Uchar gilamga aylantirsam yetti olamni

0
108
marta koʻrilgan.

 Uzun jumla

 

Hasratimni elakdan oʻtkazib,

oh-vohlashib tabassumga loyiq

Zarrani –

Umrim daraxtini egib, shoxlari orasidagi

Arrani,

Boshim osmonga tekkan payti

zavqu shavqim paydo qilgan

Sayyorani,

Xasta otamni yelkasiga opichlab,

Makkaga oborolmagan

Noshud umidni,

Ruhiga monand sevgilisini

Qargʻaga berib qoʻygan yigitni –

Qizilqumda daf etsam…

 

Samarqandning Zomini guzaridan “Kaptarxona”gacha

Motridlik qogʻozchi qogʻozlarini tarqatsam,

Toʻgʻralu Mashrabni yod bilganlarga,

Biting desam ishq baytlarini…

 

Rafiqamning oq sochlarini qoraytirsam

bitta silashda,

(U unutsa sheʼrbozligimni).

Ikkimiz ham yigirma birda –

Registonda uchrashsak tagʻin…

Oʻtqizguncha uchar gilamga aylantirsam

etti olamni…

 

Hech kim meni laqqillatmasa

Va hech kimdan qolmasa koʻnglim,

Ustozlarim mard tursa adl,

Doʻstlarimdan ketmasa putur…

 

Huvillayman nosoz, quloq tutaman,

Buyruqlar beradi kimdir ichimda,

Nachora,

Bu uzun jumlani muhabbat bilan

Chizib yuboraman, shunisi maʼqul.

Bagʻrimga qayroqlar osib koʻrgayman.

Endi oʻzimnimas, qayroqni oʻrtayman…

 

 

Epos

 

Ihran… guyoki toʻzon… daraxt… abrlar…

Derazada oʻtir…

Derazaday…

Bosh irgʻa, sakrasin dovul qasdma-qasd…

Sindirsin oq shuʼla tun yarimlab oʻtgach…

Oyogʻingni yigʻib ketsin vaqt lashkari…

Kessin qoʻllaringni yaproqlar atay…

Tomchiday sirgʻan, tomchiday

Tomchila, tomchilash imkoni boʻlsa…

Tomchila…

 

 

Ishq madhi

 

Daryoi malomat, anda alomatdir,

Oshiq ovvoradur, agʻyor salomatdir.

 

Ishqning qirgʻogʻida, koʻngil ochib erdim,

Ogʻir malolidan, vola chochib erdim.

 

Ne qoldi-yo, koʻrmagi kurmak ekanmu,

Ne qoldi-yo, haliyam murtak ekanmu?

 

Guhari anduhmi, morboz sahar qolmish,

Sadqai sarmikan, shahdi shakar qolmish.

 

Hayhot, azob sensan, hassosi dard, man-ey,

Soʻng sharob sensan, qassobi mard, man-ey.

 

Man-ey, san-ey, man-ey, na toshu na kesak,

Ishqdan birubor boʻlsak, ul ishq uchun oʻlsak.

 

 

Asl

 

Xonishu sayroq yoqimli, bizga-da asli kerak,

Toʻtiga martaba qasri, bizga-da vasli kerak.

 

Ham onu ham jon zarur, pokdomon imon zarur,

Bosh urargʻa shon zarur, Yusufi Kanʼon zarur.

 

Ki aytibdur, umr moli lahadga bir misqoldir,

Ibtido-yu, intiho yoʻli choʻpchak xayoldir.

 

Kim bilibdur, shamolning borligin kulbasini,

Kim belgilar yurakning intizor qiblasini.

 

Har nechuk yurmoq afzal, kezmoqqa falak afzal,

Karaxtdan bedor afzal, nafratdan tilak afzal.

 

Aslida, bari goʻzal, goʻzaldan goʻzal kerak,

Zebodan zebo kerak, eng toza asal kerak.

 

Hammaga ayon taqdir, bitigi bitilgandir,

Aytsam ham, aytmasam ham saboqlar bitilgandir.

 

 

Erdon suvchi Oqdaryoda jon berdi

 

Pildirayman, chuldirayman, tizzam choʻkkan,

Ishtixonning biqinida,

Oqdaryoda –

Quyun dunyo samaniday chopar yurak,

Qum tuproqqa yuzim tekkan,

Ogʻzim tekkan,

Suyaklari churiganday –

Qaqshar koʻkrak.

 

Maymun boʻlib yurganim yoʻq edi asti,

Xotinchalish emas edi boʻyu bastim.

Miltiqdaydim, shu paytgacha sharaq-shuruq,

Ne kasofat nafas olsam, nafas quruq.

 

Erdon otim, suv taradim ketmon boʻlib,

Goho yomgʻir, goho katta osmon boʻlib,

Gashtaklarda gap tashladim sulton boʻlib,

Kurashlarda qoʻl uzatdim sirtlon boʻlib.

Endi esa, suvga pishgan mushukdayman,

Ikki yogʻi nov ulangan teshikdayman,

Ajal niqtab oʻynab turgan oshiqdayman,

Atalaga choʻkib qolgan qoshiqdayman.

 

Oʻn chaqirim qoluvdiya uyimgacha,

Toʻrt kun qovdi kichkinamning toʻyigacha.

Oʻn bir bolam suv boʻyiga kelarmikan,

Yo etimni epkin horib tilarmikan.

 

Bu ne balo, jon tirishar Oqdaryoda,

Ikki oyoq ikki taraf ketay, deydi.

Kallam toshday ogʻirlashar, bedavoday

Qum kovlagan qoʻlim chuqur kiray, deydi.

 

Olovdayin til qaytargan kalima ham,

Bolalarga tushov endi Halima ham.

Suv sudrasa, gum boʻlsaydim, qani tezroq,

Loyqa toʻlgan xum boʻlsaydim, qani tezroq…

 

Erdon otim, pirim daryo – xizmat qilay,

Arvoyimni hazratimga xilvat qilay,

Umr koʻppak, qanjiqligin koʻrdim oʻzim,

55 da edi yoshim, hasrat qilay…

 

 

Oybuvi Elmurod naymanning otiga mindi

 

Chiyaboʻriday alahsib, qorongʻuga oʻranib,

Koʻzini chaqchaytirib,

Olib ketdi Oybuvini Elmurod nayman.

Boʻriday uvlab bir gala yigit quvladi,

Qanoti yetti gaz burgutday uchdi Oybuvining ukasi.

Oʻroqni siltalab, nim yashil yorugʻni oʻrib,

Qirning oʻrkachiga oʻtirib oldi Quvondiq kayvoni:

– Quvlang!

– Oybuvi Elmurod naymanning otiga minmasin!

 

Besh tun oʻtdi, Oybuvining ukasi qaytdi,

Koʻzi qip-qizil. Soʻzi qip-qizil.

– Elmurod naymanni, Oybuvini, u mingan otni

Jar yutdi.

Shu gap. Ogʻzingizda tish mixday tursin.

Guldurgup.

 

 

Diagramma

 

Tushuntirish mumkinmi yurak tubini –

Izohlash mumkinmi koʻngil ichini,

Sharhlash mumkinmi hayotni…

Aslo…

Valdirash mumkin…

 

Urgutlik Xudoyqul gʻalcha, yuz besh yoshgacha

Yuz beshta echkini soʻyib yegan edi.

Nimaga?

Balki umri echki umriga oʻxshab ketgandir,

Balki togʻni tushunishni istagandir jonivorday.

 

Dadam, Allayoron choʻqqisida qor tursa, sevinardi,

Oltmish yil qor turdi,

Keyin turmadi…

Dadam ham turmadi…

Nimaga?

 

Nimaligin bilmaydi birov,

Lofni xush koʻradi qaysar aqlu hush.

Garchand, bu tomonga hilpiratib yalov,

U tomondan tashrif buyuradi tush…

 

Abduvali QUTBIDDIN

 

“Sharq yulduzi”, 2012–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.