Tavallo

0
1
marta ko‘rilgan.

O‘qing Anvar qori, o‘qing, birodar,

Muqaddas Qur’onning oyatlaridan.

Ruhimga tinimsiz yog‘dular yog‘ar,

Cheksiz samovotning qavatlaridan.

 

O‘qing “Fotiha”ni, o‘qing “Yosin”ni,

Tavba eshiklari ochilsinlar lang.

Tazarru deb biling ko‘zda yoshimni,

O‘qing, barchamizga shafoat tilang.

 

O‘qing, bor gunohlar butkul to‘kilsin,

Arshgacha yuksalsin savobning haddi.

O‘qing yovuzlikning beli bukilsin,

Toki ezgulikning rost bo‘lsin qaddi.

 

Insonni ming yillar jaholatidan

Asliga qaytargan iymon-ku axir.

O‘qing, ilohiy so‘z haroratidan

Erisin hattoki tosh qotgan bag‘ir.

 

O‘qing, zarra g‘ubor qolmasin dilda,

Kunduz quyosh guvoh, tunda guvoh oy.

Mo‘minlar qatori o‘sha manzilda

Bormikan menga ham tangachalik joy?..

 

Abdulla ORIPOV,

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.