Tarki jamoa

0
340
marta koʻrilgan.

– Tumanni tumandin, bargni sumandin, ovulni aymoqdin, aymoqni har yoqdin; oʻzbekni qozoqdin, qirgʻizni qoraqalpoqdin ajratib, bu mening yerim, bu sening eling, bu tomoni turkmanlarning yurti, u tomoni Chorjoʻy chegarasi, deb echkini uloqdin, daryoni buloqdin, tanni jondin, jonni vatandin ayirib boʻlganlaridan soʻng finatdil, jinatdil, uratdil, davring keldi suratdil degan adillar qovunning urugʻiday koʻpaygandin koʻpayib ketibdi. Har kent, har daha, har muzofotda boʻlgani singari azal-boshdin bozorlari ham, avlod-ajdodlarining mozorlari ham bir boʻla kelgan Qoraqishloq tumanini ham ikkiga boʻlibdilar: Sangzor daryosining Amir Temur darvozasigacha oqa kelgan hudud Baxmal, Qut tomoni esa Gʻallaorol tumani. Voy desang ham shu, dod desang ham shu.

Bu hol, bu koʻrgilik koʻpchilikka malol kelib, Gulbuloq qishlogʻida gʻavgʻo koʻtarilibdi:

– Bu enani boladin, diyqonni daladin, qoʻzini qoʻydin, biyani toydin ajratganday bir gap emasma?

Hukumat vakillaridan biri gʻavgʻo qoʻptirganlarning bu savoliga qisqagina qilib javob berib qoʻya qolibdi:

– Bu mening chiqazgan farmonim emas. Bu yangi hukumatning yangi qonun-qoidasi. Bu Hukumat Nikolay podshodan ham zoʻr. Demak, podsho farmoni – amri vojib. Gap tamom, vassalom. Podshoning farmoyishiga qarshi borish – oqimga qarshi borish degani. Oqimga qarshi borgan kishi esa gʻarq boʻladi. Tushunarlimi?

Nihoyat, yangi hukumat qad-qovmatini rostlab olib, qizil yalovini har mahkama, har hibsxona, telba-tentaklar davolanadigan shifoxona, hatto qabriston peshtoqlariga ham “Lenin hamisha biz bilan!”, “Xush kelibsiz!”, “Hokimiyat shoʻrolarga!”, “Yer-suv – dehqonlarniki!” degan shiorlar osilmagan yer qolmay, yangi tuzumga et-beti bilan berilgan kishilar shoʻrolardan beizn-beruxsat emin-erkin yozilib… kelolmay, yuqorida aytilgan turli-tuman “otdil”lar bel bogʻlab ishga tushib ketibdi. Qoʻydan ham qoʻychibonlar koʻpayib, qoʻra-qoʻtonlardan qut-baraka koʻtarilib, tinib-tiniqib oqa kelgan daryolar loyqalanib, halol haromga, harom ihtishomga[1] aylana boribdi.

Yangi ochilgan maktablarning bebismilloh bitilgan yangi kitoblari uvol nimayu savob nima? Gunoh nimayu gumrohlik nima? degan soʻzlardan xoli boʻlib, taka sasib qolgan yigitchalar bilan, er-xotinlikning maʼnisiga elas-elas tushunib qolgan qizaloqlar juft-juft boʻlib bir partada oʻtirishib, sonlari sonlariga tegib – “sharmu hayoli” boʻlib… Betayinlar beklashib, bek boʻla kelganlar betayinlashib, boytevatlar boʻriga, laychalar undan ham zoʻriga, toʻgʻrilar oʻgʻriga, egrilar otasining goʻriga aylana boribdi. Qoʻying-chi, boyagi aytgan finatdil degan otdilning soliqchilari yangi tuzumning yangi tuzuklarini amalga oshirishda, boyning oʻzidan uning boytevati xavfli deganday, jonini jabborga berib… Boringki, nalikchining nopok qadami yetgan yer azaga, muhr bosilgan pattalari mehnat ahli uchun jazoga aylana boribdi.

Ishning nima bilan boshlanib, nima bilan tugashiga koʻzi yetmagan odamlar kimga borib, kimga arz qilishini bilmay bir-birini savolga tutgan boʻladi:

– Bu hukumat degani, Savit degani, Shoʻra degani nima oʻzi? Ochkalasmi, olimmi, zolimmi, arbobmi yo och arvohmi? Yo berganingni qoldirmay uradigan yolmogʻizmi?

– Ilgarilari podsholik el-ulusga rahnamolik qiladi deb eshitar edik. Bunisi iligimizni yogʻini ham qoqib oladi, shekilli. Bora-bora qoʻynimizdagi xotinlarimizni ham olib qoʻymasa boʻlgani!

– Yoʻgʻ-ye!

– Mana, koʻrasan.

– Olib nima qiladi?

– Nima qilar edi, Sibirda oʻrmon kesib jurgan sanoqsiz mardikorlarga eltib beradi.

– Joʻgʻ-ye!

– Ha, de.

– Bir hisobdan tuvri aytasan. Oʻzi olmagan narsasi qolmadi. Jerimizdi oldi. Toʻrt tuligimizdi oldi. Endi navbat egni-boshimizdi ham yechib olib, havoni ham qoplab-qanorlab…

– Hamma baloni bilasan ekan-ku. Nima qilar eding meni laqillatib…

El-ulus sel urgan baliqday gangib qolgan shu yillari Abdugʻoni ismli Tangatopdi qishlogʻining qoʻychiboni qarindosh-urugʻlarini yigʻib maslahat solibdi:

– Bu jil kenja ulimni uylantirib, nebaralarimdi qoʻllarini halollatib qoʻysam deb edim. Necha jillardan beri bir jeb-jemay, bir kiyib-kiymay jiyib jurganlarim bor. Dasturxon jazib, men ham elga osh bersam. Shunga nima deysizlar?

Choʻponning qavmi-qarindoshlari bir ogʻizdan depti:

– Nima der edik, yaxshi niyating joʻldoshing boʻlsin. Jetti jil mol boqqanga doʻzax oʻti harom emish. Sen esa qariyb oʻttiz jildan beri choʻponlik qilib kelajatibsan. Toʻy kunini belgilab olsak boʻldi. Shu vaqtgacha sen bizning xizmatimizdi qilib kelding. Endi biz ham qarab turmasmiz.

– Oqilbek ota haq gapdi aytdi. Xayrli ishga gʻoyibidan, degan gap ham bor. Uningsiz ham mamlakatda qimmatchilikminan ocharchilikding, qabohatminan qahatchilikding sharpa-shamoli kezib turibdi. Toʻydi qancha tez qilsang, shuncha jaxshi.

Qoʻychibonning uzangi yoʻldoshlari gapni gapga ulab ketibdi:

– Buning jiygan dunyosi koʻp. Toʻy bahonasida otasidan qolgan tuya sandiqlardi ham ochsa keragov. Topgan-tutganimizdi pinagintlarga qoʻsh-qoʻllab bergandan koʻra qoʻyindan toʻkilsa qoʻnjigʻa qilganimiz yaxshi emasma? Sen ham odam boʻlib bir erigin. Bir bitimiz toʻkilsin.

– Eriydi. Bizlardan jiyib olganining oʻndan birini oʻrtaga tashlaganda ham, sen je, men je, boʻlishi tayin. Oʻzi ham koʻpdan beri aytib jurgan edi, toʻyim uloqli boʻladi, qora oʻchoqqa osadigan qozonim qirq quloqli boʻladi deb.

– Oʻziyam Abdugʻoni qoʻylarimizni boqqanidan beri bir sovligʻimizni egiz tuqqanini koʻrmadik. Nuqul yolqi tugʻadi. Oʻsha egizlari segizlab ketgan boʻlsa kerak. Biron marta qozon osganini ham koʻrmadik. Nuqul oshi halolning ketidan kun koʻrib keldi. Buning dunyosi koʻp. Hammasini bir qilib elga bir osh bersa beribdi-da.

Toʻy egasi ham boʻsh kelmabdi:

– Qari qiz jeganini bilmaydi deganlari rost ekan. Har jili egizlab qoʻzi bergan sovliqlaring boʻlmay oʻzini tosh oynadan olib, tosh oynaga solgan boybichalaring edimi? Undan koʻra, birimiz chori, birimiz shishak, juda boʻlmaganda toʻxli, tusoq, himmat qilganimiz yo qoʻzili qoʻy, yo toʻpichoq olib kelamiz desanglar-chi! Birov aytgan ekan: toʻy qilishdan maqsadim – sochilgan dunyolarimni yigʻib olish deb. Shu shekilli…

Maslahat maslahatga, maslahat oshi hamiyatga ulanib toʻy ham boshlanibdi. Chavandozman deganining biri u jilgʻadan, biri bu janadin chiqib kela beribdi. Ot undan, odam bundan koʻp. Toʻy oqsoqollari, duganbegilari, maydonbegi[2] solimni belgilabdilar, uloqni pokka tashlaganga – gilam, zulqurs, takiyamat, toy, toyloq. Maydon – Mirzaqiri bilan Qoʻshtut tepaligining oraligʻi. Orasi toʻrt chaqirim.

Oʻrtaga serka tashlanibdi. “Ot oʻyini” boshlanibdi. Solim – oti yugurikniki! Maydon mardniki! Gʻirromlik qilgan – badnom. Tarafkashlik qilinguday boʻlsa urugʻ-aymoqlar orasida – qatli om! Qor qalin – qora sondan! Maydonda besh yuz argʻumoq. Qor toʻzonga, otlar nafasi tumanga aylanibdi. Maydonda otangni ayama degan gap-gap. Uningsiz ham chavandoz xalqi qizishganidan soʻng pirini ham tanimaydi. Qolabersa, oʻrtada – oriyat. Hamma olsam deydi. Solim katta qoʻyilgandan qoʻyilib boradi. Oʻyin ham qizib boradi. Soʻnggi eng katta solim – borishi – toyloq, kelishi – holi gilam bilan tana. Bu solim toʻy egasining qaynisi Oʻrol yilqichining jiyanlariga boʻlgan togʻalik ulgusi. Endi otlar ham horib, qora terga tushib sarasi saraga, nochori nochorga ayrilib, navbat nomi Baxmal dahasida tilga tushgan xonazotlarga kelibdi. Keyingi solim aldashmonlik Joʻra polvon bilan Qirgʻiz qishloqlik Juman choʻyanda ketgandan soʻng koʻpkari nihoyasiga yetibdi.

Toʻy tarqab, endi toʻyning otovnari[3] boshlanibdi.

Qoʻychibon toʻy qilib, borliq topgan-tutganimni oʻrtaga tashlab, el-ulus oldiga dasturxon yozadigan boʻlsam, nasib qilsa, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlini olib kelaman deb niyat qilib qoʻygan ekan. Uning bu tilagi toʻy duganbegilariga ham maʼqul tushib, dongʻi-dovrugʻi Turon-Turkiston mulk-mamlakatga maʼlum-mashhur boʻlgan oqinga quvsa yetadigan, qochsa qutuladigan argʻumoq yuboribdilar. Ergash bobo ham:

– Aytgan jerdan qolish joʻq, aytmagan jerga borish joʻq. Suymaganga suykanish joʻq, sulton boʻlsa ham suyanish joʻq. Er – siylagan jerga aziz, – deb oʻz izzat-oʻz ikromlari bilan kelgan ekanlar. Qoʻychibon toʻyining toʻymisan toʻyday oʻtgani bir yon boʻlibdi-yu, shoir kelganining oʻzi bir yon boʻlibdi. Hamma yoqda duv-duv gap:

– Ol, nima deysan, Abdugʻoni akaning toʻyiga Ergash Jumanbulbul kelibdi!

– Manaman degan boy-boyvachchalarning toʻy-tomoshalariga ne tavallo-tazarrular bilan boradigan shoyirding kebanagini sudrab jurgan bir odamning toʻyiga kelganiga ishonmay turippan.

– Garov oʻynamaysanma?

– Bu birgina qoʻy boqib, qumaloq bosib jurganiminan balo ekan. Agar shoyirding kelgani rost boʻlsa.

Otovnar-ziyofat boshlanibdi. Shirbozlar soʻyilgan. Qora qozonlar qayta boshdin osilgan. Dasturxonlar shohona. Qimiz ketidan qimron, qazi ketidan qarta. Boʻza bilan sharob deganingiz serobdan serob. Beshbarmoq bilan yonma-yon tandirkabob.

Oʻsha yillari marjalarga[4] uylanish amaldorman deganlarga katta gap sanalib, shu bilan “Baland uchma ey koʻngil qushi, monandi anqodek, Baland uchgan bilan zogʻu zagʻon olamda boz oʻlmas”, deganlariday hovliqib-havolanib, aroq ichganlar argʻumoq, uni ogʻziga olishdan hazar qilganlar esa qoloq sanalib, haloldin harom ustuvor kelgan kezlari ekan.

Mehmonxona toʻla odam. Har kim yoshiga (amal-tamaliga qarab emas), gaplarining qovushib-qovushmasligiga qarab joylashibdi. Gʻallaorollik Hazratqul Mamadiyorip degan nalogchi[5] Ergash boboning roʻparasiga doʻnib olibdi (andalibning yoniga olaqargʻa qoʻnganday). Uning toʻqimtabiat ekanligini, oʻtirgan yerini xira, yon-atrofidagilarining koʻnglini siyoh qilishini bilganlar orasida shivir-shivir boshlanibdi:

– Oʻldi.

– Nima oʻldi? Kim oʻldi? Gaplaring buncha sovuq.

– Bulbulding jonigʻa qora qoʻngʻiz qoʻndi.

– Tushunmadim.

– Hademay tushunasan.

– Endi nima boʻladi?

– Qora jer, qora mozor boʻladi.

– Joʻgʻ-ye?

– Mana koʻrasan.

Ziyofat avjiga chiqib, gap gapga ulanib sharobbozlik ham boshlangandan boshlanib, qoʻychibon qoʻli ochiqlikda olqishlanib (bergan xudoga yoqibdi, deganday), kimlar esa sharob tugul, gulobni ham ogʻziga olmaslik uchun turli bahona qidirishga tushib…

Qancha jigargoʻshalaridan, nori-norchalaridan, bogʻu bogʻchalaridan, guli-gulshanlaridan ayrilib, bir uyda bir oʻzi qolib, judolik oʻtiga qovrilib – tolib-toliqib, boz ustiga, taqvodorligi, ulamoligi sababli harom-harish aralashgan yerdan oʻzini tortib, mavridi kelib qolsa maʼraka-marosimlarda birda barchani birday kuldirib, birda yigʻlatib – hammani ogʻziga qaratib yurgan nazarkarda oqinning choʻgʻ ustida oʻtirganday toqatsizlanib oʻtirganini koʻrib, kuzatib turgan, kayfi oshishdan toshishga oʻta boshlagan Mamadiyorip xushxonga gap otibdi:

– Ilgar-rilar-ri kem-maga, hiq, tush-shganning, hiq, joni birr, deb eshshi-tarrdik. yo siz-zning tush-shgan, hiq, kemmang-iz-zning eshkagi… dan-nma?!

Buningsiz ham koʻngli xasta, dili shikasta boʻlib yurgan oqin qafasga tushgan qushday boʻlib, qayga uchib, qayga qoʻnarini bilolmay toqati toq boʻlib, battar betoqat boʻla boshlabdi.

Poygah tomonda mardosh qurib oʻtirgan alp yigitlardan biri, shiddat bilan oʻrnidan turib haligi qora qoʻngʻizni (toʻngʻiz deb boʻlmaydi, albatta) oyogʻini yerga tagizmasdan tashqariga olib chiqib ketishga chogʻlangan ekan, yonidagi sherigi uning oʻngiridan tutib qulogʻiga shivirlabdi:

– Bunday qilsang oqinning koʻngli battar ogʻriydi. Yaxshisi, anovi qoʻlansaning gapini eshitib-eshitmaslikka olganimiz maʼqul. Bu gap shu xonada qolib, shu jerda qolgani yaxshi.

Joʻrasining bu oʻyi haligi chapani yigitga maʼqul tuyulibdi.

Hushyor, xushxulq, xushzabon kosagul yigit ham qora qoʻngʻizning gapini eshitsa ham eshitmaslikka olib gapni boshqa yoqqa qarab buribdi:

– Katta koʻpriklardan mast ham oʻtadi, nahs ham oʻtadi, esipast ham oʻtadi. Koʻprik esa koʻprikligicha yelka tutib tura beradi. Toʻy egasi ham shu misoli. Manaman degan boylar ham qirq kechayu qirq kunduz elga osh berib koʻpni qoyil qoldira olgan emas. Qolabersa, toʻyga aytilgan ham keladi, birda-yarim betayin, bepadar ham keladi. Xayriyat, bugun Abdugʻoni akaning toʻyiga tamomi tayinli kishilar kelishibdi. Toʻyni gap-soʻzsiz, eson-omon oʻtkazib oldik. Bu – qoʻychibon bobomizning niyati xolisligidan. Eng muhimi, oʻlkamizda dong qozongan oqinimiz, dilimizga yaqinimiz boʻlmish Ergash bobomizning katta boshlarini kichik qilib qishlogʻimizga kelgani. Bu hammamizning obroʻyimiz. Endi joʻn gapimizga chek qoʻyib, gapni oʻz daryoi azimimizdan eshitsak.

Bu gap barchaga birday maʼqul tushib, hamma birday depti:

– Shoyirimizding taʼrifini juda koʻp eshitib jurganmiz. Bugun oʻzlari bilan koʻrishib, oʻzlarini oʻz koʻzimizminan koʻrib oʻtirganimiz ayta-ayta jurgulik gap boʻldi.

Bu paytda soliqchining kayfi oshib, almayi-jilmayi boʻlib, yaxshi-yomon gapning maʼnisiga tushunmaydigan bir holga kelib, toʻrt oyoqli itdan farqi qolmay qolgan ekan.

Uningsiz ham Ergash bobo koʻpni koʻrgan, el kezgan, past-baland gaplarni koʻngliga olishdan bezgan, barcha birday boʻlganda – bu dunyoning qizigʻi ham boʻlmasligini necha bor koʻnglidan oʻtkazgan dostonsaro emasmi, oʻzi soʻzlasa soʻzlaydigan, boʻzlasa boʻzlaydigan otameros, bobomeros sozini qoʻlga olib, avval oʻtgan-ketgandin, niyatiga yetib-yetmayotgandin, zongdin-zamondin, jahongirdin, jahondin, dorus-salxdin[6], saltanatdin, siyosatdin soʻylab, davrabop bir terma aytishni oʻylab, junbushga kelib, hoʻylashdan kuylashga oʻtibdi:

 

Bu davraday davrani kam koʻrgandin kam koʻrdim,

Toʻyxonada bir umr oʻchmaydigan sham koʻrdim,

Toʻqson toʻqqiz bovli el – barin birday jam koʻrdim.

Lek birgina bezotni beor, bekaram koʻrdim.

El kezib qay birlarning xotinin taloq koʻrdim,

Birlarni umr boʻyi tirnoqqa zor – toq koʻrdim.

Kimlarni el-ulusdin yiroqdin yiroq koʻrdim.

Kimni tilsiz hayvondin ming bor batarroq koʻrdim.

 

Kimki hamnafas boʻlsa nokas, nafsi gʻor bilan,

Nasab-nasli tayinsiz, benomus, beor bilan,

El nazaridin qolgan – qismati dushvor bilan,

Baʼdfeʼl, badkor, behayo – qoʻsh oyoqli mor bilan,

 

Sitam chekib dam-badam, koʻngli xufton, gʻash boʻlgay,

Jigar-bagʻri xun boʻlib, kulfatga tutash boʻlgay,

Beoqibat, betayin, mehri qattiq – tosh boʻlgay,

Oqibat eldin ayri – koʻzlarida yosh boʻlgay.

 

Yomondin qochib qutul yo undin tonib qutul,

U qirda boʻlsa magar, sen pastga enib qutul,

Taqdiri-toleingga ilojsiz koʻnib qutul,

Qochib qutulolmasang oʻrtanib, yonib qutul.

 

Sor qoʻngan yerga zogʻning qoʻnganini kim koʻrgan?

Elbezor kasning unib-oʻsganini kim koʻrgan?

Karvon yoʻlini kalxat toʻsganini kim koʻrgan?

Sher zotini laychaning yengganini kim koʻrgan?

 

Ne boʻlsa ham itminan[7] hamtovoq boʻla koʻrma,

Sheriging mirshab boʻlsa beyaroq boʻla koʻrma,

Koʻrgansizning uyiga hech qoʻnoq boʻla koʻrma,

Yaxshilarga yondashib yur – yiroq boʻla koʻrma,

 

Ichib toʻyni buzganning ichgani aroq boʻlsin,

Pushti kuyib tamomi nasli tumtaroq boʻlsin.

Ohlar urib armonli, qoʻli qaltiroq boʻlsin.

Ichgani aroq boʻlsin, ichgani aroq boʻlsin…

 

Ollohga iltijo qib endi soʻzni bas qilsam,

Bir oʻziga sigʻinib ibodat, ixlos qilsam.

Toʻyxonaga hasadmas, chin dildan havas qilsam,

Unib-oʻsishin tilab, bir yaxshi nafas qilsam.

 

Oqin toʻlib-toshib, sal qizishib aytgani oʻziga yarashib sozini yonboshiga qoʻyishi bilan mehmonxonadagi yoshu keksa qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, Ergash boboga taʼzim-tavoze qilibdilar.

Oʻttiz tishdan chiqqan gap oʻttiz uruqqa tarqalar, deganlariday, yurgan, oʻtirgan yerida qoʻlansa hid chiqazib yuradigan qora qoʻngʻizning bir gap bilan baxshning dilini ogʻritgani, Ergash boboning ham unga aytar gapini topib aytgani hademay Sangzor – Soyboʻyiga tarqalib, tildan-tilga oʻtibdi.

– Ming qargʻaga bir kesak, ming qoʻngʻizga bir tezak. Bundaychaqa sadaqafurushlarning mingtasi shoyirding bir moʻyiga arzimaydi.

– Koʻrasan, endi buning kosasi oqarmaydi. Yo betidan buziladi, yo ketidan!

Karvon-karvon zardan qolsang qol, mahalla-guzardan qolma. Bozordan qolsang qol, dilyozardan qolma. Loʻkcha bilan nordan qolsang qol, gulzordan qolma. Yetib boʻlmas, chiqib boʻlmas togʻlarni nima qilasan, obi-havolaridan bahramand boʻlib turgan togʻing – Morguzardan qolma. Hammasidan qolsang qol, nazardan qolma, deganlariday, shu-shu Mamadiyorip koʻpning nazaridan qolib, elga qoʻshila olmay – tarki jamoa boʻlib qolgan ekan.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] Hashamat

[2] Chavandozlarni izma-iz kuzatib boruvchi hakam.

[3] Toʻy qilgan kishining toʻyda bel bogʻlab xizmat qilgan doʻstu qadrdonlariga beradigan ziyofati.

[4] Oʻris xotunlarga.

[5] Soliqchi.

[6] Kushxona

[7] It bilan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.