Tole muhrlanmish tug‘ilgan chog‘dan

0
9
marta ko‘rilgan.

Shoirlik

 

Ravshan FAYZ xotirasiga

 

Ko‘zingiz oldida o‘sdi bu bola,

Tong otsa – uyg‘ondi, kech tushsa – yotdi.

Bir qishloq bolasi kabi dashtlarning

Neki bor issig‘u sovug‘in totdi.

 

Tuppa-tuzuk o‘sdi, qomat – rasida.

Qishda telpak kiydi, yozda-chi do‘ppi.

Oshini oldirib qo‘ygan yo‘q, yana

Biror qo‘y og‘zidan olmadi cho‘pni.

 

Ozni oz demadi, ko‘pni esa ko‘p,

Bergandi o‘ziga loyiq es-hushni.

Va birdan… E, Xudo, bola paqirning

Boshiga, kim bilsin, nima kun tushdi?

 

Qachon? Qayda? Nechun? Nima chorasi?

Hayrat ko‘pning tilin qo‘ydi tamg‘alab.

Yoru do‘sti tugul, ota-onasin

Qilibdi-ya qarang, ko‘zin shamg‘alat.

 

Bola-chi, bariga beparvo, befarq

Yashardi ilhomdan imdodlar tilab.

Oq qog‘oz qoshiga egilgan boshin

O‘tardi yellarmas, farishta silab.

 

Dunyoga yotda-yu qismati zotan

Har ikir-chikirga doirlik edi…

…”Boshiga tushgan kun” – shoirlik edi,

Bedorligi edi so‘ziga – Vatan!

 

 

Yo‘llar

 

Yo‘llar bor – so‘ngida kimdir intizor,

Yo‘llar bor – so‘ngida yo‘qlovchi yo‘qdir.

Odam bolasiga, ey onaizor,

Sen kabi ko‘nglini to‘qlovchi yo‘qdir.

 

Onajon – Vatanning bag‘ridan o‘tar

Kim ildam yo‘l bosib, kimdir – sustqadam.

Horg‘in yo‘lchilarni manzillar kutar,

Fayzga to‘lar agar qo‘ysa do‘st qadam.

 

Do‘stlar kelaversin yaqin-yiroqdan.

Bizning O‘zbekiston – koshonamizga.

Tole muhrlanmish tug‘ilgan chog‘dan

Ona bo‘sasi-la peshonamizga.

 

 

Mehmondir

 

Ko‘z nuri ham ko‘rar ko‘zga mehmondir.

Maxtumquli

 

Mehmon erur asli dunyoda bari –

Husnu chiroy to‘rt kun yuzga mehmondir.

Ko‘ngilga mehmondir ishqi dilbarning,

Ko‘z nuri ham ko‘rar ko‘zga mehmondir.

 

Sog‘lom tanga kelib-ketar dard mehmon,

Qo‘yganingdan yuzin burmas mard mehmon,

Mard yigitning qilichiga gard mehmon,

Tizzangdagi mador tizga mehmondir.

 

Yosh yurakka ishqdan yaxshi mehmon yo‘q,

Er bilakka ishdan yaxshi mehmon yo‘q,

Kuzakdan so‘ng qishdan yaxshi mehmon yo‘q,

Qarg‘a-zog‘lar kelib, kuzga mehmondir.

 

Qadrin bilmay, so‘ng qilmagin attangni,

To‘riga qo‘y sen doimo xonangning,

Bog‘lab qo‘ygan emas ota-onangni,

Ota-ona o‘g‘il-qizga mehmondir.

 

Mehmondirmiz bu dunyoda barimiz,

Bugun beri bo‘lsak, erta – narimiz,

Qolib ketar yiqqan molu zarimiz,

Buguncha – biz, erta – o‘zga mehmondir.

 

Dunyo, sendan tilab toqat-to‘zimni,

Olovingda kuyib, suydim muzingni,

Mayli, qo‘yma, oldimga non-tuzingni,

Olloyor chin, shirin so‘zga mehmondir.

 

 

Duduqmomo

 

Yolg‘iz edi Duduqmomo,

Keng hovlida bir o‘zi.

Yolg‘izlikdan, keksalikdan

Xira tortgandi ko‘zi.

 

Uzumlari qarovsiz ham

Shig‘il hosil qilardi.

Momo esa qo‘riqlashning

Zo‘r yo‘lini bilardi.

 

Bizdek bola-baqralarni

Hovlisiga chorlardi.

Biz kelganda xira ko‘zi

Chiroqdayin porlardi.

 

Har kun erta-sahar bizni

Kutar edi momomiz,

Qo‘limizga qandu novvot

Tutar edi momomiz.

 

To kechgacha ishkom osti

Bizga o‘yin joy edi.

Yaqinlashmas biror chumchuq,

Darrov hoyu-hoy edi.

 

Yoz o‘tardi, kuz o‘tardi,

Qish kelardi qahrli.

Qo‘yni-qo‘nji qorga to‘la,

Ayozlari zahrli.

 

Lekin odat kanda bo‘lmay

Kelar edik qanchamiz.

Momo esa cho‘g‘ solgancha

Gullatardi tanchamiz.

 

Bizni gapga solib qo‘yib,

Dardimizni bilardi.

Oramizda yetim bo‘lsa,

Boshginasin silardi.

 

Onamizga aytolmagan

Sirni unga aytardik.

Xullas, pastak bu kulbadan

Katta bo‘lib qaytardik!..

 

…Qolib ketdi ortda yoshlik,

Momo ham yo‘q olamda.

Kecha o‘zim bola edim,

Bugun ko‘nglim bolamda.

 

Mahallada bolalar ko‘p,

Turlik nash’u na’mosi.

Afsuski, bu bolalarning

Yo‘qdir Duduqmomosi.

 

Ona ekan momo bizga,

Mayoqdayin porlagan.

Borimizni aylagan bol,

Yo‘g‘imizni borlagan.

 

Mahallaga ona ekan,

Mushtdaygina bo‘lsa ham.

Ko‘rgim kelar yana uni

Tushdagina bo‘lsa ham…

 

 

Olloyor BEGALIYEV

1961 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at va madaniyat institutining san’atshunoslik fakultetini tugatgan. Uning “Bir buloq bor”, “Sehrli uyqu”, “Rangin qorlar”, “Yolg‘onga ishongan daraxt” singari she’riy va ertaklar to‘plamlari nashr etilgan.

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.