Soʻz oʻyini – zoʻr oʻyin

0
928
marta koʻrilgan.

Jumboq bola

 

Qor desang, bobo deydi, (qorbobo)

Muz bilan qaymoq yeydi. (muzqaymoq)

Teshikdan kulcha koʻrar, (teshikkulcha)

Atirni gulday terar. (atirgul)

 

Toshli baqa boʻlar, der, (toshbaqa)

Soat qumga toʻlar der. (qumsoat)

Chechakni boy deb aytar, (boychechak)

Boltani oy deb aytar. (oybolta)

Oʻzi qandoq bola bu,

Ajib jumboq bola bu!

 

Soʻzboylovchi

 

Soʻz sehrli deydilar,

Demak, tilchi – sehrgar.

“S” oʻrniga “M” qoʻysa,

“Sehr” doʻnar “mehr”ga.

 

“A”ni olib bir zumda

“Ayoz”ni “yoz” qiladi.

“Oz” oldiga “S” yozib,

Ajoyib “soz” qiladi.

 

Uchiradi “qovoq”ni

“Ari” qoʻyib yoniga, (Qovogʻari)

Yurgizadi “oyoq”ni

Qoʻshib “sakkiz” soniga. (Sakkizoyoq)

 

Turli gullar koʻp, biroq

“Karnay”ni ham “gul” qilar. (Karnaygul)

Tartib bilan yuring deb,

“Yoʻl”larga “chiroq” ilar. (Yoʻlchiroq)

 

Soʻzboylovchi soʻz saylab,

Koʻngillarni xushlasin.

Lekin sira koʻz boylab,

“Nay”ga “rang”ni qoʻshmasin. (Nayrang)

 

Harflarga hazil(lashma)

 

“Nina”ga “chi”ni qoʻshdim (ninachi)

Uchib ketdi pirillab.

“Kit”dan “k”ni oluvdim, (it)

Jahl qildi irillab.

“Tosh”in tashlab toshbaqa (baqa)

Tilga kirdi “qur”illab.

“Boʻr” bilan “i”ni yozdim (boʻri)

Qoching endi zirillab.

 

Bosh harfi olinsa…

 

Zoʻr “sher” “er”ga aylanib,

“Toy” osmonda “oy” boʻlar.

Ulkan “tuya” kichkina,

Qushlarga in-joy boʻlar. (uya)

“Buloq” oʻynar “uloq”day,

“Quyon” “uyon” boqadi.

Ertakdagi “pari”lar

“Ari” boʻlib chaqadi.

“Tosh”dan “T” tushib qolar,

Oh, mazali “osh”-da u.

…Ne xayollar kelmaydi,

Bosh harf emas, bosh-da bu.

 

Ehtiyot shart

 

“Qop” turibdi, “qoʻl” bersang,

“Qoʻlqop” boʻlar, kerakli.

“Qop”ga “lon” qoʻshilsami, (qoplon)

Qoch, hovuchlab yurakni.

Tinch “yoʻl” ham “bars”i boʻlsa (yoʻlbars)

Xavotirli boʻladi.

“Zar” oʻralsa “pechak”ka, (zarpechak)

Yashnamaydi, soʻladi.

 

Teskari oʻqiganda

 

“Qoʻy”ni ters oʻqisang,

“Yoʻq” boʻlib qolar.

“Zogʻ” birdan “gʻoz” boʻlib,

Gʻoʻddayib olar.

“Kit” esa “tik” holda

Suzadi sekin.

“Kiyik” va “kuchuk”-chi,

Oʻzgarmas lekin.

Qay yondan oʻqisang,

Bir xil “quduq” ham.

Qizigʻ-a, oʻzgarmas,

Oʻzi “qiziq” ham.

 

Yozuv “yovuz” boʻlmasin

 

“Q” oʻrniga “F” yozsang,

“Qil”dan “Fil” paydo boʻlar.

“Gado”ning boshin olsang,

Albatta, “Ado” boʻlar.

“Bulbul”ni “Gʻulgʻul” dema

“B” oʻrnin “Gʻ” olmasin.

“Z” oʻrniga “R” yozma,

“Koʻz” “koʻr” boʻlib qolmasin.

“S”ni “L”ga almashib,

Tiniq “Soy”ni “Loy” qilma.

Harflarni chalkashtirib,

Gapni poyma-poy qilma.

 

Dilshod Rajab

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.