«Toʻlqinga payvanddir borligʻim»

0
138
marta koʻrilgan.

Koʻngil rishtasi

 

Kun boʻyi bilmadi gʻildirak tinim,

Ikkinchi kunim ham oʻtdi poyezdda.

Ammo, yoʻlimizda boʻlmadi unum,

Yetmoq qiyin ekan manzilga tezda.

 

Farzanlarim bilan rafiqam qalbin

Mening yuragimga bogʻlaguvchi ip.

Goʻyo taranglashib, har lahza sayin

Poyezdni orqaga turardi tortib.

 

Manzara

 

Uchinchi qavatda yashayman,

Yellarga ochiqdir derazam.

Oʻzimga sal chetdan qarasam,

Dengizchi sayyohga oʻxshayman.

 

Oshxonam kun yurar tarafda:

Turishar oq uylar kerilib.

Dam-badam yangisi qurilib,

Manzara oʻzgarar har hafta.

 

Kechasi boqsangiz lovullar,

Goʻyoki ziyodan toʻqilgan.

Rango-rang chirogʻi yoqilgan

Kemani eslatar,

Guvullar.

 

Toʻliqsiz dengiz yoʻq jahonda,

Qay kema chayqalmay yashardi?

Qoʻshnilar raqs tushsa basharti,

Piyola jiringlar javonda.

 

Oʻng yonim – baxmalday bedazor,

Toʻlgʻanib yugurar ariqlar,

Ariqqa lab bosar ajriqlar,

Sigirlar oʻt chimchir beozor.

 

Oʻngim ham, soʻlim ham – bir dunyo.

Teng ichar shudringni va nurni.

Hayotni nimtalab boʻlurmi,

Nimtalab boʻlurmi bugun yo?

 

Tebranib, entikib boraman,

Toʻlqinga payvandir borligʻim.

Goh ishda yozilar hordigʻim,

Gohida ishlayman, horaman.

 

Joʻn emas sayyohlik degan soʻz.

Toliqib ketadi toʻpiqlar

Va lekin har tongda ufqlar

Ravshanroq, yaqinroq ochar yuz.

 

Kemamiz gurkirab oʻtmoqda,

Toʻlqinday toʻqnashar fikrlar.

Birgina qora koʻz sigirlar

Beparvo oʻt chimchir oʻtloqda.

 

Baliq falsafasi

 

Dumingni likillatasan,

olgʻa ketasan.

 

Dumingni likillatasan,

olgʻa ketasan…

 

Chaqmoq

 

Yetar muhabbatni gulga oʻxshatmoq…

Muhabbat chaqmoqdir,

Muhabbat – chaqmoq:

Xat-xabar yubormas,

Tugʻilar bexos.

Ulgurmay qolasan chiqqani peshvoz,

Sovgʻa deb keltirar quvonch yo alam.

Darvoqe,

Koʻklamda tugʻilar u ham…

 

Kimki, doʻstlar uchun jon tikkan boʻlsa,

Qalbi ishq yukidan entikkan boʻlsa,

Bir parcha oftobday qoʻnganda chaqmoq,

Pirpirab ketadi misoli chiroq.

Toabad gurkirab, baxtni yor etib,

U inson yoʻlini turar yoritib.

 

Sevgini chaqmoqqa etarkan qiyos,

Yana bir narsani esladim bexos:

Baʼzan tinar-tinmas toʻylarning sasi,

Boshlanar besabab araz va firoq.

Choʻchimang hech, doʻstlar,

Bular barchasi –

Chaqmoqdan keyingi momaqaldiroq.

 

Afrika hikoyati

 

Sardorning shuhrati ketar uzoqqa,

Kuychining shuhrati yashar uzoqroq.

Sardor, belanganda soqoli oqqa

Shuni oʻylab qoldi.

Tishladi barmoq.

 

Soʻng, usta toptirib olis bir yurtdan,

Yasattirib keldi yetti torli soz.

Sozga qoʻl urdiyu boʻlmadi xurram.

Yoʻtalga oʻxshardi soz bergan ovoz.

Titrardi sayramay yetti kumush tor,

Goʻyoki qafasga tushib qolgan qush.

Koʻp xunob boʻlardi ehtimol sardor,

Boshlanmaganida nogahon urush.

 

Zafarli nayzani taqimga bosib,

Yetti farzandini olib yoniga,

Tilsiz sozini ham yelkaga osib,

Sardor uchib ketdi jang maydoniga.

 

“Quvdi-quvdi” bilan haftalar oʻtdi.

Goh vaqti chogʻ boʻldi.

Goho koʻksi dogʻ:

Birinchi jangdayoq bosh oʻgʻli oʻldi,

Unga mozor boʻldi zaʼfaron qumloq.

 

Sel yangligʻ oqqanda changalzorda qon,

Ikkinchi oʻgʻlidan boʻldi u judo.

Har gal uzilganda qalbidan figʻon,

Ingrab qaytarardi bir tor aks-sado.

 

Oxiri dushmanlar etildi tor-mor,

Bosqinchi izi ham tashlandi qirib.

Zafar bilan qaytdi uyiga sardor,

Yetti oʻgʻlini ham yerga topshirib.

 

“Tam-tam”ni yangratib, quchoq ochib keng

Peshvoz chiqqanida qadrdon eli,

Ukpar taqqan boshi xam edi uning,

Xotinin koʻziga boqolmas edi.

 

Ne desin?

Nima ham deya olardi?

Nayzasin uzatdi.

Qoʻlga oldi soz.

Qaynab ich-ichiga sigʻmagan dardi

Oqdi yetti tordan sirqirab bexos.

 

Mayli, fojiani xotini bilsa,

Sardorning qoʻshigʻi toʻla arz edi.

Bas edi, dardiga sherik topilsa,

Kuychi shuhratini oʻylamas edi.

 

Husniddin ShARIPOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.