Tavallo

0
335
marta koʻrilgan.

Bu yil 94 yoshni qoralayotgan onam – Mukarrama usta Nurmat

polvon qizlarining sharofati bilan bitilgan mashqim

 

Nelardandir koʻngil boʻlib gʻash,

Ham egilib bu egilmas bosh,

Koʻzlarimda qalqib tursa yosh,

Bu holimga berolmay bardosh

Mushtipar bir Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Qaytar boʻlsam quruq qoʻl ovdan,

Qora qozon qolsa qaynovdan,

Ham ayrilib oʻlja, ulovdan,

Qarzga botar boʻlsam birovdan

Taskin berib Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Birda haqdin, birda nohaqdin,

Jabr koʻrsam bir betavfiqdin.

Ortda tursam qalbi quroqdin,

Qadrim xarob boʻlsa tuproqdin.

Ohlar urib Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Ogʻa-ini oʻrtasida gap…

Alhol, kelib chiqmish ixtilof:

Biri izzat, biri mulk talab.

– Bu oq sutim, mehrimga xilof, –

Deya shoʻrlik Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Sinalmoqning gali kelganda,

Nohaq magʻlub boʻlsam maydonda,

Nomim qolmas boʻlsa jahonda,

Kim doʻst-dushman bilinar onda

Ahvolimga Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Hanim bir yon, men bir yon boʻlsam,

U ustivor, men uryon boʻlsam,

Bu ham kamday nogiron boʻlsam –

Yogʻoch otga yonma-yon boʻlsam

Oy tutilib, Onam yigʻlaydir,

Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir.

 

Boʻlsam gumroh, boʻlsa gunohim,

Vujudimga solmasdin vahm,

Qabul ayla tavallo-ohim,

Darigʻ tutmay mehring, ilohim,

Yigʻlatmagil mushfiq Onamni,

Volidai Muhtaramamni.

 

Toʻra SULAYMON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.