Umrboqiy vaqt

0
214
marta koʻrilgan.

Aleksandr FAYNBERG

 

KUZ

Dalalarda tuman tarqalur,

Qanday toza, qanday sof havo.

Oltin kuz bu – qirmizi billur,

Oltin kuz bu – qirmizi navo.

 

Kuzgi bogʻlar kimsasiz, yuvvosh,

Qushdek uchmas shoʻx argʻimchoqlar.

Xazon kabi toʻkilar quyosh,

Ozgʻin shoxlar, yalangʻoch shoxlar.

 

Derazalar ochmaydi qaboq,

Oynalari – yigʻlayotgan koʻz,

Turnalardek ketmoqda uzoq,

Xayrlashadi, xayrlashadi kuz.

 

Barg toʻkilgan, yoʻllar changigan,

Qayoqqadir ketishar shoshib:

Changʻichilar sariq changʻida

Shitir-shitir uchar tom oshib.

 

YULDUZ

Har qaysi yulduzga keladi navbat,

Har bir orzu-niyat boʻlur ijobat.

Kuylovchi chiroqchi osmonda kezib,

Har nurni vaqtida yoqadi, albat.

 

Koʻpirib qoyaga sakraydi dengiz,

Qirgʻoqqa tushaman, shamol sochar tuz.

To hayot ekanman, sayyor chiroqchi,

Falakda yoqib ber men uchun yulduz.

 

Mayli, dengiz cheksiz, zulmat hamma yoq.

Mayliga, umid yoʻq, mayli, yoʻq mayoq.

Chiroqchi, ajalim yetgan boʻlsa ham,

Baribir oʻzimning yulduzimni yoq.

 

Shodlik keltirarmi, keltirarmi gʻam,

Bilmayman, chiroqchi, menga ushbu dam.

Faqat boshim uzra yoqib ber yulduz,

Menga boshqa narsa kerakmas hech ham.

 

ShAMOL

Tun. Boloxonaga chiqaman bir pas.

Navbahor. Hurillab turadi shamol.

Oqargan sochimga, yuzimga emas,

Yurakka, yurakka uradi shamol.

 

Yoshligu baxt-shodlik, kulfat-gʻam bilan,

Dengizu bogʻlarda yeladi bevosh.

Shamolning qarisi boʻlmas umuman,

Shamol hamisha yosh, shamol doim yosh.

 

* * *

Futbolchilar egni qirmizi.

Kuz. Oxirgi futbol oʻyini.

Yaproqlarga bosaman yuzim.

Negadir yigʻlagim kelar kuyinib.

 

* * *

Yam-yashil maysalar! Cheksiz dala-dasht!

Onaginam yodi – firoq, alam, dard.

Onam hayotimga baxsh etgan hayot.

Tiz choʻkdim, turmoqqa yetmas boqiy vaqt.

 

* * *

Bulut – yuk choʻl yelkasida,

Togʻlar karvon izma-iz.

Tunning titroq oʻrkachida

Yaltirar tanho yulduz.

 

Rus tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.