Soʻzdan taqdir qurdim

0
166
marta koʻrilgan.

 * * *

U bogʻda sen qolding –

Daraxtlar bilan.

Qushlar bilan qolding. Tushlaring bilan…

Yuragingdan meni aylading barham,

Qandaydir beqaygʻu ishlaring bilan.

Begona mavzular suhbatida tang

Soʻzlaringda nega sheʼr yoʻq? Bilmaysan.

Faqat qurib qolgan daraxtni koʻrsang,

Yigʻlaysan…

Negadir oʻksib yigʻlaysan.

 

* * *

Mudom tushlarimga kirar oʻsha bogʻ:

Goh gullab kiradi,

Sargʻarib goho.

Dil gʻussa yukidan ogʻir tortgan chogʻ,

Hatto hushimda ham boʻladi paydo

Koʻzlarimni yumsam…

Koʻzimni yumsam,

Tuyaman olisdan bir oʻtligʻ sasni –

Hanuz joʻrovozmi, u bogʻ sen bilan,

U mensiz kuylashni unutganmasmi?

 

 

 

 

Shamol

Chopar shamol – tovonlari hoʻl,

Chopar shamol – ming oyoq, ming qoʻl –

Silkinadi har oʻt, har daraxt.

Bu tulporga baribir oʻng-soʻl,

Yoʻlsizlik ham unga yoʻldir, yoʻl –

Yoʻqolmasa basdir harakat.

 

Dunyo botin tomirlarida

Harakatni tuyib – toʻlgʻonar,

Qancha mudroq jonlar uygʻonar.

Tiriklikning tadbirlarida

Bogʻlariyu adirlariga

Qat-qat hayot ongi chulgʻanar.

 

 

* * *

Jimjit oʻltiribman dunyo chetida,

Oltmishga kirganman. Charchogʻim behad.

Zimillar falakning jabri etimda,

Ogʻrir suyagimda zamon bergan dard.

 

Jimjit oʻltiribman. Soʻzda yoʻq matlab.

Notanish bilimga miyam toʻladir…

Endi, bu umrda boʻlmaydi yashab –

Yangi umr sari uchsa boʻladir.

 

 

Orzuning koʻrinishlari

 

Orzu – baʼzan bu tarzda boʻladi: koʻnglingga yoqadigan avtomobil, koʻp qavat imoratli uch-toʻrt hovli, Ispaniyoda villa, Angliyodagi qadimiy saroy, shahzoda Ulyams ishtirok etadigan bazm, kamida uch-toʻrt milliard yevro, “yaxta” deb atalgan maishat kemalar, jazmanlikka faqat “dunyoning eng goʻzali” va hokazo.

 

Orzu – baʼzan bu tarzda ham boʻladi:

Vatanni sevish, ozodlikka ishonish, haqiqatni tanish, bemalol yigʻlash, hech boʻlmasa, bir bor bozorda oʻylanmay pul sarflash, yiqilganni suyash, kulging kelsa – kulish, orzuning ortidan ketish, insofni har kun yaratib turish, faqat iymonning gapiga koʻnish, halolni “halol”, haromni “harom” deyish va hokazo.

 

 

Orzu – yana bu tarzda ham boʻladi:

bir parcha non,

bir parcha non,

bir parcha non,

bir parcha non…

Esingdan chiqmasin, orzu shu tarzda ham boʻladi.

Shu tarzda ham…

Esingdan chiqmasin.

 

 

* * *

Na takalluf,

Na taassuf,

Na “oh”, na “uf” –

Bilmagaysan.

 

Na jismingda,

Na bismilda –

Ishq – tilsimda –

Tinmagaysan.

 

Betakrorsan,

Beqarorsan,

Bebahorsan –

Umring – kuzak.

 

Na tahrirga,

Na tasvirga,

Na taqdirga –

Sigʻmagaysan.

 

 

Iqrorlik

Dunyomi? Teatr! Iqrorman, iqror.

Xudoga topshirib jonimni ammo –

Sahnaga otilib chiqsam necha bor

Dunyo tushinsin deb, takroru takror

Oʻzimning rolimni etaman ijro.

 

Birovning aytgani menga qilmas kor:

Boshimga tushsa ham necha malomat –

Sahnaga otilib chiqsam necha bor,

Birovning yozgani boʻladi bekor –

Oʻzimning rolimni oʻynayman faqat.

Koʻksin changallaydi qancha rejissyor –

Qoʻrqoq miyasiga qoni quyilgan –

Ammo menda yoʻqdir zarra ixtiyor,

Rolimni yozmishdir azaldan jabbor,

Menga, “adashma” deb, faqat buyrilgan.

 

Dunyo nodon emas, sezib turibdi:

Qancha baxtu taxtim sahnada qurbon.

Taqdir qirmiz qonday izib turibdi,

Garchi tahdid bagʻrim ezib turibdi,

Rolimni oʻynashga topaman imkon.

 

Qiziqchi emasman va yo taqlidchi –

Turfa qiyofadan yoʻq menda rohat.

Ha, dunyo – teatr! Haqsan, tanqidchi!

Garchi hayotimga bu hol tahdidchi –

Oʻzimning rolimni oʻynayman faqat.

 

 

* * *

Qanday omon qolay?

Axir,

yurakdan

oʻzimni tashlaganman,

yurakdan!..

 

 

Rivoyat

 

Bu yoʻl yolgʻiz emas – uchga boʻlindi…

“Borsa, kelmas” oldi mening koʻnglimni.

 

Garchi “Borsa, kelar” ayladi imo,

Menga buyurmagan qaytmoqni xudo.

 

“Yo kelar, yo kelmas” oʻyindir mujmal,

Men birdan qismatni etmoqchiman hal.

 

Taqdirga tik qarash bandasin rasmi:

Oʻyla: “Borsa, kelmas” umrdir, asli…

 

 

* * *

Esingdami, dedi, ayol, shishadevor qahvaxona,

devorlarni yuvib turgan bahorgi yomgʻir,

yomgʻirdan ham chiroyli oqqan musiqa?..

Ikkalamiz yuzma-yuz oʻltirgan edik,

oʻrtamizda esa bir dona qizil gul,

bir dona qizil gul…

Esingdami?

Esimda, dedi, erkak,

mana, senga shishadevor qahvaxona,

mana, senga yomgʻir, mana, musiqa,

qarshingda oʻtiribman, mana, yuzma-yuz,

oʻrtamizda esa bir dona qizil gul…

 

 

Yoʻq, dedi, ayol, eslagin, shishadevor qahvaxona,

shishadevor qahvaxona…

Bir marta eslagin!..

 

 

* * *

Nechun bizga devonaligʻ? –

Daraxtlikda sogʻ boʻlaylik.

Tanholigu begonaligʻ

Jondan oʻtdi – bogʻ boʻlaylik.

 

Sening bilan barg ochayin,

Sening bilan gullab qolay.

Bu dunyodan qanday oʻtib

Ketganimni bilmay qolay.

 

 

* * *

Odamlar aytganiga yurmadim,

Taqdirda turmoqni uqtirdim oʻzimga:

Daraxt oʻstirmadim, uy qurmadim,

Sheʼr qurdim,

daraxtlar oʻstirdim soʻzimdan.

 

Davrlar toʻfoni tegramda beshafqat,

Qancha toshlarini boshimga urdi.

“Men ham odamman”, deb, takrorladim faqat –

Soʻzdan taqdir qurdim.

 

Olamga qaradim:

dunyo qavat-qavat –

Ana, yurak dunyo, ana, qorin dun…

Men oyoq tiradim:

or-nomus ham bir davlat –

Shaʼn talashdim insonlar uchun.

 

Tuproqqa choʻktirdim har bir soʻzimni,

Har satrimni azobga taratdim…

“Biz ham odammiz”, deb,

toʻrt taraf urdim oʻzimni –

Dunyoga koʻngil yaratdim.

 

Tangriga intildim takroru takror –

Har ilhomda yangicha tanishuv.

Soʻzdan taqdir qurdim,

kechir, parvardigor,

Qoʻlimdan kelgani shu,

qoʻlimdan kelgani shu…

 

 

* * *

Nafasingdan

oʻzga

havo yoʻq.

 

Qafasingdan

boshqa

ozodlik.

 

Yorugʻlik yoʻq

koʻzingdan boshqa.

 

Bor harakat –

senga intilish.

Barcha qaytish sendan –

oʻlimdir.

 

Sogʻinchingdan

boshqa

yashash yoʻq.

 

Hijroningdan boshqa

fojia.

 

Endi menga

vido ayt,

ketay –

takror-takror

aytib ismingni.

 

Tirikligim

faqat ismingda –

 

juda koʻpdir

ismingda

hayot…

 

 

Oltmish ikki yoshimning

mezon oyi

Qanday ipak havo? Chulgʻansam boʻlar,

Yoki qushday uchsam, baliqday suzsam,

Yoxud tush ichinda uygʻonsam boʻlar,

Oʻzga dunyolarda toʻlgʻansam boʻlar –

Magar hayot tarzin sarhadin buzsam.

 

Yashasam boʻladi oʻtgan kunlarda,

Kelajak damlarga yetsam boʻladi,

Armonlar ortidan ketsam boʻladi.

Jonim bismillikka tayyor! Munglarda

Dunyoni bitta sheʼr etsam boʻladi.

 

Mezonlar havoda uchadi behol,

Mungranib-mungranib boʻzlaydi koʻngil.

Soʻzsiz bir soʻzlarni soʻzlaydi koʻngil.

Ne oydir? Ne fasl? Ne erur bu hol? –

Qaytmoqmas, ketmoqni istaydi koʻngil.

 

Qismat yetib keldi qaysi joylarga,

Boshga neki tushar – afgʻoni yoʻqdir?

Koʻngil boshlab borar meni qaylarga? –

Bu damda koʻngilning poyoni yoʻqdir.

 

Usmon AZIM,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.