Suhbat qurmoq istasang

0
101
marta koʻrilgan.

Tong

 

Tong otmoqda, oppoq tong,

maysa shudringga qondi.

Koʻzlarini ishqalab,

ana, quyosh uygʻondi.

 

Mayin jilmayganicha

koʻkka tomon yoʻl oldi.

Ufqda-chi, qip-qizil

faqat toʻshagi qoldi.

 

Shamol

 

Maza, maza, kimga maza,

shamolga maza?

Dala, qirda armon bilmay,

oʻynaydi rosa.

Bulutlardan yasar turfa

shaklu oʻyinchoq,

Daraxtlarning qaddin egib,

kuladi quvnoq.

 

Yomon, yomon, kimga yomon,

shamolga yomon.

Aniq borar manzili yoʻq,

elar har tomon.

Yolgʻizlikdan, oh chekibmi,

ayozli tunlar,

Derazamga boshin urib,

boʻridek uvlar?

 

Tuyaqush

 

Tuya desang, tuyamas:

pati bor, qanoti bor.

Qush desang ham kelmas mos,

tuya degan oti bor.

 

Oʻylab-oʻylab boshimga

bir gap keldi, xullasi:

Tuyalarning qushi u,

qushlarning-chi tuyasi.

 

Kungaboqar dalasida

 

Oftobachalar

behisob,

Saboq berar

tob-tob.

 

Oʻrgatar ul

kulishni,

Nafis kokil

oʻrishni.

 

Yumronqoziq

 

Yer ostida ming xona

qurib qoʻydi pinhona.

Hayrondir endi, biroq,

oʻtkaza olmay chiroq.

 

Qora mushukcha

 

Oyi, qora mushukchaga

popuk taqib qoʻyaylik.

Oyi, qora mushukchani

oppoq rangga boʻyaylik.

 

Shunda, qora mushukchani

quvmas daydi bolalar.

“Falokatning belgisi”, deb,

atamaydi xolalar.

 

Hamma uni koʻrgan oni

deydi: “Buncha chiroylik!”

Oyi, qora mushukchani

oppoq rangga boʻyaylik.

 

Gullar

 

Tili bordir

gullarning,

Soʻzi – hidi

ularning.

 

Suhbat qurmoq

istasang,

Basdir, oʻrtoq,

hidlasang.

 

Koʻprik

 

Koʻngillarni

xush etar,

Sohillarni

esh etar.

 

To bu doʻstlik

buzilmas,

Umri uning

uzilmas.

 

Maʼmur QAHHOR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.