Umr sarhadlari

0
187
marta koʻrilgan.

 I

Hayot chigal, hayot murakkab,

Kimdir yashar kimnidir maqtab,

Kimlar esa dunyoni qargʻab,

Taqdir hukmida yashar odamlar.

 

Donolikning belgisi yoshmas,

Zukko odam sinovdan qochmas,

Oʻzin anglab haddidan oshmas,

Taqdir hukmida yashar odamlar.

 

Yonar ekan tole yulduzing,

Tirgak boʻlsa oʻgʻilu qizing,

Shular sening ortingda izing,

Taqdir hukmida yashar odamlar.

 

Yonib tursa qalbing olovi,

Hilpiraydi umr yalovi,

Topiladi turmush qalovi,

Taqdir hukmida yashar odamlar.

 

Hayot oʻzi hikmatlarga kon,

Izlaganga topilar imkon,

Nurli umr etar armugʻon,

Taqdir hukmida yashar odamlar.

 

II

Nima koʻrdim dunyoga kelib,

Nima topdim yugurib-yelib,

Yonayapman bagʻrimni tilib,

Qayga ketding, jonim, onajon?

 

Noilojman, men ham bandaman,

Lekin endi burda-burdaman,

Nima qilay sensiz bunda man?

Qayga ketding, jonim, onajon?

 

Nega keldim, qayga keturman?

Figʻonlarim kimga ayturman?

Nahot endi gʻamda oʻturman,

Qayga ketding, jonim, onajon?

 

Olis tunlar yigʻlaydi yurak,

Orzular yoʻq, yoʻq dilda tilak,

Endi yoʻqdir yonimda tirgak,

Qayga ketding, jonim, onajon?

 

III

Maqsad sari yogʻildi oftob,

Oshno boʻldi sehrli kitob,

Shu kitobdan taraldi xitob:

“Taqdiringda ne bor, bilmaysan!”

 

Boʻldi bilim olmoqqa xumor,

Baxtdan osib boʻyniga toʻmor,

Oʻqishdan soʻng xayolga choʻmar,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Xayol shundoq boʻlganda erksiz,

Qanday yaxshi yashamoq keksiz,

Niyatlar oq, orzular cheksiz,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Tinmay oʻqir oy shuʼlasida,

Roman, doston, qissa, qasida,

Sheʼr yodlashdan koʻngli osuda,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Yomon oʻylar xayoldan qochar,

Dashtni kezib, osmonni quchar,

Sirlar sirin tinmayin ochar,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Orzularga boʻlgandi asir,

Moʻjizali ilmdan qasr,

Goʻyo edi unga muntazir,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Oʻylar surar tundan kunduzga,

Shunda birdan oʻxshab yulduzga,

Onajoni qoʻrinar koʻzga,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Donishmandlik tojini kiydi,

Minbar koʻrki boʻlib ulgʻaydi,

Ammo qoldi birgina dardi,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Uning qoni Sinogo tortdi,

Taklif etdi Okean orti,

Bundan uning gʻayrati ortdi,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Minbarda u, hayratda barcha,

Ulkan zamin goʻyoki sharcha,

Shu sharchadan ochdi keng darcha,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Tang qoldirdi ilmiy kashfiyot,

Tib ilmida bu taraqqiyot,

Kulib boqdi unga hur hayot,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Beixtiyor qaradi… alhol,

Tikilardi mushfiq bir ayol,

Yurak boʻldi bezovta, behol,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Xayolotda xotir boʻlib jam,

Yuragida qolmayin chidam,

Ayol tomon tashladi qadam,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Yurak sasi allaga oʻxshab,

Ixtiyorsiz mehrini tushab

Qoldi birdan diydasi yumshab,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

Diqqat bilan tikildi yana,

Ayol qarar qilganday gina,

Bundan yurak urdi tezgina,

Taqdirida ne bor, bilmacdan.

 

Koʻzi tinib, gʻuvullab kalla,

Nur koʻrindi-aynan shu palla,

Qulogʻiga chalindi alla,

Taqdirida ne bor, bilmasdan.

 

VI

Izlamadim ilinj tabibdan,

Najot soʻrdim, onam – habibdan,

Yupatganday boʻldi gʻoyibdan:

– Shukr qilib yashagin, bolam!

 

Goh yomonlik kuladi xandon,

Achchiq turmush qilar imtihon,

Goh qolursan bunda beimkon,

Shukr qilib yashagin, bolam!

 

Qismatingga topolmay chora,

Aro yoʻlda qolsang ovora,

Shunda sen Unga ming bora,

Shukr qilib yashagin, bolam!

 

Jumanazar BEKNAZAR

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.