Taqdir

0
195
marta koʻrilgan.

Ayb mendamas, gulim,

hislarim yondi,

Sizni chindan sevdim, gunohim yoʻqdir.

Boshimga tushganin koʻz koʻrar endi,

Koʻzimni yoʻllarga bogʻladi taqdir.

 

Bunchalar goʻzalsiz, bunchalar nafis,

Dod deymi, oh deymi, yolvoray – netay?!

Koʻnglimning tubida ochilgan nargis,

Sizga zilol suvday qoʻshiqlar aytay.

 

Balki sezmassiz ham, bu munis nigoh

Jonimga qanchalar lazizligini.

Momoguldurakday yuragim shu choq

Bir titroq oldida ojizligini.

 

Bilaman, oʻy koʻp-u, yoʻqdir imkonim,

Sizga yetmoq qayda, siz oyday olis.

Jonim, oʻrtanadi endi bu jonim,

Jonimni maydalab yoqib borar his.

 

Netay, oʻz koʻnglimga yetmaydi kuchim,

Ortga qaytay desam endi yoʻl yoʻqdir.

Umrimni siz bilan bogʻlamasa ham,

Koʻzimni yoʻllarga bogʻladi taqdir.

 

Orif Tolib

 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.