Tanlaganim bor

0
229
marta koʻrilgan.

Chorbogʻiga ilhaq boʻylaganim bor,

Tun-kechalar bedor oʻylaganim bor.

Ismini koʻksimga joylaganim bor,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Kapalakdek ming xil gulni quchgim yoʻq,

Boshqa nigohlardan mehr ichgim yoʻq.

Yuragimga undan yaqin hech kim yoʻq,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Qarashi maʼnoli, koʻzi maʼnoli,

Yuragimga oziq – soʻzi maʼnoli.

Goʻzal arazlari, nozi maʼnoli,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Vafo qilar boʻlsa ahdu paymonga,

Narvonsiz yetadi boʻyim osmonga.

Goh umid, goh hadik soladi jonga,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Qoshda oʻsmasidan rashk qilaman-u,

Belda tasmasidan rashk qilaman-u,

Belin qismasidan rashk qilaman-u,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Jonimni kiprikka ilib turibdi,

Yuragi menga sal ilib turibdi.

Bilmaysiz, lekin u bilib turibdi,

Shu qizlar ichida tanlaganim bor.

 

Orif Tolib

 

2011

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.