U hayotligida to‘qigan afsonalar

0
40
marta ko‘rilgan.

Buyuk yozuvchi Hemingueyning avval she’r yozganini ko‘pchilik bilmaydi. Uning she’rlarida ham nasridagi mavzular asarlar markazida turadi – bu urushning ma’nisizligi, inson qadrining fojiaviy toptalishlari, qo‘mondonlarning xatolariga qurbon ketgan oddiy askarlarning taqdiri, xonashinlikdan toriqish va sarguzashtlar ishtiyoqi chizgilaridir.

 

Ernest HEMINGUEY

 

She’rlar

 

Askarlarga nasib etmas sokin o‘lim,

Ular nasibasi – janggohdagi xoch.

Yiqilgan jangchining boshi ustida

Xochday tuprog‘iga tiqilar og‘och.

Askar yo‘taladi, bukchayar, o‘qchir,

To‘rt tomon – alanga, otash, dod-voy, sas…

Tokim janglar to‘xtab, tun tushmas ekan,

Askar tirik qolganiga ishonmas.

 

 

O‘g‘limga nasihat

 

Hech qachon ishonma oqlar irqiga,

Juhudni, hech kimni o‘ldirma, bolam,

Imzo chekma hech bir shartnomalarga,

Cherkovda muk tushib yotma hech qachon.

Yaratganga ishon.

Harbiy kishi bo‘lma hech qachon, bolam;

Ko‘paytirma xotin sonini hech choq;

Jurnallarga aslo yozma maqola;

Tikonlarga hech vaqt urmagin tirnoq.

Qog‘ozlarga aslo umr bog‘lama,

Urushdan hal bo‘lmas muammo sira,

Fahsh maydonida taning bulg‘ama,

O‘zingni pok saqla, asra bokira.

Ta’magirga aslo to‘lama tovon,

Sudlarga tushmasing ishing hech qachon,

Noshirlarga aslo ishonma, bolam,

Yo‘qsa, to‘shaklaring bo‘lar xas, somon.

Bir-bir tashlab ketar seni do‘stlaring,

Hamma kirib ketar oxir qabrga.

Agar pok, sabrli umr kechirsang,

Falak ayvonida bo‘larsan birga…

 

 

Sarlavha

 

Ko‘proq fikrlasang, o‘ylasang chunon,

Maqsadga oson yo‘l topilar, ishon.

Biz-la avval raqs tushar shayton,

Keyin tavba tomon sudraydi iymon;

Tunda Yaratganga sig‘inarmiz biz,

Kunduzlari egamiz – Iblis…

Essiz!

 

 

Ruzvelt

 

Ishchilar unga ishonardi,

Ishonchni yo‘qotdi u oxir,

O‘ziga ishonmasalar ham

Suratin osarlar devorga axir.

“U Farangistonda bo‘lsa, nima qilardi!” –

Dedilar.

Balkim, tirik qolardi –

O‘lgan bo‘lardi,

Ehtimol,

Askarlar o‘larlar jang maydonida,

Generallar to‘shakda o‘lar doimo,

U ham o‘ldi nihoyat.

U hayotligida to‘qigan afsonalar

Hali ham tirik, rivojlanmoqda butkul,

El ko‘ndi.

U o‘ldi, afsonalari uchun to‘siq yo‘q endi.

Kanadaliklarni

yaxshi ko‘raman

 

 

1918 yil 8 iyulda

Payvda halok bo‘lganlar

 

Men siz bilan orzu qilganman,

Armonlarga ko‘milganman, og‘ringanman,

Jang qilganman,

Yaralarimizni bog‘laganmiz birga.

Sizlar bilan edim,

Keyin ketdingiz qorong‘u yerga.

Endi tunda kelasiz Siz,

Kulgu yo‘q yuzingizda,

Yonimda yotasiz uzala,

Horg‘in, sovuq, tig‘ingiz keskir,

Qaynoq yuragimni kesasiz, dilni tilasiz tonggacha,

Payvda halok bo‘lgan do‘stlarim…

 

 

She’r

 

Meni qachondir astoydil sevgan yagona odam

“Alvido” dedi

Va ketdi.

U quyoshli bir kunda

Pikardiyada halok etildi.

 

 

Yigitlik talabi

 

Yigitlik bizdan kuylashni talab etardi,

Ammo kesdilar tilimizni.

Yigitlik bizdan yugurishni talab etardi,

Ammo to‘sdilar yo‘limizni.

Yigitlik so‘rardi o‘ynab-kulishni,

Ammo jo‘natdilar urushga.

Biz istamagan edik aslo o‘lishni,

To‘g‘ri keldi,

Qarimasdan,

Go‘rga kirishga…

 

 

Halok bo‘lgan zo‘r yigitlarga

 

Ular bizni simirib chaynadilar,

Tuflab tashladilar;

Qirol va davlat,

Isoi Masih

Va boshqalar.

Vatanparvarlik,

Demokratiya,

Burch –

Safsatalar va yasama nutqlar,

Ular bizni buzdi va o‘ldirdi, yigitlar…

 

Inglizchadan

Karim BAHRIYEV

tarjimalari

 

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.