Tong chogʻi ochilgan kumush gʻuncha

0
69
marta koʻrilgan.

* * *

Gohi qurshab qorongʻi oʻylar,

goh koʻngilni yoritib nurlar,

oqarishgan somon yoʻlida

xasday toʻzgʻib borar umrlar.

Uchraganga hatto qoʻl silkib

qoʻymoqning ham topmay ilojin,

ne makonu zamonlar osha

oshiqadi qayga bu ochun?

Yonib turgan yulduzlar aro

tin bilmasdan, bilmam, qay sori

aravaday tortib yer sharin,

elib borar vaqtning tulpori?..

 

* * *

Yo aka yoki uka

yoki teng-toʻshmi boʻldim –

bir muddat uch azamat

terakka qoʻshni boʻldim.

Koʻksida havo toʻla,

adl edi boʻylari,

tun-kun betin shivirda

aks etardi oʻylari.

Soʻzdan qaytish yoʻq, deb ont

ichgan boʻlsa kerak-da,

bir xil shivir-shivirga

sodiq edi teraklar.

Qushlarning nagʻmasiga

nazar ham solmas edi,

na-da shamol ahdidan

qaytara olmas edi.

Hatto bagʻrin oʻysa ham

yomgʻirning nayzalari,

asti yoʻldan qaytmasdi,

borardi orzu sari…

Baʼzan turfa tuygʻular

ezar ekan yurakni,

esga olaman nogoh

uch azamat terakni.

 

* * *

Tuni boʻyi tin bilmay tomda

bir marshni mashq qiladi yomgʻir,

bilmam, qayga otlanar tongda?

* * *

Daryo aytar edi irmoqqa: Bolam,

toʻgʻri yur – dengizday baxtga yetasan,

begona yerlarga uloqib ketma,

sahroda oʻynama, choʻkib ketasan.

 

* * *

Ochilib bu zarrin gul qopqasi,

taralar xush isli qahqahasi,

tong bila uygʻongan nozin koʻring,

bong ila uygʻun bu sozin koʻring –

bulbulni kuylatgan ham oʻshadir,

koʻngilni soʻylatgan ham oʻshadir –

oshkora etibman suyganimni,

ishqida oʻt-otash kuyganimni,

koʻzimni yoʻlida naqsh etganim,

jonimni koʻyida baxsh etganim,

vale, bir dod-figʻon etmaganim,

vale, bir vasliga yetmaganim,

dilimning qatiga koʻmganlarim

soʻylabman, sel boʻlib oʻmganlarim,

ochilar qachon, deb, darvozasi,

kelar, deb, gʻunchaday ovozasi –

dardimga malhamday emish shuncha,

tong chogʻi ochilgan kumush gʻuncha.

 

* * *

Tashvish dolgʻalanib gohi dengizday,

oʻying qamraganda gʻarq gʻulgʻulasi,

olislarda qolgan bolalik yoqda

miltillab koʻrinar umid shuʼlasi.

 

* * *

Hushimni oldimi nozu nagʻmasi,

dardimni aytganim unga nimasi,

qancha parivashu yuzida oro,

qancha pardoz boʻlsa, shuncha beparvo –

sening toifangdan gul ham, chamasi.

 

* * *

Osmon toʻlib qushlar uchar,

Chaman ichra gullar raqsi.

Quyosh koʻkdan salom yoʻllar,

Jilgʻa uzra nurlar bahsi.

Qaydin kelur buncha sevinch,

Buncha goʻzal bahor fasli?

Yurak shodlik ila tepar,

Nasib etmish sening vasling.

 

* * *

Yo koʻngil tinchidan toʻyganu

Bilmam, jafo chekmoqmi istab,

Yulmoqda yana yarasini?

Yo unga burgut qorasimi,

Rahna solayotir olisdan –

Oʻ, qoshiga oʻsma qoʻygan U?

 

* * *

Sen borsan. Men uchun shuning oʻzi bas.

Kaftimda turibdi yuragim, mana –

qay tarafga yurmay yana va yana

faqat sen tomonni koʻrsatar kompas.

 

* * *

Men buni dilimga solmadim atay,

bilmam, izhor qilib boʻlmas bu hisni

qanday izhor etay, nima deb atay,

yuragimda esgan sevgi – shamolning

suratini qanday chizib koʻrsatay?!.

 

* * *

Quyosh qamashmasin qaroqlaringdan,

tutilmasin qoshing qasdiga qamar,

gulgun yuzlaringni koʻrib gullarim

soʻlmasin oʻzin xor sezib, besamar.

Goʻzallarni rashkning oʻtiga solma,

ularning sevgisin asra, maylimi,

qaysiki hayotga andarmon yurgan

ming-ming Qaysni tagʻin Majnun aylama.

Oshiqib oshiqlar sonin oshirma,

meni-da, bir mushkul savdoga qoʻyma.

Chiqma, ostonangdan bir qadam nari,

chiqma, olamni ham gʻavgʻoga qoʻyma.

 

* * *

Ketding. Ketaturib qayrilding, nega

toshday jonsiz qotdim ushbu holdan men?

Gʻijim roʻmolingday kaftingda turgan

yuragimni nogoh koʻrib qoldim men…

 

Ikrom ISKANDAR

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.