Tiniq oqshomlarda

0
172
marta koʻrilgan.

NIYAT

Oʻtgan zamonlarda qoldi alamlar,

Sabr zanjirlarin faryodi yitdi.

Koʻngil ichra koʻngil topdi odamlar,

Istiqlol umidlar magʻziga yetdi.

Yorugʻlik baxsh etdi, o ulugʻ damlar.

 

Raʼnolar, jambillar faslidan darak,

Azizlik rutbasi kamolot toti.

Endi-da odamdek yashasa kerak,

Mazasi yurakda baxtning navvotin.

Shubhasiz, Humoday yoyib qanotin,

Tiniq oqshomlarda kulgay kelajak.

 

Buyuklik har qalbning ozod suvrati,

Unga boqsang agar najot koʻziday.

Bu ajib vatanda yashash lazzati,

Ilhom parisini quchmoq keziday.

Rost-durust bobolar aytgan hikmati.

 

Doʻstlar nagʻmasiyu dushman shiviri,

Uzzukun yomgʻirday yogʻar baʼzida.

Maʼrifat bu Haqning tirik daftari,

Mijgʻov xatarlarni qirqar izidan.

Tinchlik-omonlikning asl gavhari.

 

Axir kunlar shirin, bulbul soʻziday,

Notinch oʻylar oʻchdi, yangradi bayot.

Gullar qadam qoʻydi dashtlarga yalang,

Injilmay shodliklar ulashdi hayot.

Zavqimiz piyola, qoʻlma-qoʻl, qarang.

 

Doim panohida asrasin Tangrim,

Abad yaqin qilsin pok niyatlarga.

Nozik hislar joʻshsin kayfiyatlarda…

 

* * *

Muyassar boʻlmagʻay husni jamoling,

Yomgʻirdan esdalik, nuqtaday xoling,

Uzilgan argʻamchi misoli holing,

oʻir-gʻir ogʻib qoldi aqlu hushim ham,

Yostigʻing ustiga tushgan tushim ham…

 

Fisqu fujurlaring oʻrmalab oʻtdi,

Olma atab edim, parmalab oʻtdi,

Chayonday qahringni oʻrtaga solding,

Nish surib, gajaklab labma-lab oʻtdi.

Bir-bir titrab qolar ikki qoʻlim ham,

Toʻgʻridan adashib tolgan yoʻlim ham.

 

Chugʻurchuq erkalik qilsa maylimi,

Aytsa istagimning goʻzal saylini,

Shipshitsa yashirib yurgan maylimni,

Ajab shaydolikdan topgan aybimni,

Shir-shir oqib tushdi soydek alam ham,

Gir-gir qulab tushdi oydek olam ham.

 

TATABBUʼ

Qadimiy navolar, qanday davolar,

Kafani yaprogʻdin bulbul mozori –

               Shafaqqa burkansa,

               Oydin sabolar,

Soʻzlasa Umrning azmu qarorin:

“Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa…”

 

Ne tong Quds piri yuborsa xabar,

Har daraxt shoxida shabnam mujdalar,

Na taqdiri azal, na jumla qadar,

Shu xolis bitikka ursa nuktalar.

“Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa…”

 

Intiho topmagay hijron azobi,

Na uchun berilmas sabr javobi,

Bormikan tovbaning misqol savobi,

Yo shumi Ibtido yozgan kitobi.

“Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa…”

 

Yo rabbim, umidim yupanch kul etmish,

Tilagim ulgʻaymay hukm qul etmish,

Koʻpimni sayyyod, kamim sayd etmish,

Barini toʻplab bitta bayt etmish..

 

“Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulgʻa tikandek oshyon boʻlmas emish…”

 

ORAZI…

Orazi koʻzguda ayni hiloldur,

Kamolin soqchisi, jangchi maloldir.

Yuragim yonida qalb ehtirosin

Ayamay uradir mehri qasosi.

 

U nozik qaygʻudir, nafis ayriliq,

Botindan olovday koʻchgan hayqiriq,

Ismaloq hislarin sochgan xushqadam,

               Hozirdan oldinroq,

               Avval, muqaddam.

 

U juda mehribon, juda oqila,

Ishqim mehmoni, hushim sarboni.

Yoʻqlasa, jambillar unar bir yoʻla,

Yulduzi qaldirgʻoch kibi osmoni.

U asl parivash, u tengsiz imdod,

Qilgan munojotim nola lafzida.

Naqadar fusunkor, naqadar obod,

Meni ham olib   oʻt lola fasliga…

 

* * *

Imkonim muhibi hamroz emas,

Izhorim jamlasam bayoz emas,

               Dengizdek tugʻyonim qamaganman,

               Ammo soz emas,

               Sira oz emas.

Rozing nastarin bargida uzat,

Chekinsin koʻksim bulgʻagan uzlat,

Endi men tomonni asta kuzat,

               Ulfatim xorday,

               Xilvatim gʻorday.

 

Imkonim muhibi hamroz emas,

Musiqor mugʻanniy boʻlgan mahal,

Parilar qizlarga berur sayqal,

Yigitlar orzusi – ul Tojmahal,

               Chin sevgi chin laʼl,

               Konida asal.

 

Oʻn toʻqqiz yoshim – argʻumogʻida,

Obqochar dilbarin gullar bogʻidan,

Menga xayr demas, yuzin oʻgirib,

               Oʻzin sugʻurib…

 

Imkonim muhibi hamroz emas…

 

XABAR

Osima­,

Laylaklar elchi –­ u yerdan,

Huv ana mezonlar, xabar olaylik.

Pagʻa-pagʻa yolqin, tomchi-tomchi rang,

Yogʻar bir oʻlka bor, boraqolaylik.

 

Koʻngil arosida faryod tilkasi,

Armonlar toʻsibdi tigʻ baxtimizni.

Qush yoʻq rabotlarda kimning koʻlkasi,

Eshitdi mungragan suhbatimizni.

 

Sen yulduz parisi toʻfon burjida,

Men qora tuynukda uloqqan balki.

Ummonday ogʻriqdan singan gurziday

Osmonday kenglikka sigʻmaydi shaklim.

 

Oʻqishni bilsang gar Taqdir kitobin,

Bilib ber, ishq bormi oʻlmasdan burun.

Soʻrab ber, sevgining manzil turobin,

Joy bormi, yuzpora ikkimiz uchun.

 

Osima­

Laylaklar qaytdilar ortga,

Adirlar qatiga yashrindi bahor.

Tinmay yogʻayapti, biz yoʻq oʻlkada,

Pagʻa-pagʻa yomgʻir, tomchi-tomchi qor.

 

Abduvali QUTBIDDIN

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.