrindi…

 

Ayb etmangiz,

Doʻstlar, bu savdo

Bormi faqat mening boshimda?

Kimni etmas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

1961

 

 

KOSMONAVT VA ShOIR

 

– Ayt-chi, shoir, uchar boʻlsang fazolarga,

Koʻchar boʻlsang Oy, Hulkaru Zuhrolarga,

Yoʻlga Yerdan nimalarni olar eding,

Sen kemangga nimalarni solar eding?

 

– Uchar boʻlsam agar cheksiz fazolarga,

Koʻchar boʻlsam Oy, Hulkaru Zuhrolarga,

Ona-Yerdan bir kaft tuproq olar edim…

Olar edim lola, nargiz, sunbullardan,

Qarqunoklar, saʼvalardan, bulbullardan,

Archalarning yaprogʻidan olar edim,

Majnuntollar butogʻidan olar edim.

Tiyonshonning qora koʻzli ohulari,

Chamanlarda bol izlagan asalari,

Boshim uzra parvoz etgan qarchigʻayim,

Bogʻ koʻchadan minib oʻtgan qora toyim

Yerda qolsa, uchmoqqa hech rozimasman,

Fazolarga koʻchmokqa hech rozimasman.

 

– Soʻyla, shoir, sira chek yoʻq tilagingga,

Uchar boʻlsang, hamroh etib yuragingga

Ona-Yerdan nimalarni olar eding?..

– Ayta bersam, sira chek yoʻq tilagimga,

Uchar boʻlsam, hamroh etib yuragimga

Ona-Yerning muhabbatin olar edim,

Goʻzal oʻlkam tabiatin olar edim.

Olar edim bahoru kish, kuz, yozini,

Olar edim irmoklarning ovozini,

Suhbatlarning gʻulusini olar edim,

Shoʻx qizlarning kulgusini olar edim.

Kuylarning ham eng dilbari, eng sozini,

Navosini, gulyorini, shahnozini,

Olar edim chapandozin ham bayotin,

Hofizlarning tongda aytgan munojotin,

Navoiyning, Fuzuliyning sheʼrlarini

Olar edim, olar edim men barini.

Bularsiz men uchmoqqa hech rozimasman,

Fazolarga koʻchmoqqa hech rozimasman.

1962

 

 

YURAK VA AQL

 

Ikki kuch bor –

Yurak va akl

Ikki yonga tortuvchi meni,

Ular bundoq boʻlsa noahil,

Qaybirining tutay izmini?

 

Meni bir yon boshlasa aqlim,

Boshqa yonga yetaklar yurak.

Bilolmayman, qaybiri haqli,

Qaybiriga ishonmoq kerak?

 

Aql mening har qadamimni

Solmoq boʻlar tarozu toshga,

Har daqiqa tergaydi meni,

Oʻxshama deb koʻcha beboshga.

 

Yurak esa unga soʻz bermas,

Bu dunyoda faqat oʻyna der.

Bilmas,

Sira bilgisi kelmas

Qonun nadir, qoida nadir.

 

Yor koʻyiga chorlasa biri,

Yur deb har kech aylasa xitob,

Biri uyga yetaklab kirib,

Qoʻllarimga tutqizar kitob.

 

Aql aytar:

Sevding, oʻsha kiz,

Ayt-chi, senga qilurmi vafo?

Yurak faqat sev der, sevgisiz –

Yashamoqdan bormi hech maʼno?!

 

Aql menga qilar nasihat:

“Yosh joningni oʻrtama bekor”.

Yurak boʻlsa yon deydi faqat,

Hayot bizga berilar bir bor.

 

Aql deydi:

Sheʼringdan ne naf,

Mashqlaringdan lazzat olar kim?

Yoʻk, der menga, oʻltirma oʻylab,

Sheʼr yoz deydi nodon yuragim…

 

Aql cheksiz fazoga hokim,

Aql hokim olam yuziga.

Borliq unga boʻysunar,

Lekin

Yurak kirmas uning soʻziga.

 

Shundan bir yon boshlasa aqlim,

Boshqa yonga yetaklar yurak.

Bilolmayman, qaybiri haqli,

Qaybiriga ishonmoq kerak.

 

Aybli emas bunda irodam,

Maʼzur tuting, doʻstlar, siz meni.

Aql qancha haqli boʻlsa ham,

Tutar boʻldim yurak izmini.

 

U baxsh etgan otashda yondim,

Oʻzi boʻldi menga rahnamo.

Unga,

Faqat unga ishondim,

Yurak meni aldamas aslo!

1962

 

 

MAY SHEʼRI

 

May – bahor qizining

Oʻn sakkiz yoshi,

Uning ajib nozu

Adolari bor.

Boshida gulchambar

Porloq quyoshi,

Chamanda bulbuli

Shaydolari bor.

Baxmal koʻylagida

Guldan tugmalar,

Shalolalar aytgan

Navolari bor.

Zulfi sunbulini

Yuvgan chashmalar,

Oʻpib taroqlagan

Sabolari bor.

Qiyos topolmayman

Bahor husniga,

Yashil libosida

Na soz bu jahon!

Cheksiz vodiylarning

Zumrad tusiga

Rashku havas bilan

Boqadi osmon.

Men ham bogʻlar aro

Sayr etib bu dam,

Lolalar bazmiga

Qoʻshilgim kelur,

May – bahor haqida

Sheʼr aytib men ham,

Xushxon bulbullarga

Joʻr boʻlgim kelur:

Bahor kelar qayta-qayta.

May qayta-qayta,

Shoirlar ham charchamaydi

Madh ayta-ayta.

Sheʼrlar koʻpdir,

Sheʼrlardan ham

“Bahor”u “yoz”, “may”,

Men endi yozmay.

Qayda deysiz!

Gul bogʻlarga yetaklab bahor,

Lola terib bersa menga

Etaklab bahor,

Qancha yozsang oz, deb tursa,

Yoz deb tursa May,

Boʻlurmi yozmay?!

Garchi bahor kayta kelur,

May qayta kelur.

Yangi qoʻshiq olib, yangi –

Kuy ayta kelur,

Qancha baxor koʻrgan boʻlsam

Men shu yoshgacha,

Har yil bahor boshqachadir,

Biz ham boshqacha!

May – bahor qizining

Oʻn sakkiz yoshi,

Uning ajib nozu

Adolari bor.

Boshida gulchambar

Porloq quyoshi,

Chamanda bulbuli

Shaydolari bor.

1962.

 

 

GOʻZALLIK

 

Mulki borliq ichra bir mahal

Koʻrksizgina olam yaralgan.

Bermoq uchun dunyoga saykal

Olam aro odam yaralgan.

 

Shundan beri inson tinmayin

Shu yer uzra ter toʻkar hamon.

Yerni goʻzal qilgani sayin

Goʻzal boʻlar oʻzi ham inson.

1962

 

 

ASABLAR

 

Asablar,

Asablar,

Asablar…

Sababsiz sochilgan gʻazablar,

Gunohsiz chekilgan azoblar.

Koʻz yoshlar…

Bariga sabablar

Asablar, asablar, asablar.

 

Asablar kimlarni qulatmas,

Asablar uyquni yoʻlatmas,

Qalbni hech shodlikka toʻlatmas,

Odamzod temirmas, poʻlatmas!

Asablar kimlarni qulatmas!..

 

Asabga soʻz bermang, odamlar,

Gʻazabga yoʻl bermang, odamlar,

Umr-ku shunchalar qisqadir,

Shuni ham kilmaymiz biz kadr.

Asabga soʻz bermang, odamlar,

Azobga yoʻl bermang, odamlar!

1962

 

 

ChUMOLI

 

Gʻayrat kamarini beliga bogʻlab,

Oʻzidan kattaroq choʻpni ortmogʻlab,

Manzilga tez yetmok yolgʻiz xayoli –

Soʻqmoq yoʻldan borar

Chumoli.

 

Atrofiga bokmas, ishlar uzun kun,

Koʻpning xirmoniga qoʻshmoq uchun don…

Yoʻq,

Odam ajdodi boʻlmagan maymun,

Chumolidan tarqalgan inson.

1962

 

 

* * *

 

Sheʼr bitdi, koʻchirdim oqqa,

Bir bor qayta oʻqib chiqdim ham.

Endi biror sirdosh oʻrtoqqa

Sira boʻlmas oʻqib bermasam.

 

Men sheʼrimni muhabbat sirin

Saqlaganday oshiqlar pinhon –

Tutolmayman dilda yashirin,

Netay koʻngil koʻtarsa tugʻyon.

 

Shuning uchun pishib yetmayoq

Ilhomimning ilk mevasini –

Senga tutdim, ayb etma, oʻrtoq,

Yaqin oldim koʻngilga seni.

1962

 

 

ChASHMA QOSHIDA

Xayriddin SALOHga

 

Qaytar edim togʻ sayridan,

Koʻp edim tashna.

Horgʻin edim, yoʻlda birdan

Uchradi chashma.

 

Jilvalanib oqar edi

Muzdek zilol suv.

Suv labidan boqar edi

Shahlo koʻz suluv.

 

Yetib bordim, kuylab berdi

U shoʻx, xush ovoz.

Qiz rozini soʻylab berdi

Qoʻlidagi soz.

 

U kuyladi, men tingladim,

Men kuyladim – u.

Seni mangu saqlar yodim,

Koʻzlari ohu!

 

Qalbda hamon oʻsha yozu

Oʻsha koʻk chashma.

Oʻsha sozu oʻsha nozu

Oʻsha karashma.

1962

 

 

* * *

 

Fursat – oltin,

Sen koʻkrak kerib

Oltiningni sochib borasan.

Fursat kuvar,

Unga chap berib,

Soʻrogʻidan qochib borasan.

 

U yetolmas,

Yoshsan – abjirsan,

Qolmay kelar lekin orqangdan.

Qochma yigit,

Vaqt kelar, birdan –

Fursat mahkam tutar yoqangdan.

 

Foyda bermas

Ming tavbang u kun

Soʻrar ekan fursat sarhisob.

Benaf oʻtgan

Hayoting uchun

Vaqt oldida berursan javob.

1962

 

 

KAVKAZ SHEʼRLARI

 

YeLKAN

(manzara)

 

Uxlar ekan dengiz yopib tuman koʻrpasin,

Nozik kema tark ayladi Boku koʻrfazin.

Mavjlar uzra qalqib borar zangor havoda,

Ok yelkanni tebratadi tonggi shabboda.

Chaykaladi, intiladi ufqlar tomon,

Ufqlarda dengiz bilan tutashar osmon…

Tuman asta koʻtarilar, suv beti qirmiz,

Yelkan suzar, yelkan suzar qoldirib oq iz.

Chagʻalaylar tegrasida qiladi parvoz,

Kokil yozib quyosh unga chiqadi peshvoz.

 

 

ARARAT ChOʻQQISIGA

 

Oppoq tumanlarga chulgʻanib yotar

Moviy samolarga tutashgan boshing.

Bu yurtda eng avval senda tong otar,

Eng keyin tark etar seni quyoshing.

 

Kunduz bulutlar-la suhbat kurasan,

Tunda manglayingga qoʻnadi hilol.

Goh ogʻir sukutda oʻylar surasan,

Uzoq oʻtmishgami eltadi xayol?

 

Koʻy, ogʻir oʻylarni tark et, Ararat,

Mashriqqa koʻz tashla bu nuqra sahar.

Koʻngilga taskin ber, qalbga harorat,

Diyoru yorimdan keltirgin xabar.

 

Qaragin, bir yurt bor dengizdan nari,

Quyosh oshiq boʻlib koʻz tikkan diyor.

Harir koʻylak kiygan oq dalalari,

Amu, Sir atalgan daryolari bor.

 

Oʻsha goʻzal yurtda mening gulbogʻim,

Oʻsha gulbogʻ aro sevganim raʼno.

Yiroq-yiroqlarga qaragan chogʻing

Koʻzing tushmadimi yorga mabodo?

 

Boq, balki koʻrarsan ayni sahar payt,

U ham koʻz tikkandir balki sen tomon.

Yoring seni juda sogʻindi deb ayt,

Xabar ber, tez kunda qaytur deb omon.

 

 

AZGANUSH

Arman qiziga

 

Koʻrdimu lol boʻldi aqlim, oʻngmidi bu yoki tush,

Boʻlsa ham oʻng, yo seni koʻrgach, boshimdan uchdi hush.

Sen baland togʻ uzra erding misli ohu yoki qush,

Yolvorib men pastda derdim: bir nafas yonimga tush.

Azganush, hoy, Azganushim,

Azganushjon, Azganush.

 

Sen xayolning bir damilik jilvasimu chinmiding,

Yo gʻazallarda bitilgan “ul parivash” senmiding.

Orazi gul, sochi sunbul, bir tani siyminmiding,

Balki Shirin Shirin ermas, sen oʻzing Shirinmiding?

Azganushim,

Azganushjon, Azganush, hoy, Azganush.

 

Oʻsma qoʻydingmu qoshingga, bunchalar tim qoradir,

Bilmadim, bu qoshlaringdan qancha dillar poradir,

Rahm qilgʻil, bitta oʻzbek shunchalar yolvoradir,

Tush oʻzing, yo ayt, yoningga qaysi yoʻldan boradir?

Azganushjon,

Azganush, hoy, Azganushim, Azganush.

 

Boq, bu togʻlar ortida bir oʻlka bordir koʻp yiroq.

Men kanotli yoʻlchiga bu bir nafaslik yoʻl biroq,

Yur, parivash, men bilan yur, bormi senda ishtiyoq?

Gul tutarman senga soʻlmas ul chamandan bir quchoq.

Azganushim, Azganushjon,

Azganush, hoy, Azganush.

 

 

AYRILISH

 

Bir lahzadek oʻtdi-yu ketdi

Nogahoniy bu qisqa visol.

Kemalardek uchrashgan edik,

Ayrilurmiz kemalar misol.

 

Na men senga ishk izhor etdim,

Na sen menga mayl etding oshkor.

Seni bir zum tutmokqa endi

Na haqqim bor, na huquqim bor.

 

Sohillarda sayr aylagan on

Soʻz ochmoqqa jurʼat qilmadim.

Bu kuvonchlar soʻngida hijron

Borligini, netay, bilmadim.

 

Endi naf yoʻq, vakt oʻtdi, ketdi,

Tamom boʻldi bu qisqa visol.

Kemalardek uchrashgan edik,

Ayrilurmiz kemalar misol.

 

Suzarkansan manzilga tomon,

Oq yoʻl tilab qolgum, dilrabo.

Yetkazing deb sohilga omon

Shamollarga qilgum iltijo.

 

 

FUZULIY HAYKALI QOSHIDA

 

Yellar, bir daqiqa toʻxtang esishdan,

Sernavo bulbullar, sayramang bir oz.

Karbalo dashtida yayov kezishdan

Charchab tin olmoqda Fuzuliy ustoz.

Dengiz, toʻlqinlaring urma qirgʻoqqa,

Shoir oʻylariga bermagil xalal.

Ustoz yuragida sheʼr tugʻilmoqda,

Dunyoga kelmoqda bir munis gʻazal:

“Sabo, agʻyordan pinhon gʻamim

dildora izhor et,

Xabarsiz yorimi holi har obimdan

xabardor et,

Koʻngil, gʻam gunlarin tanho

kechurma, ista bir hamdam,

Ajal xobindin afgʻonlar chekib

Majnunni bedor et”.

Yaproqlar tebranar sheʼr maqomiga,

Chechaklar jimgina egib turar bosh.

Marmar sarhovuzning kumush jomiga

Shoir koʻzlaridan oqib tushar yosh.

Boku bogʻlariga choʻkmoqda oqshom,

Dengiz mavj uradi tovlanib zarhal.

Shoir yuragidan toshganda ilhom,

Yosh bilan quyulib keladi gʻazal:

“Parishon holing oʻldim, soʻrmading

holi parishonim.

Gʻamingdan darda tushtim,

qilmading tadbiri darmonim,

Na dersan, roʻzigorim boʻylami kechsun,

goʻzal jonim.

Goʻzim, jonim, afandim, sevdigim,

davlatli sultonim”.

Oshiqlar uxlaydi saharga tomon

Fuzuliy devonin boshiga qoʻyib.

Majnun sevgisidan oʻqilsa doston,

Bulbullar tinglaydi butoqqa qoʻnib.

Xalqim jondin sevar dilbar kuylarni,

Xalqim sheʼriyatga shaydodir azal.

Nechun band etmasin fikru oʻylarni,

Nechun mahv etmasin qalblarni gʻazal?! –

“Muqavvas qoshlaringkim, oʻsma

birla rang tutmishlar,

Qilichlardirki qonlar toʻkmak ila

zang tutmishlar.

Sahar bulbullar afgʻoni dagil

behuda gulshanda,

Fuzuliy nolai dilsoʻzina ohang

tutmishlar”.

Gʻazal ham boʻlurmi muncha dilrabo,

Bunchalar serishva, bunchalar sernoz.

Mening shoirligim yolgʻondir,

ammo

Fuzuliy sheʼriga oshiqligim rost.

Majnundek beorom boʻlib qolganim

Sarsari yugurgan toʻlqinlar aytsin,

Kechalar uyqusiz sheʼr yod olganim

Tonggi ufqdagi yolqinlar aytsin.

“Shifoi vasl qadrin hajr ila bemor

oʻlandan soʻr,

Zuloli shavq-zavqin tashnai diydor

oʻlandan soʻr.

Koʻzi yoshlularing holin na bilsun

mardumi gʻofil,

Kavokib sayrini shab to sahar bedor

oʻlandan soʻr”.

Yellar, bir daqiqa toʻxtang esishdan,

Sernavo bulbullar, sayramang bir oz.

Karbalo dashtida yayov kezishdan

Charchab tin olmoqda Fuzuliy

ustoz.

Dengiv, toʻlqinlaring urma qirgʻoqqa,

Shoir oʻylariga bermagil xalal.

Ustoz yuragida sheʼr tugʻilmoqda,

Dunyoga kelmoqda yangi bir gʻazal.

 

 

XAYRLASHUV

 

Xayr sizga, moviy Kavkaz togʻlari,

Xayr sizga, toshqin Kura va Zangu.

Xayr sizga, Artashatning bogʻlari,

Yuragimdan oʻchmagaysiz siz mangu.

 

Xayr, Sevan, zangori koʻl, yaxshi qol,

Izlarim bor qirgʻoqdagi qoyangda.

Xayr senga, qadrdonim majnuntol,

Oʻylar surib oʻltirganman soyangda.

 

Xayr deyman, koʻlda hamon koʻzlarim,

Kumush qanot chagʻalaylar, xush koling.

Ey, siz mening yerevanlik doʻstlarim,

Qora koʻzli bolakaylar, xush qoling.

 

Kechagina kelgan edim, goʻyo tush,

Bir nafasda oʻtib ketdi hafta ham.

Xayr senga, xumor koʻzli Azganush,

Xayr endi, koʻrishguncha, jonginam.

 

Qanday baxtki, seni topdim, dilrabo,

Goʻzal noming togʻlar qadar koʻtardim…

Arman yurtin koʻrolmasam mabodo,

Bu dunyodan armon bilan oʻtardim.

1962, Boku, Yerevan

 

 

MENING YULDUZIM

 

Yosh koʻnglimda orzularim moʻl,

Quyosh erir yurak taftimga.

Men osmonga uzatganda koʻl,

Sayyoralar qoʻnar kaftimga.

 

Tafakkurning poʻlat qushida

Koʻz-koʻz etib bu yoshlik koʻrkin,

Cheksiz fazo – nur ogʻushida

Yiroqlarga uchaman bir kun.

 

Parvonadek oʻynab, parpirab,

Atrofimni oʻrar yulduzlar.

Hayrat ichra yonib, yarqirab

Asta mendan soʻrar yulduzlar:

 

“Qanday yorugʻ yulduzsan, ajab,

Qanday porloq sayyoradirsan?

Yoki biror turkumdan ajrab

Biz yoqlarda ovoradirsan?

 

Nechun kirding shoʻx davramizga

Oʻtdek yonib hatto kunduzlar?..”

Shunda deyman:

Kimligim sizga

Bayon etay, tinglang, yulduzlar.

 

Tafakkurim – sinmas qanotim,

Eʼtiqodim – nur va oftob.

Men insonman, mening hayotim

Tarixlarda buyuk bir kitob.

 

Men insonman, qalbimda otash,

Quyoshdan toj, oydan taxt qurdim.

Men insonman, koʻhna, jafokash,

Tuprogʻimda mangu baxt qurdim.

 

Yiroqlarda, moviy ufkda,

Borligʻimni band etib manim,

Porlab turar dilbar bir nukta,

Oʻsha yulduz – mening Vatanim.

 

Qayda parvoz etmayin oʻzim,

Yodi bilan boʻlurman xurram.

Oʻsha mening tole yulduzim,

Oʻsha mening muqaddas kurram…

1963

 

 

KUTISH SOATLARI

 

“Nisbat qonunining

Bordir haqiqati.

Lahzaning maʼnosi

Dunyo qadar keng.

Kutish soatlarin

Bir daqiqasi

Visol onlarining

Bir yiliga teng.

Kutish soatlari

Qilur bagʻrimni xun,

Betoqat kutganda

Gohi ertani,

Deyman,

Vaqt tanobin bursam,

Uzun kun –

Bir lahzadek oʻtsaydi, qani!

Naqadar mushkuldir

Intizorlik dardi.

Insonga boʻysunmas fursat yaxshiyam, –

Umrim bir necha bor qisqa boʻlardi

Kutish soatlarin olib tashlasam.

Yoʻq,

Bu mumkin emas!

Yashamoq toti,

Lazzati moʻtabar bizga har soat.

Axir, odamzodning

Butun hayoti

Kutish onlaridan iborat.

Qoʻl ishga,

Bosh oʻyga,

Orzuga band dil,

Istiqbol yoʻliga koʻzni tutganmiz.

Biz axir million yil,

Balki milliard yil

Baxtli shu kunlarni kutganmiz.

Hayot boqiy ekan,

Kutish ham boqiy,

Mehnat,

Ijod bilan oʻtgan dam halol.

Qanchalar zoʻr boʻlsa vasl ishtiyoqi,

Shunchalar lazzatli boʻlgʻusi visol.

1963

 

 

ChIRCHIQ

 

Olimona sochlar parishon,

Tinmay chekar,

Balki vaqti zik.

Boshi uzra yulduzli osmon,

Oʻyga choʻmgan kimyogar Chirchik.

Oʻyga choʻmgan, koʻzi oldida

Jonlantirar kuni kechasin.

Oʻyga choʻmgan, u xayolida

Istikbolning tuzar rejasin.

Olim Chirchik oʻylar tun boʻyi,

Tinmay chekar,

Vakti juda ziq.

Erta tongdan korjoma kiyib,

Ishga tushar mehnatkash Chirchik.

1963

 

 

OLIMLARNING RAFIQALARIGA

 

Siz mohi tobonsiz, malaksiz, pari,

Eng ulkan dahriylar topingan sanam.

Siz buyuk davrimning fidoiylari,

Ahli donishlarga eng munis hamdam.

 

Olimning uyini charogʻon etgan

Mehru shafqatingiz, yurak taftingiz.

U olam kitobin bitgan chogʻida,

Yelkasida boʻlgan ilik kaftingiz.

 

Sevgan yoringizga jon fido aylab

Parvona boʻlursiz kechayu kunduz.

Sizning nomingizni olsa ne ajab

Osmon jadvalida bir talay yulduz.

 

Kimyogar yangi bir zarra kashf etsa,

Bu ijod boisi boʻlgan, hoynahoy –

Stolning chetiga siz koʻyib ketgan

Bir chakmok kand bilan bir piyola choy.

 

Yulduzlar koʻyniga samoviy yoʻldan

Parvoz kilar ekan buyuk tafakkur,

Olimlar zehnining charogʻi boʻlgan

Munis ayajonlar,

Sizga tashakkur.

1963

 

 

XOTIRA

 

Doʻstim,

Xotirangdan qilma shikoyat,

Yoddan chikarmoq xam yaxshi odatdir.

Yoddan chiqarmoq ham bir saodatdir,

Unutmaslik dardi ogʻir nihoyat.

 

Vaqtida unutsang,

Orom topar jon,

Qalb koʻtarib yurmas ortiq jafoni.

Mana men,

Yillarki, bir bevafoni

Esdan chiqarolmay kuyaman hamon.

1963

 

 

TOʻRTLIK

Tolib YOʻLDOSHga

 

Sheʼrning sozi – toʻrt satr,

Toʻrt ajoyib – zoʻr satr.

Shoir odam oʻzini

Toʻrt satrda koʻrsatur.

1963

 

 

OʻChIRGʻICH

 

Sheʼriyatning timsoli – kalam,

U haqda-ku, sheʼrlar behisob.

Ey shoirlar, bitganda kitob,

Eslab koʻying oʻchirgʻichni ham.

 

Usiz boʻlmas sheʼringiz ravon,

Usiz kilmas satrlar xanda.

Siz kalamga sheʼr ataganda,

Oʻchirgʻichga bagʻishlang doston.

1963

 

 

KIPRIKLARIM

 

Kipriklarim ikki saf boʻlib,

Bir-biridan yashaydi yirok.

Bedorligim toʻsib vasl yoʻlin,

Kipriklarim chekadi firoq.

 

Men tun boʻyi toshdan gul oʻyib,

Koʻzim yumsam tongda bemajol,

Meni asta uxlatib koʻyib,

Kipriklarim aylarmish visol.

1964

 

 

DARYo OQSHOMI

 

Bulutlarning etagida zar,

Amu uzra toʻr tashlar quyosh.

Daryo sokin,

Uxlar toʻlkinlar,

Uxlar, koʻyib qirgʻoqlarga bosh.

 

Tovlanadi ufk atlasda,

Baliqchilar ovdan kaytadi.

Yelkanlarni tebratib asta

Ona daryo

Alla aytadi.

1964

 

 

XORAZM QOVUNI

 

Dasturxonda Xorazmning

Qirqmasidan bir tilim,

Yulduzli koʻk sahnidagi

Hilolaga oʻxshaydi.

Bu qirqmalar bizga atab

Sharbat toʻla limmo-lim –

Muqaddas yer tutgan oltin –

Piyolaga oʻxshaydi.

 

Ne piyola, shu zaminim

Qalbi deyman har birin,

Ona-Yerning tomiriga

Bandi payvand etilgan.

Saxovatli Amudaryo

Suvlaridan simirib,

Bobodehkon qoʻllarida

Oro topgan, yetilgan.

 

Taʼriflamay mazasini, –

Totib koʻring siz bir bor,

Hazoraspning boli kabi

Labingizda erigay.

Qirqma agar boʻlsa arzir

Toleidan minnatdor,

Unga Vatan nasib boʻlmish

Amudaryo yeriday.

 

Oʻzbek eli farzandiman,

Faxrlansam arziydi

Qirqmasiga bol tomizgan

Dehqon bilan barobar…

Bu sheʼr asli kovun soʻygan

Bogʻbon otam qarziydi,

“Maʼqul” desa, boshim boʻlur

Osmon bilan barobar.

1964

 

 

BIR TOMCHI YOSH

 

Choʻqqidan bir kichik tosh yumalasa,

Togʻni qulatgudek suron qiladi.

Koʻzingdan bir tomchi yosh yumalasa,

Togʻday yuragimni vayron qiladi.

 

Agar koʻksim uzra qulasa birdan,

Tutmoqqa qodirman togʻlar toshini.

Hayhot, koʻtarolmam kipriklaringdan

Uzilgan bir qatra qaygʻu yoshini…

1964

 

 

OYGA

 

– Osmon qizi – suluv oydirman,

Koʻk sahnida oltin yoydirman.

Tunlar fonus tutib qoʻlimga

Termulaman sening yoʻlingga,

Menga kelib yetarmisan deb,

Yerga olib ketarmisan deb.

– Tun qoʻynida porlagan oysan,

Meni imlab chorlagan oysan.

Senga borib yetganim boʻlsin,

Yerga olib ketganim boʻlsin.

Lekin bunda bor bir parivash,

Karashidan dillarda otash.

Yuzi uning mohi tobondir,

Koʻzi uning ofati jondir.

U qarshingda koʻrsatsa chiroy,

Koʻkka qaytib ketmaysanmi, oy?

1964

 

 

BOSH TEBRATAR SOAT KAFGIRI…

 

Bosh tebratar soat kafgiri,

Der: qadrimni bilmas odamlar.

Sekundlarim gavhar har biri,

Nega parvo qilmas odamlar?!

Bosh tebratar soat kafgiri,

Shoshil, odam, oʻtmoqdadir on.

Har narsaning boʻlar oxiri,

Bosh tebratib qolma soʻng, inson!

1964

 

 

INSON VA FURSAT

 

Soat qilib,

Zanjir oʻtkazib,

Bogʻlab oldik fursatni qoʻlga.

Ammo fursat boʻysunmadi hech,

Yurmadi biz istagan yoʻlga.

Bizlar uni qoʻzgʻalmas qilib

Mixlab koʻydik devorlarga ham.

Ammo fursat bizdan yulkinib

Chopa berdi oldinga ildam.

 

Toʻxtatmoqqa urindik qancha,

Toshlar osdik, ammo boʻlmadi.

Sahar payti chirillaganda

Yostiq bosdik, ammo boʻlmadi.

Maxkam qilib oltin zanjirin,

Qisib oldi bilagimizdan.

Kuloklarni berkitdik, lekin

Sado berdi yuragimizdan.

Uyga qochib berkinganlarni

“Chik-chiq”, deya tortdi baridan.

Boshin yopib burkanganlarni

Yulib oldi toʻshak bagʻridan.

 

Vaktni qildik maydalab soat,

Parchaladik sekundlar qadar.

Chopa berdi va lekin fursat,

Kola berdik dod deb orqada.

Nihoyat, biz fursatni quvib,

Qamchi soldik gʻayrat otiga.

U har qancha yelib, yugurib

Yetolmadi inson zotiga.

 

Bizdan ortda surgalmasin deb,

Bizlar bilan chiqsin deb yoʻlga,

Soat qilib,

Zanjir oʻtkazib

Bogʻlab oldik fursatni qoʻlga.

1964

 

 

* * *

 

Koʻcha oʻrtasida bir siniq shisha

Oʻtgan-ketganlarga solar oʻzini.

Koʻcha oʻrtasida bir siniq shisha

Qaragan odamning olar koʻzini.

 

Shofyorlar tushirar kora oynasin,

Yoʻlovchilar chetga burar yuzini.

Koʻcha oʻrtasida bir siniq shisha –

Tengsiz moʻjiza deb oʻylar oʻzini.

1964

 

 

KUN OʻTGANDA

 

Fursat degan sekundlar

Qanotida uchadir.

Kecha “bugun” boʻlgan kun

Bugun mana “kecha”dir.

 

Oʻn ikki shoxli daraxt

Toʻkdi bitta yaprogʻin.

Shamol uchirib ketdi

Kalendarning varogʻin.

 

Qaytmas boʻlib oʻtdi kun,

Yetolmaydi yugurgan.

“Kecha”dan oʻz xaqqini

Olib qoldi ulgurgan.

 

Oʻtgan kundan sheʼr qoldi,

Koʻk boʻyi xirmon qoldi.

Birovga olam quvonch,

Birovga armon qoldi.

1964

 

 

* * *

 

Bolalarni shaytonlardan qoʻrqitmangiz,

Bobov keldi, deb koʻrpaga berkitmangiz,

To ulgʻayib, duch kelganda “bobov”larga,

Oʻxshamasin itdan qoʻrqqan soqovlarga.

 

Bolalarni shaddodlikka oʻrgatmangiz,

Rahmsizlik, bedodlikka oʻrgatmangiz.

To ulgʻayib, duch kelganda insonlarga,

Oʻxshamasin andishasiz shaytonlarga.

1964

 

 

JON ShIRINMI, QAND ShIRIN

 

Aytish qiyin, doʻstim, dafʼatan,

Shirinlikda nima ziyoda.

Goʻdak uchun ona koʻksidan

Shirin narsa yoʻqdir dunyoda.

 

Iillar oʻtib, yoshiga monand

Uzgaradi har bitta inson.

Bolalikda shirin boʻlsa qand,

Qariganda shirin boʻlar jon…

1964

 

 

VOKZALDA

 

Sukunatdan sikilsa baʼzan

Halovatga oʻrganmagan jon,

Izlab toshqin hislarga maskan,

Yoʻl olaman

Vokzalga tomon…

 

Bu dargoxda hech tinmas gʻulu,

Bu dargohda hech soʻnmas chiroq.

Bunda yondosh shodlik va qaygʻu,

Bunda yondosh visol va firoq.

 

Bunda soʻzlar inson nigohi,

Qalb urishin eshitar odam.

Goh shodlikdan qichqirib, gohi

Uf tortadi

Paravozlar ham…

Nechogʻlik boy tuygʻuga inson!

Vokzal shohid bari, bariga.

Shuncha shodlik, shuncha hayajon,

Shuncha koʻz yosh va shuncha tugʻyon,

Shuncha umid va shuncha armon

Qanday sigʻar uning bagʻriga?!

1964

 

 

SADOQAT

 

Keksa qayragʻochning

Ildizin ochib,

Tortdilar qoʻsh arqon solib belidan.

Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,

Sira qoʻzgʻalmasdi

Ungan yeridan…

Nihoyat gurs etib yerga kuladi,

Butab, soʻng koʻtarib ketdilar, biroq –

U oʻz panjasida olib joʻnadi

Yashagan yeridan

Bir siqim tuproq.

1964

 

 

INSONIYAT TARIXI

(Sharq afsonasi)

 

Soylar kelur kumush togʻlardan,

Gul boʻylari – chaman bogʻlardan.

Yer koʻksidan oqar buloklar.

El naqlidan chiqar saboqlar.

Sheʼr quyilib yurakdan kelur,

Ertak ezgu tilakdan kelur…

 

1

 

Juda qadim zamonda,

Qobiliston tomonda

Bir podsho oʻtgan ekan

Davron surib jahonda.

Butun umrin kechirib

Kayf bilan, safo bilan,

Ishi boʻlmagan ekan

Oʻtkinchi dunyo bilan.

Yillar oʻtib, nihoyat,

Yoshi yetgach bir joyga,

Barcha ulamo axlin

Chaqiribdi saroyga.

Debdi: “Olamga kelib

Olam nedir bilmadim,

Odam boʻlib yashadim,

Odam nedir bilmadim.

Qirq yil podsholik qilib

Umrim oʻtdi gʻaflatda.

Krlganini ilmga

Sarf qilurman albatta.

Shuning uchun farmonim:

Barcha bilimni toʻplab,

Odam ahli yaratgan

Barcha ilmni toʻplab,

Insoniyat tarixin

Jam qilib kitob yozing.

Yozganda ham batafsil

Va lekin shitob yozing”.

 

2

 

Olampanoh podshoning

Farmonin bajo etib,

Qirq faslda qirq olim

Qirq tuya kitob bitib,

Karvon bilan podshoning

Saroyiga eltmishlar.

Taʼzim bilan keltirib

Shohga takdim etmishlar.

Demishlar qullaringiz

Yuragining qoni bu,

Insoniyat tarixin

Eng qisqa bayoni bu.

Hayrat ichra debdi shoh:

Koʻp yozibsiz bunchalar.

Insoniyat tarixi

Uzunmidi shunchalar?

Kimga darkor shuncha gap,

Sanjob qiling, ulamo,

Koʻpi bilan bir tuya

Kitob qiling, ulamo.

 

3

 

Yana ulugʻ podshoning

Farmonin bajo etib,

Insoniyat tarixin

Qirq bor muxtasar bitib,

Qirq donishmand saf chekib

Saroy tomon yurmishlar.

Podshoning qarshisida

Taʼzim qilib turmishlar.

Olimlarga debdi shoh:

Rahmat sizga, ulamo,

Bularni ham oʻqishga

Umrim yetmaydi ammo.

Shuning uchun, azizlar,

Tafsilotni kam kiling.

Bor ilmni yigʻing-u

Bir kitobga jam qiling.

 

4

 

Qaytib yana qirk olim

Qirq oy tun-kun oʻltirmish.

Qirq tuyalik kitobni

Bir kitobga keltirmish.

Ular yana saf chekib

Yoʻl olganda shoh tomon,

Shoh oʻlim toʻshagida

Yotar ekan bu zamon.

Kitobni koʻrib debdi:

Rahmat sizga, ulamo.

Bir kitobni oʻqish ham

Endi menga muammo.

Olimlarga boqibdi

Podsho maʼyus koʻz bilan:

“Mazmunin aytib bering

Ikki ogʻiz soʻz bilan.

Eshitib oʻlar boʻlsam

Qolmas edi armonim”.

Olimlar donishmandi

Shunda debdi: xoqonim,

Odamlar tugʻiladi,

Gʻam chekadi, oʻladi.

Insoniyat tarixin

Mazmuni shu boʻladi…

 

 

YANGI YIL GULDASTASI

Oʻqituvchilarimga

 

Bu kun men chamanlardan

Bolaligimni eslab,

Saharlab shudring kechib,

Quvlashib oʻtgim kelur.

Yigirma yetti bahor

Chechaklarin saralab,

Aziz ustozlarimga

Dasta gul tutgim kelur.

 

Navbahor quyoshidan

Nur emgan nihol kabi

Sizning shuuringizdan

Men ham bahramand boʻldim.

Doʻstlarim Murod, Oʻtkir,

Talʼat, Mirjamol kabi

Kattakon oilada

Men ham bir farzand boʻldim.

 

Ustozlarim, men sizning

Bir parcha yuragingiz,

Aziz boshingizdagi

Bir tola ok mendandir.

Ozgina oklay olsam

Umidu tilagingiz,

Qarshingizda bosh egib

Taʼzim kilmoq mendandir.

 

Siz mushfiq ona boʻlib,

Boʻlib mehribon padar,

Goʻdak boshimni silab,

Ertamni oʻyladingiz.

Oʻttiz ikki harfdan

Osmon ilmiga qadar

Murgʻak ongimga quyib,

Hayotga yoʻlladingiz.

 

Yangi yil kelar ekan

Dil uyin qilib obod,

Oʻylayman, toshqin suvdek

Oʻn yil oqib oʻtibdi.

Siz meni kuzatgan yil

Maktabga kelgan avlod

Bugun uchirma boʻlib

Qanot qoqib turibdi.

 

Qayda boʻlmay, ne qilmay,

Mudom sezib turaman,

Gʻoyibona siz meni

Qilmoqdasiz imtihon.

Qalam olsam koʻlimga,

Dastlab sizni koʻraman.

Urinaman, sheʼrlarim

Boʻlmasin deb parishon…

 

Sheʼr yozdim yangi yilning

Muborak ayyomida,

Har bitta misrasiga

Mehrim payvasta boʻlsin.

Bu sheʼrim qahratonning

Ayozli oqshomida

Otashqalb shogirdlardan

Sizga guldasta boʻlsin.

1964

 

 

KUY AVJIDA UZILMASIN TOR

 

Kuy avjida uzilmasin tor,

Sheʼr yarmida sinmasin qalam.

Yashab boʻlmay umrini zinhor

Bu dunyodan ketmasin odam.

 

Qoʻldan tushib sinmasin qadah,

Lab tekkanda toʻkilmasin may.

Toʻxtamasin urib turgan qalb,

Boshlab qoʻygan qoʻshigʻi bitmay.

1964

 

 

YULDUZ

 

Sarlavhasin topmay gohida

Sheʼrim uzra qoʻyaman yulduz.

Posbon boʻlsin sheʼrim boshida

Oʻsha yulduz kechayu kunduz.

 

Zuhro kabi yaraklab tursin

Tunlar oʻzim yumganda koʻzim.

Hech soʻnmasin, charaqlab tursin,

Soʻnganda ham mening yulduzim.

1964

 

 

SHEʼR VA ShAXMAT

 

Katak qogʻozdagi toʻrt yoʻl sheʼr kabi

Shaxmat donalari saf chekkan qator.

Nayzador filiyu shahsuvor aspi,

Tugʻbardor farzini hujumga tayyor.

 

Shaxmatni sheʼr bilan kiyos ayladim,

Bilimdon oʻkuvchim, qilma eʼtiroz.

Sheʼr axir emasmi shaxmatdek qadim,

Shaxmatda yoʻqmi yo sheʼriy ehtiros.

 

Goʻzallik, nafosat, kurash va sanʼat

Sheʼr ila shaxmatga azaliy udum.

Ming yillik umrida ular beshafqat

Doimo shohlarga boshlagan hujum.

 

Shaxmat koʻp oʻynalgan, sheʼr koʻp yozilgan,

Odatiy yurishlar hammamizga yod.

Bobolar oʻynagan usullar bilan

Ular nabirasin qilib boʻlmas mot.

 

Uyin ermak emas sheʼr xam, shaxmat xam –

Aqllar kurashi, tuygʻular jangi.

Bu jangda koʻyilgan har bitta qadam

Odilu haq boʻlsin,

Goʻzal va yangi.

 

Men orzu qilaman,

Toʻrt yoʻl sheʼr bitib,

Elga manzur qilsam aqalli bir bor.

Shaxmatni ilk bora ixtiro etib

Quvongan hindidek edim baxtiyor.

 

Shaxmat abadiydir,

Sheʼr abadiy.

Yurish tugamas-u soʻz boʻlmas tamom.

Shaxmat taxtasida,

Sheʼr maydonida

Gʻoyalar kurashi etadi davom.

1964

 

 

SOʻNGAN YULDUZLAR

 

Koinot qaʼridan

Million yil yurib,

Bukun derazamga

Koʻngan yulduzlar!

Ming yillar ilgari

Taratgan nurin,

Ming yillar ilgari

Soʻngan yulduzlar!

Kim aytar sizlarni

Umri bitgan deb,

Hamon koʻk sahnida

Porlab turibsiz.

Jozibalar bilan

Koʻzlarni tortib,

Imlab, oʻzingizga

Chorlab turibsiz.

Sizga termilurman

Kechalar bedor,

Ajib qismatingiz

Oʻylab qolurman.

Necha asrlarga

Umri poyidor

Buyuk ustozlarim

Yodga olurman.

Ular ham siz kabi

Yongan bir zamon.

Yonib ado boʻlgan

Sizlardek, ammo

Avlodlar yoʻlini

Yoritar hamon

Ular qachonlardir

Taratgan ziyo.

1964

 

 

KEChA VA KUNDUZ

 

Yorugʻ dunyo bor ziyosin teng

Taqsim etgan kecha, kunduzga.

Nur kadriga yetmay tun, uni –

Sochdi oyga, minglab yulduzga.

 

Shundan oyning yuzi dogʻ ekan…

Yulduzlar ham xuddi munchoq yosh.

Kunduz esa barcha nuridan

Yaratibdi birgina quyosh.

1965

 

 

UCHI TUGUK DASTROʻMOL

 

Qoʻshnim ishga ketayotir saharlab,

Bir qoʻlida uchi tuguk dastroʻmol.

Yo rektorga aytmoqchidir muhim gap,

Kechqurunga goʻsht kerakdir ehtimol.

 

Kim biladi, balki zarur kiritmoq

Ilmiy kengash qaroriga yangi band,

Yo doʻstiga qilmoqchidir qoʻngʻiroq,

Olmoqchidir bolalarga xoʻrozqand.

 

Balki… yana boshqa ming bir xil sabab,

Unutmasin deb parishon bu xayol,

Qoʻshnim ishga ketayotir saharlab,

Bir qoʻlida uchi tuguk dastroʻmol.

 

Shoshma, doʻstim, barcha ishing bitadi,

Bitmas ish yoʻq, oshiqmasin yuraging.

Inson umri axir yeldek oʻtadi,

Bosh koʻtarib atrofingga karagin.

 

Qara, bahor sep yozibdi olamga,

Qara, gʻuncha gul shoxini egibdi.

Yasanishni unutmay deb bayramga,

Balki u ham roʻmolchasin tugibdi.

 

Bu dunyoda kim betashvish, kim begʻam,

Har insonning bir boshida ming xayol.

Oʻylab koʻrsam, miyamizning oʻzi ham

Oʻn toʻrt milliard uchi tuguk dastroʻmol,

 

Odam yashar zamon yukin orqalab,

Sergʻalvaroq kechasidan buguni.

Orom bermas koʻkragida betinch qalb

Bamisoli dastroʻmolning tuguni.

 

Shoshma, doʻstim, barcha ishing bitadi,

Muhim gap ham, qoʻngʻiroq ham, xoʻrozqand.

Ammo seni ertangi kun kutadi,

Erta yana dastroʻmolning uchi band.

 

Bugungidek yana sahar turasan,

Ajratasan keraklarning keragin…

Sochlaringda bir tola oq koʻrasan

Birinchi bor sanchganida yuraging.

 

Takdir deylar, bilmam nadir taqdiring,

Balki oltmish, balki yuzga kirgan chol…

Boshing uzra unsiz yigʻlar kampiring,

Bir qoʻlida uchi tuguk dastroʻmol.

 

Hayot asta soʻnar ekan koʻzingda,

Yurak sendan hisob soʻrar oʻsha kun.

Boʻlganmi hech ixtiyoring oʻzingda,

Biror soat yashadingmi betugun?

 

Oʻyla, doʻstim, kelmay turib oʻsha dam,

Isrof qilma yosh yurakning kuchini.

Mana bu gap hech chiqmasin yodingdan,

Tugib qoʻygin dastroʻmolning uchini.

1966

 

Erkin VOHIDOV

 

“Ishq savdosi” (“Sharq” nashriyoti, 2000) kitobidan

Oldingi sahifaXoʻja
Keyingi sahifaAxloq
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.