Tazarru

0
156
marta koʻrilgan.

Telefon yigʻlab yuboradi yarim tun,

Jonimga aylanar uning goʻshagi.

Aloqachi singlim, bir kech urushma,

Aloqachi singlim, tezroq ulagin.

 

Simning u uchida onam xastahol:

“Bolam, omonmisan, sogʻmisan, – deydi –

Oʻgʻlingni sogʻindim, kelin yaxshimi?”

Onajon, har savol jonimni yeydi.

 

“Akang qizli boʻldi. Ukang oʻgʻilli…

Kecha kuni bilan terdik Qoʻzachoʻp…”

Ona, men bu yerda sheʼrlar toʻqiyman:

“Onangni qabargan barmoqlarin oʻp!”

 

Qoʻshni xotinlarning sizga havasi –

Keladi, barini bilaman, ona.

Maqtanib qoʻyasiz, bolam shoir deb,

Koʻzyoshlar toʻkasiz tunlar pinhona.

 

Ana, qoʻshnimizning bolasi dehqon,

Har tong kelini suv quyar qoʻliga.

Sizning keliningiz…

Davralar koʻrgan,

Faqat, siz intizor uning yoʻliga.

 

“Ona, men sogʻindim sizni juda ham…”

Soʻzimdan anqiydi yolgʻonning hidi.

Axir, qancha boʻldi eslaganim yoʻq,

Axir, meni manov tosh shahar yedi.

 

Sheʼrlarim barisi soxta, toʻgʻilgan,

Ona, shoir emas bolangiz, rosti.

Faqat… kurashmoqdan toʻymas yiqilgan,

Manov tosh shaharda bor mening qasdim.

 

Bu tavba-tazarru…Faqat meniki,

Ona, onajonim, aytmayman sizga…

Aloqachi singil, buncha qoʻpolsan,

Aloqachi singil, fursat ber bizga.

 

Aloqachi singil, jonim seniki,

Yuragim osilib qoldi, siming – dor.

Axir, meni tushun hech boʻlmasa sen,

Qishloqi onamdan boshqa kimim bor?

 

Ona, yetmadimi simning bardoshi,

Uzilib ketdimi… Boshlandi “dut-dut”.

Endi Xatirchidan Toshkentga qadar,

Bir ovoz…“Yolgʻonchi shoirni unut…”

 

Islom HAMRO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.