Taqib qoʻyay koʻzmunchoq

0
132
marta koʻrilgan.

Argʻimchogʻim

 

Argʻimchogʻim, argʻimchoq,

Taqib qoʻyay koʻzmunchoq.

 

Yomon koʻzdan asrasin,

Yomon soʻzdan asrasin.

 

Quvnaydigan paytimda,

Yayraydigan paytimda

 

Uzilmasin arqoning,

Yiqilmasin polvoning.

 

Magazinda

 

Qizcha kirdi magazinga,

Bir qoʻgʻirchoq olgani.

Kutib oldi doʻkondor:

– Qani qizim, kel qani.

 

Qara, ushbu qoʻgʻirchoq,

Didingga mos keladi.

Koʻzlarin ochib, yumar,

Yigʻlashni ham biladi.

 

– Voy, opajon! – deydi qiz, –

Maqtayvermang, boʻldi, bas.

Yigʻloqi qoʻgʻirchoqlar,

Menga sira kerakmas.

 

Qoʻshnilar

 

Qamgʻoq dedi yantoqqa:

– Gullaganing yaxshiyu

Tikaning yomon…

 

Yantoq dedi qamgʻoqqa:

– Boʻy-bastimga koʻzingni

Tikkaning yomon…

 

Topshiriq

 

– Nodir, qoʻlga

Olgin tayoq,

Tutga chiqib

Qoqqin, oʻrtoq.

 

Saralab qoq

Pishganini,

Yeb turamiz

Tushganini.

 

Tandir

 

Ichimga oʻt yoqishar,

Turli holga tushaman.

Avvaliga qorayib,

Soʻng oqarib pishaman.

 

Ishim ogʻir va, lekin,

Chidamasam boʻlmaydi.

Mensiz toʻyda dasturxon

Shirmoy nonga toʻlmaydi.

 

Gulchi qiz

 

Gulnoraning gullari

Yashnab turar bogʻida.

Parvarish qilar har dam

Shu bogʻning quchogʻida.

 

Gulchi qizning xizmatin

Kim eʼtirof etmaydi?

Mehmon boʻlib kelganlar,

Aslo, quruq ketmaydi.

 

 

Odobli bola

 

Mehmon kelib tunov kuni

Yozildi keng dasturxon.

Qand-qurs, asal qoʻyildi,

Tortlar bilan patir non.

 

– Oling! Oling! – Boshlandi,

Men ham qatorda borman.

Oʻynab turar koʻzlarim,

Tortga esa xumorman.

 

Biroq, qoʻlni choʻzmadim,

Fursat kelib yetguncha.

Odob saqlab oʻtirdim,

To mehmonlar ketguncha.

 

Qoʻzi ISMOIL

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.