Toki bu yer aylanar ekan…

0
196
marta koʻrilgan.

Rasul HAMZATOV

 

TOKI BU YER AYLANAR EKAN…

 

Quyosh ichdim suvdek, tashnalab,

Yillar osha tashlarkan qadam:

Tongda yonib chiqqandan boshlab,

Oqshom yonib botganga qadar.

Odamlari sergʻayrat, bardam

Va togʻlari magʻrur oʻlkamda

Tiniq irmoq, muz chashmalardan

Yulduzlarni ichdim qadamda.

Koʻkning zumrad piyolasidan

Vodiylarda koʻksimni kerib –

Orombaxsh togʻ havolaridan

Toʻygunimcha ichdim simirib.

Soʻqmoqlardan oʻtarkan, togʻda –

Choʻkka tushib kappaladim qor.

Mehr bilan men oʻpgan chogʻda

Yoʻllarimda erib ketdi qor.

Bahorlarni ichdim men bolday,

Koʻmilganda gullarga har yoq.

Qirchillagan sovuq Shimolda

Ayoz ichdim misoli araq.

Togʻlar aro bamisoli may

Ichganimda momaguldurak,

Xuddi rangin qadah zehiday

Tovlanardi oltin kamalak.

Naʼmataklar chechaklar otib,

Qoyalardan xmel choʻzsa dast,

Shu tik qoya ustida yotib,

Hidlarydan boʻlar edim mast.

Maftunman yer goʻzalligiga,

Olqishlayman, qilaman qulluq.

Shaydosiman, jon fido unga,

Qoʻshiq ichdim – aytganday qoʻshiq.

Inson qalbi murakkab narsa,

Oʻtirganda men doʻstlar aro,

Xursandlikda ichdim bol boʻza,

Xafalikda ichdim talx sharob.

Ermak uchun ichgan emasman,

Bois boʻlgan shodlik ve yo gʻam.

Xirosima kulin koʻrganman,

Festivallar kulgisini ham.

Koʻpiklardan pivo yuzini

Puflab oʻzin ichmoq odatdir.

Shunday ichdim hayot magʻzini,

Hayot magʻzi – bu haqiqatdir.

Sevib, kulib hamda avaylab,

Har kunimni ichaman oppoq,

Ertaga men yana tashnalab,

Shudir hayot qonuni, oʻrtoq.

Bu dunyodan bir kun ketaman

Tashnaligim qonmay, gʻashlikda,

Toki bu yer aylanar ekan,

Yashar inson shu tashnalikda.

 

ONAMGA

 

Togʻda oʻsdim, shumtakaligim

Bilar edi yaqinu yiroq,

Qaysar edim, bas kelmas hech kim,

Soʻzlaringga osmasdim quloq.

Biroq yillar oʻtdi… oʻtdi oʻt yoshlik,

Hech narsani pisand qilmasdim.

Endi boʻlsa huzuringda tek,

Bir goʻdakdek sezaman oʻzim.

Ikkalamiz tanhomiz, mana

Qalbimda yoʻq gʻam-gʻashdan nishon.

Sening yumshoq kaftingga yana

Oq soch boshim qoʻyay, onajon.

Dil oʻrtanur, dilimda gʻash bor,

Boshboshdoqlik qilgandir asir.

Durustgina senga eʼtibor –

Qilolmadim, bu emasdir sir.

Hayot bu dam boʻlib girdobday,

Olib ketur komiga solib.

Dil siqilur yana paydar-pay,

Onam, seni unutdimmi deb.

Sen boʻlsang-chi, qilmasdan taʼna,

Koʻz tashlaysan xavotirlanib.

Xoʻrsinib goh, bildirmay ona,

Artasan koʻz yoshing oʻrtanib.

Yulduz soʻnggi manzili tomon

Uchib borar solib koʻkka iz.

Ugʻling kelib qoʻyar, onajon,

Oq soch boshin kaftingga bu kez.

 

ALVIDO, ISTAMBUL

 

Bosforga tushmoqda oqshom yelkani,

Soʻnggi shafaq nuri qoʻnar dengizga.

Tinkasi qurigan, xor Turkiyani

Muazzinlar chorlar kechki namozga.

Alvido, peshtoqi goʻzal, naqshinkor –

Sulaymon machiti, koʻhna Istambul,

Va sulton saroyi yonida zor-zor

Har bir oʻtkinchiga uzatilgan qoʻl.

Alvido, gʻoyibdan iona kutgan

Ey qaysar qimorboz! – Qahvaxoʻr uya.

Ey, sen qahvaxona tashida yotgan, –

Titragan, xoʻrsingan oʻksik Turkiya.

Alvido, ey boshi egik, qaddi dol

Musulmon bandilar, sizga alvido.

Ne uchun qanchalik sigʻinmang halol,

Sizni muhtojlikda saqlaydi xudo?

Alvido, senga ham, yugurdak, gʻulom, –

Etik tozalovchi yalangʻoch bola!..

Mana dengiz uza tushdi qora shom,

Istambul shamlari yondi shu palla.

Unutmayman seni Dogʻistonda ham,

Baʼzida qalbimni oʻrtaydi alam.

Turk qizlari chekkan figʻon jonlanur

Bulutlar koʻz yoshi toʻkib oʻtgan dam.

 

* * *

Shoshilmay yozdilar bobolar qadim

Xanjarlar yuziga xanjarlar bilan.

Men zoʻrgʻa qiynalib yozaman hadeb

Uni qalam bilan, boʻsh soʻzlar bilan.

Jangga ot surdilar bobolar qadim

Xayrlashib sevgan yerlari bilan,

Mening siyoh bilan zoʻrgʻa yozganim

Toshga yozdi ular qonlari bilan.

 

* * *

Baʼzi yosh novdalar oʻzin unutar,

Derlar rashk solamiz koʻp yuraklarga.

Doʻl quymoqchi boʻlib turgan bulutlar

Istehzoli kular gʻoʻr kurtaklarga.

Shunday dumbullar bor, kibrlanib der:

“Yashaymiz baxtiyor, farogʻatda biz!”

Baxt esa ularga rahmi kelib der:

“Bolalar singari buncha soddasiz!”

 

XANJARLARDAGI YOZUVLAR

 

Dushmanlarcha qoʻl ursang,

Tigʻim senga, ey odam!

Doʻstona qoʻling choʻzsang,

Mana, ushla dastamdan.

 

* * *

Xanjarni qoʻlga ol-u, ammo oʻzingdan ketma,

Xanjar uchun yaxshi joy qin ekanin unutma!

 

* * *

Xanjarim bor deb xursand

Koʻrsatma oʻzing chaqqon,

Bitta oʻzing emassan

Bunaqa xanjar taqqan.

 

* * *

Qizdirsa ham quyosh ming karra,

Qon qotmaydi damida zarra.

 

* * *

Xanjar ahmoqda boʻlsa,

Tinchlik boʻlmaydi hech ham.

Xanjar oqilda tursa,

Boʻla bergin xotirjam.

 

* * *

Moʻylovga ustara bor, emanga bolta tayyor,

Togʻliq doʻstim, xanjaring qindan chiqarma bekor!

 

* * *

Surnay emas u, lekin

Unda bor ikki ohang.

Bir kuyi – oʻlim ekan,

Bir kuyi – erk uchun jang.

 

* * *

Zanglar bossin yuzimni,

Kimni oʻldirgan boʻlsam.

Laʼnatlayman oʻzimni

Qotil qoʻlida koʻrsam.

 

Mamarasul BOBOYEV tarjimalari

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.